“Qumtor”ga 16 ming gektar yer qaytarib berildi
“Tsenterra Gold Ink” kompaniyasi bilan tuzilgan yangi shartnomaga muvofiq, Issiqkoʻl viloyatidagi “Sari-Chati – Eer-Tash” davlat qoʻriqxonasiga kiritilgan 16 ming gektar yer kon qazish ishlarini olib borish uchun “Qumtor”ga qaytarib berildi. Bu maʼlumotni “Kыrgыzaltыn” ochiq aksiyadorlik jamiyati rahbari Almaz Alimbekov tasdiqladi.
Minglab gektar yer 2009-yildagi imtiyozli shartlar asosidagi bitim boʻyicha “Qumtor gold” kompaniyasiga ” oltin qazib olish uchun qoʻshib berilgan va shuning hisobidan Qirgʻizistonning “Qumtor”dagi aktsiyalari koʻpaytirilgan edi. Biroq, 2012-yili jamoatchilik bosimi ostida hukumat davlat qoʻriqxonasi hududidan ajratib berilgan yerni qisman qaytarib olgandi.
Yangi shartnomaga koʻra, qoʻriqxona yerlarini davlatga qaytarish boʻyicha 2012-yili qabul qilingan hukumat qarori bekor qilindi. Endi 2009-yildagi shartnomadagi yer ajratish shartlari toʻliq bajariladi.
“2009-yili shartnoma tuzilayotgan vaqtda “Qumtor”ga qoʻshimcha qazish ishlarini olib borish uchun 26 ming gektar yer ajratilgan. Biroq, 2012- yili hukumat bu qarorni bekor qilgan va ajratilgan yer maydoni 10 ming gektar boʻlib qolgandi. Shu tufayli biz 2009-yildagi shartnomani bajarish uchun 16 ming gektar yerni qaytarib berdik. Chunki, 2009-yildagi shartnoma asosida 26 ming gektar yer maydoni qoʻshimcha kon qazishga berilib, buning hisobidan bizning aktsiyalar koʻpaygan. Bunga qadar bizning “Tsenterra”dagi ulushimiz 15 foiz boʻlgan boʻlsa, keyin 33 foizga chiqqan”, – dedi Alimbekov.
Maʼlumot oʻrnida, “Sari-Chat – Eer-Tash” davlat qoʻriqxonasi 134 ming gektardan iborat. Qoʻriqxona hududida uzinligi 14 kilometrdan oshiq eng yirik Petrov muzliklari bor. Davlat qoʻriqxonasi 1995-yili tashkil etilgan. Oʻsha vaqtdagi uning chegaralarni aniqlagan qarorda Koyondu, Kara-Say va Uch-Kol hududlari qoʻriqxona egaligidagi yer maydonlari sifatida tasdiqlangan.
Izoh: Qirgʻiziston hukumati mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda yirik davlatlar tomonidan ajratganilgan yordam pullarini qoʻlga kiritish ilinjida mustamlakachi davlatlar tomonida tuzilgan xalqaro qonunlarni mazmun mahiyatiga yetmay duch kelgan xalqaro kelishuvlarga imzo chekavergan edi.
AQSh boshchiligida tashkil etilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti faqat yirik davlatlar manfaatlarini himoya qiluvchi turli tuman xalqaro qonunlarni qabul qilish orqali Qirgʻiziston kabi agrar davlatlarni siyosiy va iqtisodiy qaram holatda, qashshoqlikdan boshini chiqarmaslik hamda faqat xomashyo bazasi sifatida ushlab turishga xizmat qilib kelmoqda.
Qirgʻiziston hukumati “Tsenterra Gold Ink.” Kompaniyasi bilan imzolagan shartnomalar ham xalqaro qonunlar bilan himoya qilingan boʻlib, qirgʻiz hukumati bu qonunlarni buzish imkoniga ega emas. Agar qirgʻiz hukumati shartnomada erishilgan shartlarni bajarishdan bosh tortadigan boʻlsa mustamlakachi davlatlar kompaniyalari xalqaro sudlar orqali Qirgʻizistonga ulkan jarima soladi. Turli yillarda Qirgʻiziston hukumati bir qator xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan shartnomalarni toʻxtatib qoʻyganligi sababli xalqaro sud Qirgʻizistonga yuzlab millon dollar jarima toʻlash boʻyicha hukm chiqargan edi. Masalan, joriy yilning avgust oyida xalqaro arbitiraj sudi Kanadaning “Stans Energy Corp.”kompaniyasi bilan Kutisay konidan foydalanish boʻyicha shartnomani toʻxtatib qoʻyganligi sababli 24 million dollar jarima toʻlash majburiyatini yukladi.
Qirgʻiziston hukumati va “Tsenterra Gold Ink.” kompaniyasi oʻrtasida imzolanagan 2009-yili shartnoma ham qisman bajarilmagani uchun kompaniya Qirgʻizistonni xalqaro sudga bergan edi. Bu sudda Qirgʻiziston yutib chiqmasligi yuz foiz aniq boʻlgani sababli ham qirgʻiz hukumati avvalgi shartnomaga qaytishga qaror qilgan koʻrinadi. Bundan tashqari, 27-avgust kuni Qirgʻiziston hukumati va “Qumtor” oltin konini ishlatayotgan “Tsenterra Gold Ink.” kompaniyasi oʻrtasida ikki yil oldin imzolan strategik shartnoma kuchga kirdi. Kompaniya tomonlar oʻrtasidagi sud jarayoni toʻxtatilganini maʼlum qildi.
Sapar Isakov bosh vazirligi davrida imzolangan Strategik hamkorlikda “Tsenterra” qirgʻiz tomoniga 87 million dollar berishga rozi boʻlgan boʻlsa, endilikda bu miqdor 150 million dollarga koʻtarildi. Bu mablagʻ 2026- yilga qadar toʻlanadigan boʻldi. Amaldagi bosh vazir Abilgaziyevning soʻzlariga koʻra, avvalgi shartnoma bilan hozirda erilishgan kelishuv doirasida 63 million dollar qoʻshimcha mablagʻ olishga erishilgan.
Ha, qoʻshimcha mablagʻ qoʻlga kiritilibdi, ammo, 16 ming gektar yerimiz ketibdi-ku. Yana kompaniya oltin qazib olish jarayonida atrof-muhitga yetkazayotgan zararni toʻldirishning imkoni bormi?
Abdurahmon Odilov