Oʻzbekiston Rossiyaga Navoiy viloyatida AES qurishni taklif qildi
Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv davomida Oʻzbekistonda atom elektrostantsiyasini qurish masalasi muhokama markaziga aylangani haqida maʼlum qildi.
Lixachyovning soʻzlariga koʻra, AES 2ta blokdan iborat boʻladi. Shuningdek, hukumatlararo kelishuv, shartnoma, bu obʼektni foydalanishga topshirish muddatlari, kadrlar tayyorlash masalasi ham koʻrib chiqilgan.
“Oʻzbekiston hozirda tadqiqot reaktori ishini qayta yangilamoqda. Biroq, zamonaviy yadroviy texnologiyalar va katta quvvatdagi stantsiyadan foydalanish koʻplab mutaxassislar hamda qator sohalarning rivojini talab etadi. Bunda, ehtimol, 10 mingga yaqin malakali xodimlar kerak boʻladi. Stantsiyadan foydalanishning oʻziga 1500-1600 ishchi zarur. Ular kerakli tayyorgarlikdan oʻtishi lozim. Prezident bizga mutaxassislarni imkon qadar Rossiyada tayyorlash vazifasini qoʻydi. Shuningdek, bu yerda barcha kerakli sharoitlar yaratilishi lozimligi tilga olindi. Bugun Oʻzbekistonda MIFI (Rossiya milliy yadro tadqiqot instituti) filialini ochish, “Rosatom” akademiyasida mutaxassislarni tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Rossiyaga Navoiy viloyatida AES qurishni taklif qildi. Oʻzbekiston prezidenti va bosh vaziri bizga Navoiy viloyatidagi maydoncha haqida maʼlum qilishdi. Yaqin kunlar ichida u yerga yoʻl olib, maʼlumot yigʻishni boshlaymiz. Loyihaga yondashuvlar muhokama qilindi”, – dedi Lixachyov.
Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda AES qurilishi loyihasini amalga oshirish uchun tegishli davlat organi tashkil etilishi lozim, u respublikadagi atom sohasini tartibga soladi.