Erdogʻan: Turkiya butun Islom dunyosini boshqarishga qodir yagona mamlakatdir
Turkiya Prezidenti Rajab Tayyib Erdogʻan poytaxt Ankaradagi prezidentlik binosida viloyat muftiylari bilan uchrashuvida, Turkiya butun musulmon dunyosini boshqara oladigan yagona mamlakat ekanligini daʼvo qildi.
“Turkiya oʻzining Tarixiy merosi, geografik joylashuvi va asrlar davomida turli eʼtiqod vakillarining tinchligiga kafil boʻlgan madaniy boyligi bilan butun Islom dunyosini boshqarishga qodir yagona mamlakatdir”, dedi Erdogʻan.
Turkiya prezidenti nutqi davomida davlat imomlarini terror tahdidlariga qarshi turish uchun xushyor boʻlishga va bu borada masjidlardan unumli foydalanishga chaqirdi.
“Bizning imom-domlalar tashabbusni qoʻlga olmasalar, keng maydon Feto kabi adashtiruvchi kimsalarga, xurofotchi johillarga, televizor orqali sharmandali raqs dasturini uyushtirayotgan masxarabozlarga qoladi”, “Biz masjidlarimizni faqat namoz oʻqiladigan, keyin esa hamma insonlar u yerni tark qilib ketadigan va eshiklari qulflab qoʻyiladigan makonga aylantirmasligimiz kerak. Bu Baytullohning filiallari hisoblangan muborak makonlarga nisbatan katta zulm va nohaqlik boʻladi. Shuning uchun masjidlarimiz doimiy ochiq boʻlishi kerak”, deya qoʻshimcha qildi u.
“Bugun biz bu yerda 95 yillik Respublikamizni yangi boshqaruv yondashuvi bilan kengaytirishga soʻz beraman. Xalqimiz bizga taqdim etgan bu imkoniyatdan foydalanib, kuchli davlat, kuchli parlament va kuchli Turkiya uchun harakat qilyapmiz. Xalqimiz 24-iyunda (saylovda) yana bir bor oʻz vazifasini bajardi. Tsivilizatsiyamizni tiklash va qayta qurish borasidagi ishlarimiz juda koʻp. Bugun biz Bismilloh deb, tashlagan qadamimizdan maqsad 2023 yilga yetishdir”, deya Lozanna bitimining tugashiga ishora qildi Erdogʻan.