Putinning Xitoyga tashrifi Moskvaga umid baxsh etmoqda

515
0

Putinning Xitoyga tashrifi Moskvaga umid baxsh etmoqda

Rossiya Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Igor Morgolov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Xitoyga qiladigan safariga, Moskva katta umid bilan boqayotganini bildirdi. Morgolovning taʼkidlashicha, Putinning iyun oyida qiladigan Xitoyga safari ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun yangi turtki boʻlishiga umid qilinmoqda.

“Avval aytib oʻtganimizdek, ikki tomonlama munosabatlarimizdagi asosiy siyosiy hodisa – bu prezident Putinning Xitoyga tashrifi va u yerda sammit boʻlib oʻtishidir”, dedi Morgolov “Rossiya – Xitoy: yangi asr hamkorligi” nomli xalqaro konferentsiyaning ochilish nutqida.

Morgolovga koʻra, Prezident Vladimir Putinning iyun oyida Xitoyga qiladigan safari uchun hozirdan tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Ayni paytda Putin 09-10 iyun kunlari Qingdao shahrida boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti rahbarlari sammitida ishtirok etadi.

Shuningdek Igor Morgolov xalqaro konferentsiyada soʻzlagan nutqida 2020 yilga qadar Rossiya bilan Xitoy oʻrtasidagi savdo-sotiq koʻlami 200 milliard dollarga yetishi mumkinligini olgʻa surdi. Morgolovga koʻra, oʻzaro hamkorlikning yangi modeliga oʻtish va investitsiyalarni ragʻbatlantirishga tayanish, muvaffaqiyatga erishishning asosiy shartidir.

“Maʼlumki, Xitoy tijoriy va iqtisodiy sohada davlatimizning asosiy hamkori hisoblanadi. Shuning uchun oʻylaymanki, ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan tijoratga doir vazifalar, amalda erishish mumkin boʻlgan ishlardandir”, dedi Morgolov.

Hisobotlarga koʻra, Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi savdo balansi 2017 yilda 87 milliard dollarni tashkil qilgan. Rossiyaning Xitoyga qilgan eksport hajmi 39 milliard dollarni tashkil qilgan boʻlsa, Xitoydan kelgan import hajmi 48,4 milliard dollarni tashkil qilgan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.