Tramp va NATO sammiti

604
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Savolga javob

Tramp va NATO sammiti

Savol:

2018 yil 11-12 iyul kunlari Belgiya poytaxti Bryusselda Shimoliy Atlantika Ittifoqi (NATO)ning ikki kunlik sammiti boʻlib oʻtdi. Unda Tramp ayni tashkilotga aʼzo 29ta davlat rahbarlari bilan birga ishtirok etdi. Ular bilan Tramp oʻrtasida bahs keskin boʻldi.  Bahs asosan, harbiy xarajatlarni mamlakat yalpi daromadiga nisbatan 2 %ga koʻtarish mavzusida kechdi. Xoʻsh, Amerika nega bunday qilyapti? NATOning taqdiri nima bilan tugaydi?

Javob:

Javob tushunarli boʻlishi uchun quyidagi ishlarni chiqamiz:

AQSh prezidenti Tramp diplomatiyaga hamda oʻrab gapirish va hiyla-aldovga zid ish tutyapti… U koʻngliga nima kelsa yashirmay oshkor aytyapti, ochiqdan-ochiq bosim oʻtkazyapti… Parda ortida yoki boshqa davlat rahbarlari bilan boʻladigan maxsus uchrashuvlarda aytiladigan gaplar va talablarni ochiq-oshkora, yuzsizlik va takabburlik bilan aytyapti. U bu borada ilgargi prezident kichik Jorj Bushdan ham oʻtib tushdi. Shuningdek, bu xususda oʻzidan oldingi Obama xatti-harakatlariga butunlay teskari ish qilyapti. Chunki Obama bunday ishlarni parda ortida amalga oshirar edi. Hamkasblariga yoki boshqa davlatlarga bosim oʻtkazmoqchi boʻlsa, buni siyosiy manyovrlar bilan, imi-jimida qilar edi. U goʻyo, ingliz siyosatchilariga oʻxshardi! Zotan, 2014 yili NATOga aʼzo davlatlarga harbiy xarajatlarni yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 %ga koʻtarishni joriy qilgan ham aynan shu Obama edi. Obama ularga – kelishuvga amal qilishlari uchun – turli uslublar bilan bosim oʻtkazgan. Oʻshanda xabarlarda Obamaning NATOga aʼzo davlatlar rahbarlari bilan uchrashganda ayni masalani toʻpolon chiqarmasdan, boshqalarni boʻgʻzidan olmay amalga oshirayotgani aytilardi. Goʻyo tashkilot aʼzolarini bir xil fikrda va birdam qilib, tashkilot rahbari boʻlgan AQShni tashkilotdan ham, uning aʼzolaridan ham mamnun qilib koʻrsatar edi. Vaholanki aslida, ular bilan AQSh oʻrtasida bu masalada qattiq ixtilof mavjud. Darhaqiqat, oʻsha yili NATOga aʼzo davlatlar rahbarlari oʻz yurtlaridagi harbiy sohaga ajratiladigan xarajatlarni yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 %ga koʻtarishga va buni 2024 yilga qadar amalga oshirishga Obama oldida vaʼda berishgan. Lekin ulardan 15 davlat, shu jumladan, Germaniya, Kanada, Italiya, Belgiya va Ispaniya xarajati hamon 1,4 %dan oshmay kelyapti. Bundan keyin ham, ular vaʼdasini ustidan chiqa olmay, Trampni jahlini chiqarishlari turgan gap. Trampning ayni mavzuga oid tashabbusi doirasida NATOga aʼzo davlatlar 2030 yil kirishi bilan 30ta harbiy batalьon, 30ta harbiy uchoq va 30ta harbiy kemani Rossiyaning ehtimolli harbiy amaliyotiga qarshi joylashtirishga vaʼda berishdi. Chunki Amerika Yevropa ustidan hukmronlik qilish va uni harbiy va siyosiy qarorlarini oʻzi mustaqil chiqarishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Rossiyani ularga dushman qilib koʻrsatib kelmoqda. Shu orqali Yevropani oʻz yetakchiligi, harbiy soyasi ostida ushlab turibdi.
Tramp ittifoqchilari bilan bu ishni amalga oshirish va ularni bunga ishontirish mushkul ekanini tushunyapti. Shuning uchun 2018 yil 10 iyulda NATOning Bryusselda boʻladigan sammitiga ketish oldidan Tvitterda “Mening Xelsinkida Putin bilan (2018 yil 16 iyulda) boʻlib oʻtadigan uchrashuvim, NATO sammitidan koʻra yengilroq”, deb yozdi. Uning bu gaplari maʼlum darajada toʻgʻri. Chunki Rossiya AQShga xizmat koʻrsatishga tayyor muteday koʻrinyapti. Maqsadi, shu orqali baʼzi manfaatlarga erishib olish uchun oʻzini birinchi davlat yonidagi xalqaro taʼsirga ega katta davlat qilib koʻrsatmoqchi hamda xususan, oʻz nufuzi ostidagi mintaqalarda, yaʼni, Amerika Rossiyadan tortib olib, oʻz hukmronligi ostiga kiritishga urinayotgan mintaqalarda Amerikaning yomonligini oʻzidan nari qilib turmoqchi. Ammo Yevropa unday emas. U dushman va raqib sifatida namoyon boʻlib, oʻzining Yevropa Ittifoqini Amerika oldiga real raqobatlashuvchi qilib qoʻymoqda. Shuning uchun Amerika Yevropa Ittifoqiga nisbatan dushmanlik pozitsiyasini egallab, uni ochiqdan-ochiq boʻlib tashlashga urinyapti. Shu bois ham, Britaniyaning undan ajralib chiqishini qoʻllab-quvvatladi. Biroq, Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqishi ortidan, endi Ittifoq bilan erkin bozor siyosatini oʻrnatishga qarab ketayotgan paytda, Tereza Mey hukumati siyosatiga hujum qilib bunday dedi: “Meyning bu rejasi AQSh bilan boʻlgan kelishuvini barbod qilishi mumkin. Chunki ular erkin bozor kelishuvini imzolaydigan boʻlsa, bizning Britaniyani qoʻyib, Yevroiittifoq bilan ishlashimiz turgan gap”. Yana bunday dedi: “Men Tereza Meyga “Brexit”ga nisbatan turli yoʻllar bilan munosabatda boʻlishimni aytib, buni qanday amalga oshirilishini koʻrsatib oʻtdim. Biroq, u rozi boʻlmadi, gapimga quloq solmay, boshqa yoʻlni tutdi”. Shuningdek, Tramp Mey rejasiga qarshi chiqqani sababli ishdan boʻshatilgan Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonni maqtab, “Ertaga u bu hukumatning buyuk rahbari boʻladi”, dedi. (Bi-Bi-Si “The Sun”ga tayangan holda xabar qilgan). Keyin Ittifoqdagi boshqa davlatlarni ham undan chiqishga daʼvat qildi. Tramp hatto oʻtgan aprelda AQShga kelgan Frantsiya prezidentiga Yevroittifoqdan chiqishni taklif qildi. Masalan, Vashington Post gazetasining 2018 yil 29 iyundagi soniga koʻra, “Tramp oʻzining frantsiyalik hamkasbi Makronga AQSh-Frantsiya oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun Yevroittifoqdan chiqishni taklif qildi. Buni oʻtgan aprel oyida Oq uyda boʻlib oʻtgan uchrashuvlari chogʻida aytgan”. Gazeta yevropalik ikki mulozimning “Tramp Makronga – nega Yevroittifoqdan chiqmayapsan?, dedi”, degan soʻzlarini ham nashr qildi.
Shu bois Tramp Yevropa Ittifoqini, xususan, Germaniyani tanqid qildi. Germaniyaning AQSh bilan munosabatlari gʻoyat tarang ahvolda! Biz 2017 yil 7 iyundagi savolga javob nashramizda AQSh-Germaniya oʻrtasidagi keskinlikning sababini yoritib bunday degan edik: “Germaniya Yevropadagi eng katta moliyaviy markaz va iqtisodiy jihatdan dunyoda Amerika, Xitoy va Yaponiyadan keyingi toʻrtinchi oʻrinda turadi. Shuning uchun Tramp AQSh foydasiga katta mablagʻ undirish maqsadida eʼtiborini Germaniyaga qaratdi. Amerika xususan Germaniyani NATOga yanada yaqinlashishi va undagi sarf xarajatlarni koʻtarishi uchun uni Rossiya xataridan qoʻrqitib keladi. Chunki Berlin NATO ittifoqiga oz mablagʻ ajratadi, u harbiy jihatga milliy daromadning 1.2 % (42 milliard dollar) sarflaydi. Shuningdek, AQSh-Germaniya oʻrtasidagi savdo balansi koʻproq Germaniya tomonga ogʻmoqda. Bunga misol qilib aytadigan boʻlsak, ikkala davlat oʻrtasidagi savdo hajmi 2016 yilda 165 milliard yevroni tashkil qilgan. Shundan Amerika Germaniyadan olib kirayotgan importi 107 milliard yevro boʻlsa, Germaniya Amerikadan olib kirayotgan importi 58 milliard yevroni tashkil qilgan”. “Evropa sahnasida iqtisod va siyosat tabaqasiga Germaniya yetakchilik qilayotgani koʻrinib turibdi. Buni Germaniya rasmiylari Amerika siyosatiga qarshi ekani va Germaniya AQSh bilan boʻlgan kelishmovchiligini oshkora eʼlon qilgani tasdiqlamoqda… Agar bu kengayib boraversa, Yevropani qattiq tebratadi va natijada Germaniyani tez suratda ogʻir qurollar bilan qurollanishiga sabab boʻlishi mumkin”.
Tramp Germaniyaning qaysarligini va ayniqsa, Trampning Yevropa Ittifoqiga dushmanlik qilayotgani ochilib qolgandan soʻng unga juda mensimay muomala qilishda davom etayotganiga guvoh boʻldi. Chunki Germaniya Yevroittifoqni oʻzining kuchli iqtisodiy bozori, deb biladi hamda unga oʻzining xalqaro siyosiy maydonga chiqib olishiga yordam beruvchi kuch, deb qaraydi. Shuning uchun Tramp xususan Germaniyaga boʻlgan tanqidlarini kuchaytirdi va Amerika ikkinchi jahon urushidan beri uni himoya qilib kelayotgani uchun milliardlab dollar berishni undan talab qildi. NATO sammiti boshlanishi oldidan ayni tashkilot bosh kotibi bilan uchrashuvi chogʻida Germaniyaga hujum qilib, bunday dedi: “Germaniya Rossiyani boyitmoqda. U Rossiya qoʻlidagi garovga aylanib qolib, hukmronligiga butunlay boʻysunmoqda. Biz ularni Rossiyadan himoya qilsagu, ular boʻlsa, Rossiyaning energiya taʼminotini taʼminlash uchun unga milliardlab dollar toʻlasa, buni qanday izohlash mumkin?! Bu adolatdan emas”. Sammit chogʻida bunday dedi: “Germaniya Rossiya hukmronligiga batamom boʻysunib qolgan, chunki u oʻz energetikasining 60-70 %ini shu davlatdan oladi, bunga yangi quvur liniyasini ham qoʻshimcha qilish mumkin. Men buni NATOga nisbatan noloyiq va yomon, deb bilaman”. (Bi-Bi-Si, 2018 yil 12 iyul). Tramp soʻzlariga javoban, kantsler Merkel bunday dedi: “Germaniya oʻziga xos siyosatga ega va qarorlarini mustaqil oʻzi chiqaradi. Shaxsan men Germaniyaning Yevroittifoqqa kiradigan qismida yashaganman. Men bugun ozodlik bayrogʻi ostida birga ekanimizdan gʻoyat baxtiyorman. Shu sababdan aytishimiz mumkinki, biz oʻzimiz mustaqil siyosat olib borib, mustaqil qarorlar qabul qila olamiz”. Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas ham “Biz na Rossiyaga asirmiz va na Amerikaga”, dedi. (Bi-Bi-Si, 2018 yil 12 iyul).
Tramp bilan Merkel NATOning yangi qarorgohi yoʻlagi boʻylab, anʼanaviy suratga tushish uchun mehrob tomon birga qadam tashlashar ekan, oʻrtalaridagi noxush holatni ikkalasi ham bilintirishmadi. Aslida, Tramp Germaniya bilan Rossiyani bogʻlaydigan “Noor Stream” gaz quvuri loyihasini bir necha bor tanqid qilib, undan voz kechishni talab qilgan. Bu loyihaga garchi baʼzi yevropaliklar ham qarshi chiqayotgan boʻlsa-da, biroq bu Yevroittifoqdagi boʻlinishni anglatmaydi. Masalan, Polьsha Yevropaning bu loyihaga muhtoj emasligini taʼkidladi. Polьsha tashqi ishlar vaziri Yatsek Chaputovich NATO qarorgohiga yetib kelganda ““Noor Stream” Yevropa davlatlari modelidir, bu davlatlar  Rossiyani mablagʻ bilan taʼminlab, unga Polьshaga qarshi foydalanishi mumkin boʻlgan imkoniyatlarni yaratib berishmoqda” dedi. (Frans Press, 2018 yil 11 iyul). Yatsek Chaputovich buni Tramp tilidan gapirmoqda, chunki Polьsha Amerikaparast boʻlib, Yevroittifoq ichkarisida uning manfaatlariga xizmat qiladi.

Shunday qilib, AQSh anchadan beri Yevropa Ittifoqini yemirish uchun uning ichkarisidan turib harakat qilmoqda. Ammo yaqindan beri Tramp bu harakatga qoʻshimcha, Yevropani mazkur taqdiriy masala boʻlgan 2 %ga ochiq-oshkor majbur qilmoqda. Maqsadi – oʻzidan oldingi hamkasblarini ayni masalada yevropaliklarga bosim oʻtkazolmagan qilib koʻrsatish, keyin esa, oʻzining Qoʻshma Shtatlar ichkarisidagi vaziyatini yaxshilab olishdir. Bu esa, respublikachilar partiyasining oraliq saylovlar (vakillar palatasi aʼzolarini saylash)dagi ulushini hamda Trampning ikkinchi muddatdagi saylov ulushini ham yaxshilaydi.

Ammo Frantsiya esa, Tramp daʼvatiga hammadan ham koʻproq rozilik bildirdi. Uning rahbari Makron bunday dedi: “Frantsiya 2024 yilga qadar mudofaa xarajatlarini 2 %ga oshirishga oid NATO kelishuvini ijobiy qabul qildi. Biz yukni adolat bilan hammamiz barobar koʻtarmas ekanmiz, tashkilotdagi jipslik aslo mustahkam boʻlmaydi”. Yana bunday, dedi: “Tramp – ilgari oʻz shubhalarini ifoda etgan boʻlishiga qaramay, AQShning NATO oldidagi majburiyatini yana bir bor esga solib qoʻydi. U 2018 yil 12 iyul payshanba kungi sammit chogʻida NATOdan chiqib ketishini toʻgʻridan-toʻgʻri belgilagani yoʻq”. (Reyter, 2018 yil 12 iyul). Maʼlumki, Frantsiya hozirda mudofaa uchun oʻzining yalpi ichki mahsulotlaridan 1,8 %ini sarflaydi. Biroq AQShning oʻz yonidan Frantsiyaga ham biror xalqaro rolь berishidan umid qilib, unga muloyim munosabatda boʻlmoqda va shu orqali frantsuzlarning ich-ichlariga oʻrnashib qolgan buyuk boʻlish tuygʻusini toʻlqinlantirmoqchi. Lekin Frantsiya buni Germaniyaning oʻsishidan xavotirlangani uchun Yevroittifoqdan voz kechmagan holda bajarishni istaydi. Bir marta u astoydil Yevroittifoq yonini oldi. Masalan, Kanadadagi yettilik sammiti chogʻida va Tramp savdo urushi boshlagan paytda hamda Amerikaning Eron yadroviy dasturidan chiqishni eʼlon qilishiga qaramay, uni saqlab qolish mavzusida Yevroittifoqni himoya qildi… Baʼzan esa, Amerika tomonga ham moyil boʻlib turadi, xuddi yaqinda boʻlib oʻtgan Bryussel sammitidagi kabi.
Tramp AQShning NATOdan voz kechmoqchi ekanini maʼlum qildi. U voqeda shunday qilmasa ham, biroq mana shunday tahdidda davom etadi. Tramp ittifoqchilariga ham, dushmanlariga ham savdo urushi eʼlon qildi va bu oʻzini tutolmaydigan, boshqa ittifoqlardan ham voz kechishga tayyor turgan tentak prezident yetakchiligi ostidagi AQSh siyosatida yangicha yoʻnalish boʻldi. Biz 2018 yil 16 iyundagi savolga javob nashramizda bunday degan edik: “Bulardan savdo urushi AQSh uchun juda muhim ekanligi koʻrinib turibdi. Chunki bu davlat 2008 yil portlagan moliyaviy krizis oqibatlaridan hanuz aziyat chekmoqda. Uning qarzi 20 trillion dollarga yetdi. Biznesmenlik aqliyasi sohibi boʻlgan AQSh prezidenti Tramp Amerika iqtisodiyotini qutqarishga harakat qilar ekan, bunda “birinchi Amerika” shiorini koʻtarib oldi. Bu esa, Amerika uzoq vaqtdan buyon oʻz nufuzini dunyoga zoʻrlab tiqishtirishda foydalanib kelgan xalqaro muassasaning bugun tarqalib ketishi, binobarin, butun global tizim ham tarqalib, yangi xalqaro pozitsiya yuzaga chiqishi mumkinligidan darak beradi. Amerika shu kungacha dunyoga xoʻjayin boʻlish uchun boshqa davlatlarning yordami bilan hamda savdo balansini oʻziga moyil qilish orqali jonbozlik koʻrsatib kelgan edi. Ammo bugun u savdo daromadlariga oʻz ittifoqchilarining yordamisiz bir oʻzi xoʻjayin boʻlish, ularni esa oʻzining soyasiga ergashib yuradigan davlatlarga aylantirish haqida oʻylaydigan boʻlib qoldi”.
Shunday qilib, demak, NATO ittifoqchilari oʻrtasida kurash alanga olmoqda va bu ularning ittifoqlari parchalanib yoʻq boʻlib ketishidan, oralarida iqtisodiy va siyosiy kurashlar kelib chiqishidan bashorat bermoqda. Agar bu davlatlar yadroviy qurollar ishlatilishidan choʻchishmaganda edi, avvalgi ikki urush ortidan allaqachon uchinchi jahon urushi alanga olib boʻlgan boʻlar edi. Butun dunyo uchun yovuzlik oʻchogʻi mana shu NATO ittifoqchilaridir. Negaki ular yovuz tuzum boʻlgan kapitalizmni qabul qilishgan. Kapitalizmda esa, manfaat amallar oʻlchovi qilib belgilangan boʻlib, jamiyatda hukm suruvchi yagona qiymat moddiy qiymatdir. Shuning uchun butun dunyo ezgulik davlatiga, yaʼni, Paygʻambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlatiga juda muhtoj boʻlib qoldi. Chunki ushbu davlat dunyoga faqat moddiy qiymatnigina emas, balki ruhiy, axloqiy va insoniy qiymatlarni ham barobar ulashadi. Zotan, ushbu ezgulikni roʻyobga chiqarish uchun bugun Allohga xolis va Rosuliga sodiq boʻlgan, tillari Allohni tinmay zikr qilish bilan nam boʻlgan, Allohga tinmay daʼvat qilish yoʻlida butun vujudi bilan mehnat qilayotgan… Ribbilari albatta nusrat berishidan xotirjam boʻlgan kishilar bor. Lekin Allohga hech kimni gunohdan pok deb daʼvo qilmaymiz.

 إِنَّا لَنَنْصُرُ رُسُلَنَا وَالَّذِينَ آمَنُوا فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَيَوْمَ يَقُومُ الْأَشْهَادُ 

“Albatta Biz Rosullarimizga va moʻminlarga hayoti dunyoda ham, guvohlar (hozir boʻlib) turadigan Kunda (qiyomatda) ham yordam berurmiz” [Gʻofir 51]

7 robius-soniy 1438h

17 iyul 2018m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.