Erdogon va Putin tandemi: Endi Liviya
Liviya masalasiga kirishishdan oldin bir oz Suriyaga to‘xtalib o‘tsak. O‘shanda bu tandemga AQSh manfaatlarini himoya qilish yuklatilgani oydinlashadi. Suriyada qo‘zg‘olon boshlanganda zulmga qarshi chiqqan xalq Suriya prezidenti Bashar Asadni qulatishiga oz qolganida AQSh o‘z malayi Asadni qutqarib qolish uchun Eron, Rossiya, Turkiyani urushga tortdi. Eron bilan Rossiya oshkora Asadni qo‘llab-quvvatlab, musulmonlarni qirg‘in qildi. Turkiyaning (Erdogon boshida turgan turk rejimining) ham maqsadi Asadni qutqarish bo‘lgan, sababi, u ham AQSh malayi!!! Biroq, islomiy tuyg‘ular qo‘zg‘olonchi musulmonlar tomonida bo‘lgani sababli Turkiya ayyorlik yo‘liga o‘tdi. Turk rejimi qo‘zg‘olonchilarga qurol-yaroq, pul berish orqali ularning siyosiy erki, qarorlari va urush maydonidagi yo‘nalishlarini nazorat qila boshladi. Keyin Turk rejimi “Efrat qalqoni”, “Zaytun novdasi”, “Tinchlik bulog‘i” deb nomlangan harbiy amaliyotlarni boshlab, xolis qo‘zg‘olonchilarni Bashar Asadga qarshi urushga emas, boshqa yo‘nalishga soldi. Buning natijasida mujohidlar yuqoridagi amaliyotlarga jalb qilinganidan Asadga qarshilik qilayotgan frontlar zaiflashib, Asad rejimi qo‘zg‘olonchi musulmonlarning ko‘p hududlarini egallab oldi. Shu tarzda Turk rejimi Asadga qo‘zg‘olonchi musulmonlar yerlarini egallab olishiga imkoniyat yaratib berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Turkiyaning Suriyadagi amaliyotlarida 80 mingdan ziyod qo‘zg‘olonchi musulmonlar ishtirok etmoqda. Agar bu ulkan sondagi qo‘shin Asad rejimiga qarshi urush olib borganida, ular qamalda qolgan Idlibni ozod qilibgina qolmay Damashqqa ham yetib borishgan bo‘lar edi, biroq, Turkiya rejimining maqsadi bu emas. Shunday qilib, Erdogon va Putin tandemi Suriyadagi harbiy va siyosiy vaziyatni to‘la qo‘lga olib, Bashar Asad rejimini mustahkamlash harakatlarini olib borishmoqda. Bu tandem Suriyadagi harbiy vaziyatni nazorat qilyapti: Rossiya Asadga harbiy yordam ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Turkiya qo‘zg‘olonchilarni Asadga qarshi kurashdan tiyib turipti. Shuningdek, bu tandem Suriyadagi siyosiy vaziyatni ham nazorat qilib kelyapti: Asadni saqlab qolishga qaratilgan konferensiyalarni o‘tkazib, konstitusiya loyihasini tayyorlab bermoqda.
Liviyadagi vaziyatga qisqacha to‘xtalib o‘tsak, Qazzofiy rejimi qulaganidan so‘ng Liviyada ikki hokimlik paydo bo‘ldi: biri Yevropaga malay Milliy kelishuv hukumati (MKH), ikkinchisi, AQShga malay fel’dmarshal Haftar hokimiyati. Hozirgi vaqtda Haftar o‘z qo‘shini bilan MKH joylashgan Tripolini qamal qilib turipti. Liviyadagi vaziyat ham Suriyadagi holatga o‘xshab bormoqda. Bu yerda ham Rossiya va Turkiya rejimlari AQSh malayi Haftarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilishmoqda. Rossiya ochiqchasiga Haftarning yonini olib, harbiy tomondan qo‘llab kelyapti. Turkiya rejimi bo‘lsa MKHni qo‘llashini ma’lum qildi va harbiy maslaxatchilarini Liviyaga jo‘nata boshladi. Shu o‘rinda Haftar Amerikaning malayi bo‘lsa, Erdogon Haftarni qo‘llashi kerak emasmi degan savol paydo bo‘ladi. Savolning javobi shunday: hozirgi vaziyatda Turkiyani Haftar tomonida turgandan ko‘ra MKH tomonida turib harakat qilishi AQSh uchun foydali. Sababi, asosiy maqsad – Haftarni hokimiyatga olib kelish yoki yangi hokimiyatdagi muhim xizmatlarni uning qo‘liga topshirish. Buning uchun Milliy kelishuv hukumatini zaiflashtirish kerak.
Turkiya MKH qo‘llab-quvatlab, shu bilan bir vaqtda uni qanday qilib zaiflashtiradi? Bu quyidagicha! Haftarga qarshi kurashayotgan MKH qo‘shini safida islomiy jamoatlar va mo‘’tadil islomni ushlagan jamoatlar ko‘p. Bundan tashqari, Liviyada Ko‘ro‘g‘li deb ataluvchi turklar yashaydi, ular Liviya xalqining tahminan 22 foizi (1,4 million)ga barobar. “Tripolini mudofaa qilishda Milliy kelishuv hukumatiga yordam berayotgan harbiy qo‘shinning 80 %ni Ko‘ro‘g‘li turklari tashkil etadi”. (“Yeni Akit” (Tүrkiya), 15.01.20). Tүrkiya rejimi Suriyada qilgani kabi bu yerda ham shu islomiy tuyg‘uga ega jamoatlar va turklarni aldab o‘ziga tortib, ularning erki, qarorlari, urush maydonidagi harakatlariga ta’sir qilmoqchi, boshqacha aytganda urush maydonida Haftarga qulay muhitni yaratib bermoqchi.
Bularga qo‘shimcha, Rossiya bilan Turkiya Liviya masalasiga aralashib, o‘zlarini Liviyadagi asosiy o‘yinchilarday ko‘rsata olishdi. Boshqacha aytganda, bu tandem Liviyadagi harbiy va siyosiy vaziyatni – Liviya kelajagini to‘liq qo‘lga ola boshlashdi. Shu sababli Yevropa MKHni, ya’ni, Liviyadagi ta’sirini saqlab qolishga shoshilib, 19-yanvarda Berlinda Liviya bo‘yicha konferensiya o‘tkazishga qattiq harakat qilmoqda. “Aslida ular (evropaliklar) Liviyada tobora kuchayib borayotgan rus-turk o‘qi bilan to‘qnashishlariga to‘g‘ri keladi. Moskva va Anqara bir-biriga qarshi turgan lagerlarni qo‘llayotgandek ko‘rinadi: ruslar Haftarni va turklar MKHni qo‘llab-quvvatlayotgandek. Biroq, ular kelajakda siyosiy qarorlarning kafili bo‘lish uchun birgalikda harkat qilishmoqda. Xuddi, Suriyada birga harakat qilishganidek”. (“Le Monde”, (Fransiya) 17.01.20).
Rossiya va Turkiya rejimlari bir-biriga qarshi tomonda turgandek ko‘rinadi, biroq maqsadlari bir: Suriyada Bashar Asadni saqlab qolish va Liviyada Haftarni hokimiyatga olib kelish. Bu natijalar esa AQSh manfaatlarigagina xizmat qiladi.
Xorun Abdulhaq