AQSh prezidenti “Suriyadan chiqamiz” dedi, tashqi ishlar vaziri “xabarimiz yoʻq” dedi
AQShning Ogayo shtatida nutq soʻzlagan prezident Donald Tramp yaqinda AQSh kuchlari Suriyadan olib chiqilishini maʼlum qildi. Tramp iqtisod haqida qilgan nutqida AQShning Suriyadagi sarf-xarajatlariga toʻxtalar ekan, “Biz juda tez kunlar ichida Suriyadan chiqib ketamiz, biroz boshqalar ham bu masala bilan shugʻullansin. Xalifalik degan narsani 100 foizga yoʻq qilamiz. Hammasini qaytarib olamiz”, dedi.
“Suriyada turishimizning yagona sababi IShID edi, boshqa sababi yoʻq edi. Biz maqsadimizga erishdik. Endi qoʻyib beraylik, boshqalar ham shugʻullansin”, deya qoʻshimcha qildi u.
Trampning bayonotidan soʻng matbuot anjumanida Tramp soʻz ochgan “AQSh armiyasining Suriyani tark etish rejasi” haqida savollarga javob bergan AQSh Davlat departamentining matbuot kotibi Xezer Nauyert bunday rejadan xabari yoʻqligini bildirdi.
“Trampning bunday rejasi borligidan xabarimiz yoʻq”, dedi AQSh Davlat departamentining vakili.
Tramp oʻtgan oyda qilgan nutqida ham AQSh kuchlarining tez orada Suriyadan chiqib ketishi kerakligini aytgan edi. Biroq “chiqib ketish” jarayoni haqida batafsil toʻxtalmagan edi.
Pentagonning maʼlum qilishicha, Suriyada AQShning 2000 askari bor. AQSh Suriyaning Dayr az-Zur mintaqasida yirik harbiy bazani qurayotgani haqida xabarlar ham tarqalgniga ham hali koʻp boʻlmadi. Suriya demokratik kuchlari ham bu bazanining qurilayotganini tasdiqlagan edi.