AQSh Bashar Asadning oʻz mansabida qolishini istaydi
AQSh maʼmuriyati Suriya prezidenti Bashar Asadning hokimiyatdan ketishi zarurligi haqida tinimsiz bayonotlar berib keladi. Biroq tadqiqotlar buning aksini koʻrsatmoqda. AQSh tadqiqotlar markazi tarafidan chiqarilgan xulosaga koʻra, Amerika hukumati Bashar Asadning oʻz mansabida qolishi tarafdoridir.
AQShdagi urushni oʻrganish institutining razvedka rejasi boʻyicha eksperti Jennifer Kavarilla AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson tomonidan eʼlon qilingan AQShning Suriya strategiyasini qayta koʻrib chiqdi. Uning fikriga koʻra, unda AQSh maʼmuriyati oʻzgartirishi kerak boʻlgan masalalar mavjud.
“…Bu masalalardan biri Bashar Asad rejimini qabul qilishdir”, deya yozdi Kavarilla “Fox News”da chop etilgan oʻzining maqolasida.
Uning aytishicha, AQShning Suriya boʻyicha siyosati Oq uy maʼmuriyatining joʻshqin bayonotlariga qaramay, aslida Asad rejimini qabul qiladi. Tillersonning Suriyadagi AQSh ittifoqchilari tarafidan nazorat qilinadigan hududda AQSh qoʻshinlarining mavjudligi Asadning ketishi uchun yoʻl ochishi haqida bergan bayonoti haqiqatga ziddir. Chunki ekspertga koʻra, AQSh tarafidan qoʻllab quvvatlanayotgan “Suriya demokratiya kuchlari” Suriyaning shimoli va sharqidagi hududlarni nazorat qiladi. Bu mintaqa Asad va muxolifat uchun muhim hisoblangan asosiy mintaqalardan ancha uzoqda joylashgan. Bu esa AQSh kuchlarining Asad rejimiga qarshi jiddiy jang qilmasligini va uni agʻdarishga intilmasligini koʻrsatadi.
Jennifer Kavarella shunday xulosa qiladi: “Amerika Qoʻshma Shtatlari haqiqatga yuzlanishi va Suriyadagi sheriklarining quvvatlari cheklanganligini tan olishi kerak. Minbardan turib nutq soʻzlashni bas qilib, ish haqida oʻylash kerak. AQSh xavfsizligiga nisbatan Suriyaning ahamiyatiga qaraganda “diplomatik oʻyin”ga ishonish mumkin emas”.