Toshkentda “S5+1” ishchi guruhi majlisi boʻlib oʻtdi
2018 yilning 23 iyul kuni Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo – AQSh” (S5+1) hamkorligi shaklining Xavfsizlik boʻyicha ishchi guruhi navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
TIV axborot xizmati xabariga koʻra, tadbirda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari va Amerika Qoʻshma Shtatlari vakillari ishtirok etdi.
Majlis chogʻida mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalari, jumladan ekstremizm, terrorizm xatarlari bilan kurashish, chegaralar xavfsizligini taʼminlashdagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Afgʻonistondagi vaziyatni hal qilish sohasidagi hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qilindi. Majlis ishtirokchilari Markaziy Osiyodagi barqaror rivojlanish qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik va birdamlik taʼminlanishi bilan chambarchas bogʻliq ekanligini qayd etdilar.
Markaziy Osiyo va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining 2015 yil noyabr oyida Samarqand shahrida asos solingan “S5+1” shakli siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-kommunikatsiya, energetik aloqalar hamda transchegaraviy xavf-xatarlarni oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yaxshilash masalalariga qaratilgan maslahatlashuv mexanizm hisoblanadi.