Moskva: Nomaʼlum vertolyotlar Tolibon va IShIDga qurol yetkazib bermoqda
Afgʻonistonning ayrim viloyatlarida qaysi davlatga tegishli ekani nomaʼlum boʻlgan vertolyotlar Afgʻonistonda Tolibon va IShIDga qurol yetkazib berayotganligidan Moskva hukumati xabar topgan. Bu haqida Rossiya Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Mariya Zaxarova maʼlum qildi.
Mariya Zaxarova oʻtgan kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida shunday dedi: “Shuni aytib oʻtmoqchimanki, Afgʻoniston shimolida nomaʼlum vertolyotlar IShIDning mahalliy jangchilariga va bu terrorchi guruh bilan hamkorlik qilayotgan toliblarga qurol-aslaha yetkazib bermoqda”.
Zaxarova bu haqida mahalliy afgʻon axborot vositalarining bayonotlari va Afgʻoniston shimolida joylashgan Saripul vloyatida bu ishlarga guvoh boʻlgan kishilarning guvohliklari borligini ham aytib oʻtdi. Shuningdek Zaxarova jangchilarga qurol yetkazib berish harakatlari Markaziy Osiyo davlatlari chegaralari yaqinida amalga oshirilganligiga hamda IShID jangchilarining aksariyati ushbu hududlardan kelib chiqqanligiga ham eʼtibor qaratdi.
Zaxarovaning taʼkidlashicha, Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari tarafidan ham, AQSh kuchlari qoʻmondonligi tarafidan ham, NATO rahbariyati tarafidan ham nomaʼlum shubhali vertolyotlarning bu ishlarga qarshi reaktsiya bildirilmagan.
“Bu yerda mantiqiy savol tugʻiladi: terrorchilarni qurollantirish orqasida kim turibdi? Nima uchun MDH davlatlari (sobiq sovet respublikalari) janubida yashirincha ishlar amalga oshirilmoqda? Afgʻoniston havo hududi NATO kuchlarining toʻliq nazorati ortida boʻlgan bir paytda, bunday ishlar qanday sodir boʻlishi mumkin?”, dedi Zaxarova.