Oʻzbekiston va Tojikiston strategik sherik davlatlarga aylandi

913
0

Oʻzbekiston va Tojikiston strategik sherik davlatlarga aylandi

 Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi. Shavkat Mirziyoyev mehmonni Toshkent aeroportida kutib oldi. Bu Tojikiston rahbarining soʻnggi 17 yil davomida Oʻzbekistonga birinchi davlat tashrifi.

 Koʻksaroyda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon oʻrtasida davlatlararo strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi.

 Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomada uzoq muddatli va barqaror sheriklik munosabatlari oʻrnatish maqsadi, oʻzaro hamkorlikning strategik yoʻnalishlari belgilangan.

 Prezidentlar oʻrtasida qoʻshma bayonot ham imzolangan.

 Shuningdek, sanoat, standartlash va sertifikatlash, chegaradan oʻtkazish, taʼlim hujjatlarini tan olish, geodeziya va geologiya, qishloq xoʻjaligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir 27 ta hujjat imzolandi. Jumladan, Surxondaryo viloyati bilan Xatlon viloyati, Samarqand viloyati bilan Soʻgʻd viloyati oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar qabul qilindi.

 “Oʻzbekiston va Tojikiston munosabatlaridagi katta oʻzgarishlar haqida koʻp gapirish mumkin. Lekin eng muhim yutuq – amaliy ishlarimiz millionlab odamlarga naf keltirayotgani, ularning qalbida iliqlik uygʻotayotganidir. Biz bundan buyon ham xalqlarimiz doʻstligining buzilmas koʻprigini har tomonlama mustahkamlashga harakat qilamiz”,- dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tojikiston Prezidentining davlat tashrifi davom etmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.