Sergey Shoygu MDH mudofaa vazirlari nimalarga kelishishganini maʼlum qildi
Bugun majlisda qabul qilingan qarorlar MDHga aʼzo davlatlar orasida Mudofaa xavfsizligi sohasida oʻzaro hamkorlik kuchayishiga xizmat qiladi, dedi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Toshkentda oʻtkazilgan MDH davlatlari Mudofaa vazirlari majlisi yakunlari boʻyicha bayonotida. Bu haqida “Sputnik” xabar qilmoqda.
Sergey Shoygu, shuningdek, bugungi yigʻilish davomida Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatga baho berilgani va xalqaro terrorizmga qarshi kurashishning zarur choralari belgilab olinganini maʼlum qilgan.
“Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar oʻrtasida harbiy hamkorlikni rivojlantirish, radiatsion, kimyoviy va biologik vaziyatni baholash hamda nazorat qilishda Birlashgan tizimning istiqbollari toʻgʻrisida muhokama olib bordik”, – deb axborot berdi Shoygu.
Shuningdek, MDHga aʼzo davlatlar qurolli kuchlari aviatsiya parvozlari sohasidagi hamkorlik masalalari, harbiy taʼlim sohasida harbiy bilim yurtlari kursantlari oʻrtasida fan olimpiadalarini oʻtkazish, Ikkinchi jahon urushining 75 yilligiga bagʻishlangan qoʻshma tadbirlari hamkorlikda amalga oshirish koʻrib chiqilgan.
“Bugungi yigʻilishda Ulugʻ Vatan urushida erishilgan Gʻalabaning 75 yilligini nishonlashga start berildi. Bu juda muhim, ramziy tadbir. Xalqlarimizning yagona tarixi. Ular birgalikda fashizmni yakson qilishgan. Buni hamisha yodda tutish kerak”, – deb qayd etdi Shoygu.
Majlisda, shuningdek, kengash aʼzolari Mudofaa vazirlari kengashining 2019 yil boʻyicha ish rejasi qabul qilindi. 2019 yil davomida MDHga aʼzo davlatlar Havo hujumidan mudofaa va harbiy havo kuchlari qoʻshinlari qoʻmondonliklari oʻrtasida qoʻshma mashgʻulotlarni tashkil etishga qaratilgan hujjatlar imzolandi.
12 oktyabr kuni Toshkentdagi Oʻzbekiston xalqaro forumlar saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston mudofaa idoralari rahbarlari ishtirok etdi.