Toshkentda olti davlat bosh shtab boshliqlari uchrashadi
21 fevral kuni AQSh markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari Jozef Votel Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari shtab boshliqlari bilan uchrashadi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Toshkentda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Pokiston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston qurolli kuchlari bosh shtabi boshliqlari, Qirg‘iziston qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari ishtirok etadi.
Anjumanda Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, terrorizm, giyohvand moddalar savdosi hamda kiber jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari muhokama qilinadi.
O‘zbekistondan anjumanda Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov ishtirok etadi.
Izoh: AQSh bilan Rossiyaning Markaziy Osiyodagi manfaatlari O‘zbekistonda to‘qnashdi.
Rossiya O‘zbekistonga AES qurib berish, ichki bozorlarini o‘zbek mahsulotlariga ochib berish hamda Afg‘onistonda “IShID” vahimasini bo‘rttirib ko‘rsatish orqali O‘zbekistonni KXShT doirasida o‘ziga tortmoqchi bo‘lyapti. AQSh esa katta moliyaviy kreditlar va investitsiya olib kirish bilan O‘zbekistonni o‘ziga rom qilmoqchi. AQSh investitsiya va savdo sohasida hamkorlik darajasini yuqoriga ko‘tarish maqsadida yanada ko‘proq bitimlarni bajarishga qaror qildi.
“Kecha senator Safoyevdan ruslar bilan ko‘proq bitimlar imzolanganligini bildik. Biz investitsiya va savdo darajasini ko‘tarish maqsadida yanada ko‘proq bitimlarni bajarishimiz mumkinligini tushundik. O‘zbekiston bilan imzolangan memorandumlarimiz bu hali boshlanishi, biz faqat oldinga harakat qilmoqdamiz”, – degan edi Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm o‘tgan yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumida.
Bundan tashqari, AQSh Markaziy Osiyoda O‘zekistonni liderga aylantirishga harakat qilib turli siyosiy ishlarni ham olib bormoqda. Bunga so‘ngi vaqtlarda O‘zbekiston poytaxti Toshkentda AQSh boshchiligida bo‘lib o‘tayotgan konferensiyalar misol bo‘la oladi.
19 fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan va ikki kun davom etgan “Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada dunyoning qirqqa yaqin davlatidan 100 dan ortiq vakillarning ishtirok etishdi. BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur konferensiyada AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya va Xitoy kabi yetakchi davlatlar, Yevropa Ittifoqi, Shimoliy kengash, Amerika davlatlari tashkiloti, Arktika maslahatlashuv kengashi mintaqaviy tuzilmalari, Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti, Yevropa investitsion banki va boshqa xalqaro moliya institutlari ham hozir ishtirok etishdi.
Mazkur konferensiya tugashi ortidan O‘zbekistonga AQSh markaziy qo‘mondonligi rahbari Jozef Votel tashrif buyurdi.
Ha, O‘zbekiston bu ikki katta davlat o‘rtasida talashda qoldi. Lekin O‘zbekistonga taklif qilinayotgan bu ikki tomonlama manfaatlar, aslida O‘zbekiston xavfsizligi uchun xatarli holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki AQSh ham, Rossiya ham O‘zbekiston bilan faqat iqtisodiy manfaatlar uchungina aloqa o‘rnatishmoqchi emas. Balki ularning har birining bu mintaqada o‘z manfaatlari bo‘lib, birining manfaati ikkinchisinikiga to‘g‘ri kelmaydi. Bu esa O‘zbekistonda xalqaro siyosatga ta’sir ko‘rsatuvchi davlatlar o‘rtasida to‘qnashuv kutilayotganidan darak beradi.
Abdurahmon Odilov