Abdulaziz Komilov “Tolibon” delegatsiyasi rahbari bilan Afgʻoniston masalasini muhokama qildi
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Dohada yakshanba kuni “Tolibon” harakati delegatsiyasi rahbari Barodar Oxund bilan uchrashdi va u bilan Afgʻonistondagi tinchlik jarayoni, shuningdek, Afgʻonistonga iqtisodiy yordam koʻrsatish masalasini muhokama qildi. Bu haqda toliblar vakili Zabixulla Mujohidga tayanib “Interfaks” xabar qildi.
Toliblarning OAV uchun bayonotida aytilishicha, Qatardagi muzokaralarda Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev ham ishtirok etgan.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻonistonda tinchlikka erishish yoʻlida hamkorlik qilish va mamlakat iqtisodiy sektorida yordam koʻrsatish boʻyicha ishlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, rasmiy Toshkent vakillarining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston “Afgʻonistonning ichki ishlariga aralashishni istamaydi”.
Oxund oʻz navbatida, toliblar Oʻzbekistonning tinch yoʻl bilan yechim topishga qaratilgan saʼy-harakatlarini maʼqullashi haqida maʼlum qildi va Afgʻonistonni iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlayotgani uchun Oʻzbekistonga minnatdorchilik bildirdi.