Tojikiston: Chet elda diniy taʼlim olgan talabalarning ota-onalari javobgarlikka tortiladi
Tojikistonda boʻlib oʻtgan hukumat yigʻilishida konstitutsiyada koʻrsatilgan “ota-onalarning farzandlarini tarbiyalash boʻyicha majburiyati” haqidagi qonunga oʻzgarish kiritish va bu borada yangi qaror qabul qilish masalasi muhokama qilindi. Yangi qarorga koʻra, Islomiy taʼlim olish maqsadida davlatdan huquqiy ruxsat olmay chet elga yuborilgan bolalarning oila aʼzolari jazoga tortiladi.
Tojikiston parlamentining quyi palatasi diniy taʼlim olish uchun farzandlarini noqonuniy ravishda chet el oʻquv yurtlariga yuborgan ota-onalar javobgarlikka tortilishini soʻramoqda. Qonunga kiritilgan mazkur oʻzgarishlar faqat diniy maskanlarda tahsil olayotgan talabalarning ota-onalariga taalluqlidir.
Tojikiston parlamentiga aloqador manbaning taʼkidlashicha, xorijdagi islomiy universitetlarda qonuniy ravishda taʼlim olayotgan talabalar ham doimiy hukumatning nazorati ostida boʻladi.
“Tojikiston rasmiylari diplomatik vakolatxonalar orqali xorijiy davlat oʻquv yurtlari haqida, yaʼni taʼlim jarayoni qanday ketyapti, kelajakda yetishib chiqadigan talabalar qanday darslar oʻqishi kerak, shular haqida maʼlumot toʻplashadi. Chet eldagi islomiy universitetlarda taʼlim olayotgan talabalar turli “terroristik” va “ekstremistik” guruhlarning tuzogʻiga tushib qolmasligi uchun shunday qilish zarurdir”, deydi manba.
Xorijiy mamlakatlarda diniy taʼlim olayotgan talabalarni vataniga qaytarish uchun Tojikiston hukumati 2010 yilning boshida harakat boshlagan edi. Tojikiston parlamenti “chet elda diniy taʼlim olishni istaganlar davlat roziligini olgan boʻlishi kerakligi”, haqida konstitutsion oʻzgarishlarni 2011 yil may oyida tasdiqlagan.
Diniy idora vakili Afshar Muqimning bildirishicha, Yaman, Suriya, Misr, Pokiston, Afgʻoniston, Iroq va Eronda noqonuniy diniy taʼlim olayotgan 3 mingdan ziyod Tojikiston fuqarolari oʻz yurtiga qaytarilgan.