Iroq, Livan va Erondagi xalq harakatlari

532
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

Iroq, Livan va Erondagi xalq harakatlari

Savol: 2019 yil 5 noyabrdagi nashramizda aytilganidek, Iroq, Livan va Erondagi xalq harakatlarining o‘z-o‘zidan tabiiy boshlanganini bilamiz. Hozir ham shunday turibdimi? Bu uch davlatda Amerika asosiy nufuz egasi ekan, u erda Evropaning ham biror roli bormi? Bu uch davlatdagi vaziyat qanday bo‘lsa, o‘shanday qoladimi yoki Amerika u yoki bu malaylarini normal tarzda yoxud armiya orqali almashtirmoqchimi, masalan, Sudan va Misrda qilgani kabi? Alloh ajringizni bersin.

Javob: Ushbu savollar javobi oydin bo‘lishi uchun quyidagilarni bayon qilamiz:

Birinchi: Norozilik namoyishlari va uning sabablari:

To‘g‘ri, uchala davlatdagi norozilik namoyishlari o‘z-o‘zidan tabiiy boshlandi va buning sabablarini quyidagicha aytib o‘tamiz:

1 – Iroq noroziliklari:

Iroqdagi xalq norozilik namoyishlari 2019 yil oktyabr oyining boshrog‘ida boshlanib, Bag‘doddagi ko‘prik va boshqa asosiy yo‘llarni berkitish darajasiga etib bordi. Bu namoyishlar yurtdagi iqtisodiy ahvolning yomonlashgani hamda hukumat organlarida ma’muriy va moliyaviy korruptsiya keng ildiz otib, ishsizlikning keng yoyilgani sababli kelib chiqdi. Odamlarning sabr kosasi to‘lib, turmushlari og‘irlashishi ortidan o‘z-o‘zidan tabiiy boshlandi. Chunki 16 yillik rejim shuncha vaqtdan beri na elektr muammosini hal etdi, na yoshlar va bitiruvchilarni ish bilan ta’minladi va na odamlarning biror ehtiyojini qondirdi. Vaholanki, yurt yirik neft boyligiga ega. So‘ng norozilik namoyishlari alanga oldi… Unda 350 nafar inson qurbon bo‘ldi, minglabi jarohat oldi va qamoqqa tashlandi. Hukumatning hamkori va Eronning do‘sti bo‘lgan partiyalarga qarashli ofislar yoqib yuborildi. Keyin 2019 yil 4 noyabrda namoyishchilar Karbalodagi Eron konsulligi yaqinida o‘t yoqib, toshlar otib konsulning shahardan chiqib ketishini talab qilishdi. 2019 yil 29 noyabrda Najafdagi Eron konsulligini yoqishdi… Bu noroziliklar Iroq hukumati uchun qattiq bosh og‘rig‘i bo‘ldi va nima qilishini bilmay qoldi… Ayniqsa, Bag‘dod, Nosiriya, Karbalo, Najaf kabi janub shaharlarida shunday bo‘ldi. Bu hududlar rejim o‘zini salmoqli darajada xalq bazasiga egaman deb hisoblaydigan hududlardir. Namoyishlarning shiddatligi tus olganligi sababli Abdulmahdiy hokimiyatga ortiqcha chirmasholmay qoldi va 2019 yil 30 noyabr kuni iste’fo berdi, parlament uni 2019 yil 1 dekabrda tasdiqladi.

2 – Livan noroziliklari:

Livandagi iqtisodiy vaziyat to‘liq yoki deyarli qulash arafasida turibdi! «Livanning davlat qarzi 2019 yil boshida 85.32 milliard dollarni tashkil qildi». (Arabiy Jadid, 2019 yil 15 mart). Bu – ulkan qarz bo‘lib, uning to‘lash kerak bo‘lgan foizi Livan davlati daromadining qariyb yarmini eb yuboradi: «Davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 152 foizni tashkil qiladi va qarzdan kelib chiqqan foiz davlat daromadining qariyb yarmini eb yuboradi». (Bi-Bi-Si, 2019 yil 28 oktyabr). Bu kapitalizm jinoyatlaridir. U (Livanda yuqori darajadagi ishsizlikni keltirib chiqardi. Natijada, 35 yoshgacha bo‘lgan ishsizlar 37 foizni tashkil qiladigan bo‘ldi». (Bi-Bi-Si, 2019 yil 26 noyabr). Siyosiy sinfning xalqqa keltirgan bunday iqtisodiy vayronagarchiligi manzarasida, «WhatsApp» messenjeridan foydalanishiga soliq joriy qilinishi 2019 yil 17 oktyabrda Livan ko‘chalarida namoyishlar alanga olishiga olib keldi… Yurt janubidagi deputatlarga tegishli ofislarga o‘t qo‘yildi… Bayrut, Nabatiya va Sur shaharlari olov iskanjasida qoldi… Natijada, ommaviy namoyishlar boshlandi. So‘ng ko‘p o‘tmay, noroziliklarda nafaqat hukumat iste’fosi, balki siyosiy elitaning yoppasiga o‘zgartirilishi talab qilina boshladi. Davlat xavfsizlik xizmati «maslahati» asosida, Eron Hizbi (hizbulloh) tarafdorlari 2019 yil 24-25 oktyabr kunlari barcha norozilik maydonlariga suqilib kirib, namoyishchilarni qo‘rqitishga urindi… so‘ng Eron Hizbi va Amal harakati tarafdorlari yana Bayrutga qaytishdi!

3 – Eron noroziliklari:

Eron rejimining ahvoli ham o‘zining atrofidagi – Iroq, Livan va ilgariroq Suriya – rejimlari ahvolidan yaxshi emas. Chunki Eron rejimi boshqaruv nazariyasiga ega emas. Bu esa, Inqilob Qo‘riqchilari Eron iqtisodiyotining yirik tarmoqlarini nazorat ostiga olishiga olib keldi. Shuningdek, bu rejim yurt chetlaridagi forsiy bo‘lmagan mintaqalarga e’tiborsiz qaradi va bu davlat chekkalarida qator tang ahvoldagi shaharlarning paydo bo‘lishiga, davlat markazi va chegalaridagi iqtisodiy vaziyatning portlash arafasiga kelib qolishiga sabab bo‘ldi. O‘zining yadroviy dasturi va raketalari bilan maqtanuvchi bir rejimning xalqi benzin tanqisligi uchun norozilik namoyishi ko‘tarishi, juda xijolatli hol! Benzin tanqisligi esa, neftni qayta ishlash zavodlarining ozligi bilan bog‘liq. Vaholanki, bu o‘z xalqining ishlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan davlatlar uchun qiyin sanoat emas. Keyin, 2017 yildan beri Eronda benzin iste’moli qariyb 40 foizga oshdi hamda Xormozgan viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodi ishlamay qoldi. Biroq shunga qaramay, narxlardagi tafovut tufayli benzinning aksar qismi jinoyatchi to‘dalar tomonidan kontrabanda yo‘li orqali xorijga olib chiqib ketiladigan bo‘ldi. Vaholanki, davlat bu jinoyatni bilib olishi qiyin emas. Bu esa, davlatning o‘zidagi eng muhim resurslardan biri bo‘lgan neftni idora qila olmayotganiga yana bir dalildir! Bundan tashqari, davlat benzin narxini 300 %ga oshirdi va buning oqibatida 2019 yil 15 noyabrda Tehron bilan Eronning boshqa o‘nlab shaharlarida norozilik namoyishlari boshlandi. Banklar yoqib yuborilishi, davlat mulklariga, xavfsizlik va davlat idoralariga hujum qilinishi manzarasida namoyishlar kuchayib ketdi. Hukumat namoyishchilar bir-birlari bilan aloqa qilmasligi uchun Internetni uzib qo‘ydi. Darhaqiqat, rejim ayni norozilik harakatlariga nisbatan yuqori darajada zo‘ravonlik qo‘llashga, temir va olov bilan bostirishga o‘tdi: «Ayni damda Eron xavfsizlik xizmati namoyishchilar bilan repressiv munosabatda bo‘lmoqda. 23 noyabrda Eron muxolafati quyidagilarni ta’kidladi: namoyishlarda o‘lganlar soni 300dan oshdi, ulardan 99 nafarining nomlari hujjatlashtirildi, jarohatlanganlar 4000dan oshdi, hibsga olinganlar 10 ming shaxsni tashkil qildi… Inqilob Qo‘riqchilari jasadlarni kasalxonalardan noma’lum tomonga olib ketishdi». (Independent Arabiyya, 2019 yil 24 noyabr).

Ikkinchi: Uchala davlatdagi noroziliklar hamon Evropa aralashuvisiz tabiiyligida davom etyaptimi?

Evropa bu noroziliklardan foydalanishga urindi… Biroq uning ta’siri Amerikaning uchala davlatdagi nufuzini yorib kirishga kuchsizlik qildi. Buni quyidagicha bayon qilamiz:

1 – Evropaning Iroqdagi urinishlari:

Hozirgina aytganimizdek, Iroqdagi noroziliklar janubiy hududlarda kuchayib, asosan, shialar yashaydigan erlarda ko‘proq davom etmoqda. Evropaning, ayniqsa, Britaniyaning bu norozilik namoyishlaridan foydalanishga urinishi ehtimoldan xoli emas edi. Garchi namoyishlarda Britaniya aralashuvining borligi to‘g‘risida biror ishonarli dalil yo‘q esa-da, biroq Eron bu masalani e’tibordan qochirmadi, hatto uni o‘zi uchun xavf, deb hisobladi. Shuning uchun Tehron jomesi imom-xatibi Muhammadali Muvahhidiy Karmo juma xutbasi chog‘i iroqlik namoyishchilarni «inglizlar shiasi», deb atadi… U «ayrim adashgan jamoalarni biz ingliz shialari, deb atayapmiz, ular iroqlik xalq orasiga suqilib qirib olishdi», deya qo‘shimcha qildi. («Iran International» telekanali, 2019 yil 1 noyabr). Imomning bu gapidan ko‘rinib turibdiki, Eron rasmiylari Britaniyaning namoyishlardan foydalanishidan cho‘chishyapti. Bundan tashqari, Eron namoyishchilarni inglizlarga malaylik qilishayotganlikda ayblashga urindi. Britaniyaning namoyishlarni qo‘llab-quvvatlayotgani, yaqqol ko‘rindi: «Britaniya elchixonasi o‘zining Tvitterdagi rasmiy sahifasida – bu tinchlik namoyishlari Iroq xalqi huquqlaridan biridir»…, «namoyishchilarga zo‘ravonlik qilish, qabul qilib bo‘lmas ishdir», «jarohatlanganlarga va qurbon bo‘lganlar oilalariga duo qilib qolamiz», kabi so‘zlarni yozdi». (Rossiya Sputnigi, 2019 yil 5 noyabr). Britaniyaning davlat vaziri Endryu Myurisonning «Ayn» veb-saytida 2019 yil 27 oktyabrda nashr qilingan so‘zlari ham aynan shu yo‘sinda.

2 – Evropaning Livandagi urinishlari:

Ma’lumki, AQSh va Evropa tobelari Livanda quturib-izg‘ib yurishadi. Shuningdek, AQShning Mishel Aun va Nabix Berri kabi bevosita tobelarining hamda Hizbulloh kabi Eron orqali bilvosita tobelarining moddiy jihatdan kuchli ekani ma’lum. Evropa (Britaniya va Frantsiya)ning tobelari esa, Samir Ja’jaa va Valid Jonpo‘lat kabi, zaif tomon hisoblanadi. Sa’d Haririyga kelsak, u Evropadan ham zaif. Chunki uning bir oyog‘i Evropada, ikkinchi oyog‘i amerikaparast Saudiyada. Bu tobelarning birortasi mustaqil qaror qabul qilolmaydi. Balki hammasi ikkinchi tomonga mashaqqat tug‘diruvchi ishlar bilan band. Masalan, 2019 yil 19 oktyabrda Livandagi to‘rtta kuchli vazirlar, namoyishchilar tomonidan iste’foga chiqishlari talab qilinishi ortidan, hukumatdan ketishdi. 2019 yil 18 oktyabrda Sa’d Haririy inqirozni hal etish uchun 72 soat muhlat e’lon qildi. Keyin u 2019 yil 29 oktyabrda o‘zi iste’fo berdi va uning iste’fosi davlat prezidenti istagiga hamda Livanda xavfsizlik jihatidan hukmronlik qiluvchi Eron hizbi istagiga zid ravishda bo‘ldi.

So‘ng Frantsiya o‘zining tashqi ishlar vazirligidagi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika masalalari bo‘limi direktori Kristof Farnoni Livanga yubordi: «U Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron va Frantsiya hukumati nomidan maktub taqdim etdi. Maktubda Frantsiyaning Livandagi vaziyatdan tashvishda ekanini va bu vaziyatda Frantsiya Livanga yordam berishga tayyorligini bildirdi». (Arabiyya, 2019 yil 13 noyabr). Ammo frantsuz delegatsiyasi tashrifi Livandagi amerikaparastlarga maqbul bo‘lmadi. Vataniya rasmiy axborot agentligiga ko‘ra, Livan tashqi ishlar vaziri Bosil «Men Frantsiya delegatsiyasiga Livan inqiroziga hech bir tashqi tomonning aralashmasligini va undan foydalanmaslik shartligini bildirdim», degan.

Britaniya ham Livanga Richard Murni yubordi. Mur Aun bilan uchrashib, «Buyuk Britaniya azaldan Livan uchun muhim hamkor va yordamchi bo‘lib kelgan, bunga misol, o‘tgan yili Livan xavfsizligi, barqarorligi, gullab-yashnashi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash uchun 200 million dollar sarmoya yotqizdi», dedi. Yana davom etdi: «Muhimi, tinch norozilik namoyish o‘tkazish huquqini har doim hurmat qilish lozim. Biror tomonning norozilik harakatini zo‘ravonlik va qo‘rqitish orqali bostirilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi». (Independent arabiyya, 2019 yil 25 noyabr).

3 – Evropaning Erondagi urinishlari:

Eron rejimi odatdagidek, xorijiy til biriktiruv va tahdidlarga qarshi turishini iddao qilar edi: «Bugun Eron Inqilob Qo‘riqchilari qo‘mondoni general mayor Husayn Salomiy AQSh, Isroil, Britaniya va Saudiyaga – agar ular Eron bilan munosabatlarda «qizil chiziq»dan o‘tishadigan bo‘lsa – bevosita tahdid yo‘llashini bildirdi. Hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishchilarga Eron televideniesi orqali qilgan murojaatida Salomiy «Men AQSh, Isroil, Saudlar oilasi va Britaniyaga aytib qo‘yay: sizlar bizni maydonlarda qanday turishimizni ko‘rgansiz va bizga javob qaytara olmagansiz, bizning tarsakimizni hamma eshitgan», dedi. Yana davom etdi: «Ularga aytar so‘zimiz: qizil chizig‘imizdan o‘tmang, agar qizil chizig‘imizdan o‘tsangiz, sizlarni qirib tashlaymiz». (RT, 2019 yil 25 noyabr). Eron rejimi voqelikni go‘yo bu rejimdan azob-uqubatlar tortgan odamlar namoyish qilmayotgandek, balki namoyishlar ortida tashqi kuchlar turgandek ko‘rsatishga urindi! Ma’lumki, eronliklar noroziligi ularning qalblari va qonlaridan kelib chiqayotgani ochiq ko‘rinib turibdi! Biroq aftidan, Eron rejimi xorijiy kuchlar haqidagi ertak bilin o‘zini tinchlantirayotgan ko‘rinadi va hozirgina aytganimizdek, Tehron imom-xatibi namoyishchi shialarni ingliz shialari, deya aybladi!

Erondagi bu norozilik namoyishlari birinchi marta bo‘layotgani yo‘q va oxirgisi ham emas, albatta. Kuchli ehtimolga ko‘ra, u o‘z-o‘zidan tabiiy kelib chiqdi va xorijiy qo‘llarni ko‘rsatuvchi hech qanday dalil yo‘q. Eron namoyishlari ham Suriya namoyishlari kabidir. U Ummat ishlarini boshqarishda yomon siyosat olib boruvchi tog‘ut hukmdorlarga qarshi ko‘tarilgan xalqning namoyishidir.

Uchinchi: AQShning bu uch davlatdagi malaylarini almashtirishiga kelsak, buning bayoni quyidagicha:

1 – Bu uch davlatdagi ta’sir-nufuz Amerikaniki. Evropa (Britaniya va Frantsiya) esa, ayni nufuzni Amerika bilan baham ko‘rishga muvaffaq bo‘lolmadi.

2 – To Ummat Islom asosida to‘g‘ri qo‘zg‘alib, haqiqiy o‘zgarish yasagunga qadar, bu uch davlat hukmdorlari o‘z xo‘jayinlari bo‘lgan Amerikaning ularni almashtirish yoki ushlab turish siyosatiga bo‘ysunishda davom etishadi.

3 – Mustamlakachi kofir davlat istaydiki, malay hukmdor ularning manfaatlariga ishlasin. Qachon o‘sha hukmdor davrida odamlar qo‘zg‘alib, vaziyat beqarorlashib qolsa, unga ma’lum vaqt beradi. Agar uning shu vaqt ichida hokimiyatdagi o‘z ishini tartibga solish qo‘lidan kelmasa va xo‘jayiniga xizmat qilolmay qolsa, ana shunda xo‘jayin uni o‘zgartiradi. O‘zgartirishdagi quroli esa, demokratiya deyishayotgan narsa bo‘ladi hamda yangi malayning yuzi haydalgan malayning yuzichalik qora bo‘lmaydi. Buning uchun inqiroz o‘ta murakkab bo‘lmasligi kerak. Aks holda, o‘zgartirishdagi qurol harbiy bo‘ladi, xuddi 2011 yil Misrda va 2019 yil Sudanda bo‘lgani kabi.

To‘rtinchi: Ushbu uch davlatdagi voqea-hodisalarni ko‘rib chiqish natijasida biz kutilayotgan o‘zgarishni quyidagicha bayon qilamiz:

1 – Eron: Amerika Erondagi rejimni o‘zgartirishni istamayotgani to‘g‘risida kechayu kunduz bayonot bermoqda. Ya’ni, namoyishchilar har qancha o‘ldirilsa ham, Amerika rejimni menga xizmat qiladi, deb bilmoqda! Masalan, Eron rejimi tomonidan musulmonlar qoni oqizilayotgan bir paytda, amerikalik rasmiylar rejimni saqlab qolish to‘g‘risida bayonotlar berishdi: «Yakshanba kuni Oq uy rasmiylaridan biri uning davlati Eron rejimining o‘zgarishini istamayotganini ma’lum qildi». (Arabiyya net, 2019 yil 17 noyabr). Demak, xuddi o‘tgan yilgi noroziliklar sababli rejimda almashish bo‘lmagani kabi, 2019 yil noyabr oyidagi bu noroziliklarda ham Eron rejimida hech qanday o‘zgarish kutilmaydi.

2 – Livan: Aytib o‘tganimizdek, Livanda Amerika tobelari va Evropa tobelari mavjud bo‘lib, Amerika tobelari kuchli. Uning kuchliligi esa, o‘rtacha echimga muvofiq, kuchsizning yon berishini osonlashtiradi. Amerika bilan Evropa texno-siyosiy hukumat va texnokrat hukumat borasida ayricha fikrda! Nima bo‘lganda ham, ko‘proq ehtimol shuki, Amerika Livanda boshqaruv mezonini o‘zgartiradi va pasangi Amerika tobelari tomonga og‘adi, Evropa tobelari esa, uning tobelariga sherik bo‘lishadi, ammo juda oz shaklda… Keyin namoyishni tinchitish uchun namoyishchilar vakillarini ham hokimiyatga sherik qilinadi.

3 – Iroq: Amerika Iroqni parda ortida turib, deyarli bevosita boshqaryapti. Masalan, uning Bag‘doddagi elchixonasida o‘n olti ming nafar mulozimlari bor… Ular barcha iroqlik vazirlar ishlarini – ayniqsa, neft va xavfsizlik sohasida – kuzatib turishibdi. Amerika elchixonasi dunyoda eng katta elchixona hisoblanadi. Uning Iroqda harbiy bazalari ham ko‘p bo‘lib, ulardan eng mashhuri Anbar viloyatidagi «Ayn asad» nomli bazadir. O‘tgan oyning so‘nggi haftasida Amerika Iroqqa juda ko‘p safar uyushtirdi: 2019 yil 23 noyabrda AQSh vitse-prezidenti Pens kutilmaganda «Ayn asad»ga keldi. Uning Iroq safaridan bir hafta o‘tmay, 2019 yil 27 noyabrda AQSh Birlashgan shtab qo‘mondonlari raisi Mark Mayli Bag‘dodga safar qildi. Bu esa, Amerikaning Iroqni diqqat bilan kuzatib turganini anglatadi. Iroq Amerika uchun juda nozik davlat. Ayniqsa,  u erni bosib olgan va Iroqni taraqqiyotga olib chiqishini da’vo qilib, ammo uni beqarorlik va vayronadan boshqa narsaga olib borolmagan bir davlat uchun Iroq muhim davlatdir. Endi esa, inqiroz ketidan inqiroz kelib chiqyapti. Shuning uchun, agar yaqin vaqt ichida vaziyat tinchimaydigan bo‘lsa, Amerikaning Iroqda harbiy yo‘l bilan o‘zgarish yasashi va namoyishchilarni unga sherik qilishi kutilmoqda. Masalan, Misr va Sudan kabi davlatlarda qilgani kabi. Darhaqiqat, Iroqdagi amerikaliklar qo‘li bilan tuzilgan va eng yangi harbiy anjomlar bilan ta’minlangan «Terrorizmga qarshi kurash xizmati»ning noroziliklarni bostirish siyosatidan uzoq ekani kuzatildi. Aftidan, Tahrir maydonidagi namoyishchilar ham ayni kuchlar bizni korruptsiyachidan qutqaradi, deb hisoblayotgan ko‘rinadi. Chunki ular «Terrorizmga qarshi kurash xizmati» qo‘mondonlaridan biri general Abdulvahhob Soidiy prezident tomonidan ishdan bo‘shatilgandan keyin uning ulkan suratini ko‘tarib chiqishdi. Go‘yo namoyishchilar nazdida Iroqdagi bu kuch echimni amalga oshirishda rolь o‘ynaydigandek. Bu bir jihatdan. Boshqa jihatdan, mudom Amerika Bag‘dodda harbiy uchrashuvlar o‘tkazib, buning uchun delegatlarini yuborayotgan ekan, bundan tashqari, Bag‘dodda uning katta elchixonasi faoliyat qilayotgan ekan, bularning barchasi Amerikaning zarur payt uchun ma’lum bir rejani zaxirada ushlab turganini ko‘rsatadi.

Bunga prezident Abdulmahdiyning iste’foga chiqarilib, yangi muvaqqat prezidentning kelishi ta’sir qilmaydi va u muammoni hal qilmaydi ham, aksincha, bu vaqtinchalik narsa. Ya’ni, yara bitib-tuzalishi uchun ochiq qoldiriladi!

Nima bo‘lganda ham, ushbu uch davlatdagi ommaviy harakatlarning plyus va minus jihatlari bor. Plyus jihati, ular o‘z-o‘zidan tabiiy kelib chiqdi va hamon shunday davom etayotir. Minus jihati esa, bu harakatlar Alloh Subhanahu uchun xolis, Rosululloh ﷺga sodiq va haqiqiy roshid Xalifalikdan iborat Islom boshqaruviga olib boruvchi yo‘lni yoritib-ko‘rsatib beradigan bir etakchilikni hamon ushlagani yo‘q. Agar ommaviy harakat xolis etakchiliksiz davom etsa, so‘ng noto‘g‘ri yo‘lga burilib ketsa, u holda – xuddi o‘zi to‘qigan narsasini pishiq-puxta bo‘lganidan so‘ng parcha-parcha qilib buzib-chuvatib tashlagan xotinga o‘xshab – uning butun sa’y-harakati va bergan qurbonlari behuda ketadi…! Allohning O‘zi to‘g‘ri yo‘lga boshlovchidir.

       6 robius-soniy 1441h

       4 dekabr 2019m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.