Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyul kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Mirziyoyev mehmonlarni samimiy qutlab, Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasidagi uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini qayd etdi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan va davom etayotgan loyihalarning portfeli jami 5,2 milliard dollardan ortgan. Joriy yilning oʻzida Jahon banki 850 million dollardan ziyod boʻlgan hamda tadbirkorlik, maktabgacha taʼlimni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan yangi kreditlarni maʼqulladi.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, “Obod qishloq” dasturini birgalikda moliyalashtirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga doir loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Jahon banki 1944 yili AQShda boʻlib oʻtgan Bretton-Vuds konferentsiyasida tashkil etilgan boʻlib, Xalqaro valyuta fondi kabi yirik moliyaviy tashkilotdir.
Bu tashkilot “uchinchi olam” davlatlariga kredit va grantlar ajratib, bu olingan mablagʻlar evaziga qarzdor boʻlgan davlatlardan bir qator shartlarni bajarishlikni talab qiladi, agar mazkur davlatlar bu shartlarni bajarmasa koʻrsatiladigan yordam miqdorini kamaytirish yoki bekor qilish bilan tahdid qilib, ularni oʻz (AQSh) izmiga solishlikka harakat qiladi.
2001 yili oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, Jahon banki loyihalarining 60 foizi inqirozga yuz tutgan. Jahon banki qashshoqlikka qarshi kurashni oʻz oldiga maqsad qilib olgan boʻlishiga qaramay, uning yordam paketlarini olgan mamlakatlarda qashshoqlik kamayishi oʻrniga, aksincha ortib borgan. Bundan farqli ravishda Jahon bankidan hech qanday yordam olmagan davlatlar bu sohada muvafaqqiyat qozonishgani, koʻrsatib oʻtilgan.
Chunki, Jahon banki garchi kredit va grantlarni kam miqdordagi foiz evaziga berishiga qaramay, bu kreditni olgan mamlakatlardan elektr, kommunal xizmatlar va boshqa narsalarni narxini oshirishlikni talab qiladi va buni investorlik salohiyatini oshirishlik bilan oqlashga harakat qiladi. Ammo, shundoq ham qashshoq davlatda iqtisodiy qiyinchiliklar girdobida yashayotgan xalq yanada qashshoqlashib boraveradi.
Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi kabi moliyaviy tashkilotlar “uchinchi olam” davlatlarini qarz botqogʻiga botirib, iqtisodiy mustamlaka qilish uchun yirik davlatlar, xususan AQSh manfaatlarini roʻyobga chiqarish uchun tashkil etilgan. Shuning uchun ham bu tashkilotlar bilan aloqa qilishlik bilib turib oʻzini halokatga tashlashlik bilan barobardir.
Abdurahmon Odilov