Erdogan boshqaruvdagi changalini mustahkamlashga kirishdi

683
0

Erdogan boshqaruvdagi changalini mustahkamlashga kirishdi

Erdogan Afrin amaliyoti orqali oʻz obroʻsini oshirib olgach, fursatdan foydalanib qolmoqchi boʻlyapti. Chunki odamlar ayni amaliyotga juda yuzaki nazarda qarab kelishmoqda. Bunga sabab – Erdoganning Afrin amaliyotini yurt birligiga tahdid solayotgan separatist kurd harakatiga zarba berish maqsadida olib borilyapti, deya odamlarni chalgʻitib adashtirayotganligidir. Millatchi Harakat partiyasi ham oʻzining millatchiligi va Amerikaga moyilligi sababli ayni amaliyotni qoʻllab-quvvatladi. Shuning uchun koʻpchilik odamlar Erdoganning AQSh, Rossiya, Eron va Suriya rejimiga katta xizmat koʻrsatayotganini tushunmayapti. Zero, u ushbu jinoyatkor davlatlar bilan kelishib, Shom qoʻzgʻoloniga qaqshatqich zarba berish uchun Afrin amaliyotini boshladi. Bunda barchaning diqqat-eʼtiborini ayni amaliyotga qaratib, qoʻzgʻolonchilarni Afrin tomonga olib chiqib ketdi. Bu bilan Erdogan rejimning – Rossiya va Eron yordamida – Idlib janubiga, soʻng Gʻutaga kirib olishiga imkon yaratib berdi. Ilgari Furot amaliyoti orqali Halabda ham xuddi shunday ishni qilgan edi. U yerdan qoʻzgʻolonchilarni olib chiqib ketib, anavi jinoyatkorlarning Halab ustidan nazorat oʻrnatishlariga imkon bergan edi. U ketma-ket mana shunday xiyonatlarni amalga oshirmoqda, unga aldanganlar esa, uni olqishlamoqda!

Erdogan Turkiyadagi vaziyat oʻzgarishi va oʻziga qarshi inqilob yuz berishi mumkinligini hisobga olib, prezidentlik saylovlarini muddatidan oldin oʻtkazishga qaror qildi. Chunki Turkiyadagi iqtisodiy vaziyat yomon tomonga qarab ketmoqda. Xususan, turk lirasi 2014 yildan beri qadrsizlanib bormoqda. Erdogan uni qutqarishga shuncha urinsa ham, uddasidan chiqa olmayapti. Bunga sabab – mamlakatni oʻz domiga tortayotgan qarzlarni yopish uchun qattiq (kuchli) valyuta yetishmayotganidir. Turk moliya vazirligining 2017 yil sentyabrda maʼlum qilishicha, yurtning tashqi qarzi 438 milliard dollarga yetgan. Shu sababli Turkiya  qarz ustamalaridan toʻlanishi kerak boʻlgan miqdorni toʻlash uchun qattiq valyutani bozordan toʻplab olishga majbur boʻlyapti. Masalan, moliya vazirligi “43.1 milliardga yetadigan 2018 yilgi qarz ustamalarining bir qismini, yaʼni 10.92 milliard dollar toʻlash rejalashtirilgani”ni eʼlon qildi. Shuningdek, moliya vazirligi nashr qilgan bayonotda “2017 yildagi yalpi qarz ustamalarining ortishi va kreditsiz resurslardagi oʻzgarishlar eʼtiboridan, yalpi kredit miqdori, avvalgi eʼlon qilingan miqdordan ortib ketdi” dedi. Valyuta inflyatsiyasi 10 %dan oshdi. Soʻnggi paytda bu inflyatsiya yanada kuchaydi. “Moody’s” agentligi¹ 2018 yil 14 aprelda bunday deya ogohlantirdi: “Surunkali tarzda davom etayotgan Turk valyutasi zaifligi yurtning suveren qarzi tasnifiga va iqtisodiy muammosiga salbiy taʼsir koʻrsatadi”. Mazkur agentlik “Turkiyadagi xorijiy valyuta zaxirasining pastlab ketayotgani”ni taʼkidladi.

Bundan tashqari, import bilan eksport oʻrtasida ham defitsit bor. Masalan, Turk bojxona va savdo vazirligining 2018 yil 2 yanvardagi bayonotlari ayni defitsitning 37.5 %ga ortib ketganini, bu 77.06 milliard dollarga yetganini koʻrsatdi. Maʼlumki, import qattiq valyutada toʻlanadi.

Turkiya lira qadrsizlanishiga qarshi sudxoʻrlik asosidagi protsent stavkasini koʻtarish bilan kurashdi va bu yordam bermadi. “Moody’s” ayrim turk tashkilotlari reytingini pastlatganda esa, Erdogan gʻazabdan portlab, “Bu “Moody’s” agentligining eng yomon jihati, u Turkiyani boshi berk koʻchaga tiqadi va ayni vaziyatdan foydalanish istagida boʻlganlarga imkoniyat yaratib beradi”, dedi. Bosh vazir oʻrinbosari va iqtisod masʼuli Mehmet Shimshek bunday dedi: “Saylovdan keyinoq hukumat bevosita iqtisodiy islohotlarni boshlaydi va muolaja dorisi juda achchiq boʻladi”. Erdogan uni ham bunday fol ochgani uchun koyidi va 2018 yil 21 aprel kuni u haqda quyidagicha bayonot berishga majbur boʻldi: “Biz saylovni muddatidan oldin oʻtkazish bilan vayron etuvchi iqtisodiy zilzila oqibatlariga tayyor tura olamiz, aks holda, ayni davrdan ziyon bilan chiqishimizga toʻgʻri keladi”. Demak, Erdoganga ergashgan va uni saylashga tayyor turgan kishilar, bu kimsaning ular uchun naqadar tang-baxtsiz hayot tayyorlab qoʻyganini tushunmayaptilar. Chunki ular yuzaki fikrlashyapti hamda Islomdagi iqtisod nizomini tatbiq etishga daʼvat qilayotgan Hizb ut-Tahrir kabi, atroflarida ularni toʻgʻri yoʻlga yetaklovchilar borligiga qarashmayapti.

Ichki vaziyat ham buzildi… Erdogan qamoqxonalarni toʻldirib tashladi. 2018 yil 10 yanvarda ichki ishlar vaziri maʼlum qilganidek, mahbuslar soni 43.3 mingga yetdi. Davlatga qarshi til biriktirganlik ayblovi bilan 120 mingdan ziyod mulozimlar ishdan haydaldi. Shu bilan ham kifoyalanmayapti, balki kim uning siyosatini tanqid qilsa yoki odamlarni Islomga daʼvat qilsa, qamoqqa olmoqda, masalan, bir necha yillardan beri Hizb ut-Tahrir aʼzolarini quvgʻin ostiga olgani va qamoqqa hukm qilayotgani kabi. Ularning “gunoh”lari esa, odamlarga nasihat qilishgani, hukmdorlardan hisob talab qilib, odamlarni tuzumni oʻzgartirishga va ularni baxtli-saodatli qiluvchi roshid Xalifalikni barpo etishga chaqirishgani boʻldi, xolos.

Erdoganning Milliy Harakat partiyasi rahbari Devlet Bahchelini qoʻllab-quvvatlashiga kelsak, buning boisi uning Amerikaga bogʻliq kimsa ekaniga borib taqaladi. Bahcheli ham doim Erdoganni olib borayotgan siyosatini maqtab qoʻllab-quvvatlab kelgan. 2002 yilda angliyaparast Byulent Ejevit hukumatining agʻdarilishiga sabab boʻlgan va shu orqali 2002 yil 11 mart oyida Erdogan partiyasining gʻolib kelishiga zamin yaratgan ham shu Bahchelidir. Hozir Erdogan bilan Bahcheli ikkalasi Meral Akshener xonimning imkoniyatlariga toʻsqinlik qilishyapti. Xonim Bahchelini agʻdarib, oʻrniga oʻtirishga urindi. Biroq Erdogan Amerika malayi Bahchelini himoya qilish uchun oʻzining sudlari bilan Meralga qarshi ish boshladi va 2015 yil dekabrda uni oʻz partiyasidan chiqarib yuborishga muvaffaq boʻldi. Keyin Meral partiyadan ajrab chiqqan boshqa deputatlar bilan birgalikda 2017 yil 25 oktyabrda “Iyi parti”ni tuzdi. Hozir ayni partiyaning saylovlarda ishtirok etmasligi uchun toʻsiqlar qoʻyilyapti, chunki Meral millatchilar tomonidan maʼlum darajada qoʻllab-quvvatlovga ega. Ilgari (1996-97 yillarda) bu xonim Erbakan hukumatida Ichki ishlar vaziri boʻlib ishlagan va 2007, 2011, 2015 yillarda Milliy Harakat partiyasidan parlamentdan oʻrin oldi. Ammo bu partiya 2015 yilda uni saylovga nomzod qilmadi. 2001 yilda Erdogan patiyasini taʼsis etilishida u Fazilat partiyasi nomidan ishtirok etgandi. Ammo Fazilat partiyasini ham tashlab chiqdi, aftidan, uning bu partiyaning Amerika koʻrsatmasi bilan yurishini va oʻzining ichkaridan unga raqiblik qilishga kuchi yetmasligini anglab yetgan koʻrinadi. Shuning uchun asli inglizlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi Milliy partiya tarafga yurib, saylovda uning amerikaparast raisi bilan raqobatlashdi. Chunki bu ayol inglizlar koʻrsatmasi bilan yuradi.

Endi, AQShning prezidentlik saylovi muddatidan avval belgilanishini tanqid qilganiga kelsak, yaʼni AQSh tashqi ishlar vazirligi voizi Noyyertning “Turkiyada favqulodda holat joriy qilingan bir vaziyatda saylovni muddatidan oldin oʻtkazilayotganidan xavotir” bildirganiga kelsak, bu Erdoganning asl niyatini yashirib, jamoatchilikni aldash uchun aytilgan gap, xolos. Amerika Misrdagi Sisiy saylovida ham xuddi shunday qilgan. Oʻshanda Sisiyning goʻyo nomzodlarni chiqarib tashlayotganidan, saylovni shaffof oʻtkazmayotganidan xavotir izhor qilgan edi. Biroq Sisiy yutib chiqqach esa, uni birinchi boʻlib qutlagan AQSh prezidenti boʻldi. Erdogan 2017 yil 16 apreldagi referendumda gʻolib chiqqanda ham uni birinchi boʻlib Amerika tabrikladi. Erdoganga keng vakolatlar berib, parlament boshqaruvidan prezidentlik boshqaruviga koʻchish uchun oʻtkazilgan oʻsha referendum bugungi prezidentlik saylovlari uchun oʻz samarasini bermoqda. Maʼlumki, Amerikani Suriyaga bergan yaqindagi zarbasini birinchi boʻlib qutlagan ham Erdogan boʻladi va bu ham uning AQShga doʻst ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Erdogan bu saylovda Amerika tarafidan qoʻllab-quvvatlanmoqda va unda yutib chiqishining ehtimoli bor. Turkiyadagi ishlar tizginini oʻz changalida ushlab, bu mustamlakachi davlatning ichki va tashqi siyosatlarini ijro etib berishi uchun ham saylovda gʻolib chiqishi ehtimoli koʻproq. Zero, bu kimsa Amerikaga qanchalar sodiqligini, unga juda katta xizmatlar koʻrsatganini isbotladi. U qoʻzgʻolonchilarni aldab-adashtirish bilan Amerika va Rossiyaga shunday imkoniyat yaratib berdiki, agar bu imkoniyat boʻlmaganida ikkala davlat ham qoʻzgʻolonga bevosita qaqshatqich zarbalar berishga qodir boʻlisholmas edi. Erdoganning Paygʻambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalikni qayta barpo etish loyihasiga toʻsqinlik qilish uchun boshqa islomiy mintaqalarda ham faol rolь oʻynashi kutilmoqda.

Biroq Erdogan, Amerika, barcha kofiru munofiqlar xohlamasalar-da, roshid Xalifalik barpo boʻlishi muqarrardir. Chunki bu Oʻz vaʼdasiga hargiz xilof ish qilmaydigan Allohning vaʼdasidir, bashoratlari hech kimni noumid qoldirmaydigan Rosululloh Aning bashoratlaridir.

 وَاللهُ غَالِبٌ عَلَى أَمْرِهِ وَلَكِنَّ أَكْثَرَ النَّاسِ لَا يَعْلَمُونَ

“Alloh Oʻz ishida gʻolibdir, lekin odamlarning koʻplari (buni) bilmaydilar” [Yusuf 12]

¹ Kredit reytinglari oʻtkazish, tadqiqotlar olib borish va risklarni tahlil qilish bilan shugʻullanuvchi xalqaro reyting agentligi.

Roya gazetasi saytidan olindi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.