Rossiya Turkiyadan moʻʼtadil muxolifatni oʻziga jalb qilishini kutmoqda
Rossiya Turkiyadan Suriyaning Idlib shahridagi moʻʼtadil muxolifatni oʻziga jalb qilishini kutmoqda. Bu haqida “Izvestiya” gazetasi Rossiyaning yuqori darajali rasmiysiga tayanib xabar tarqatdi. Gazetaga intervьyu bergan rasmiyga koʻra, ruslar AQSh amalga oshira olmagan ishni Turkiyadan kutmoqda.
“Biz amerikaliklardan bu ishni amalga oshirishlarini uzoq vaqt kutdik. Lekin natija chiqmadi. Endi bu vazifa Turkiyaga oʻtdi. Hozirda Anqara Ostonada erishilgan shartnomaga uygʻun ravishda, Idlib shahridagi “xavfsiz mintaqa”ni nazorat qilmoqda. Biz Turkiyadan oʻziga tobe boʻlgan moʻʼtadil muxolifatni Idlibdagi terrorchilardan ajratib olishini kutyapmiz”, dedi rasmiy.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga bogʻliq Moskva Xalqaro aloqalar universitetidan sharqshunos olim Yuriy Zinin Tahrir ush-Shom guruhiga xorijdan kelayotgan yordamlar ancha kamayganligini va ayrim guruh qoʻmondonlari uchun undan ajralib chiqish fursati tugʻilganligini daʼvo qildi. Sharqshunosning taʼkidlashicha, moʻʼtadil muxolifatni Tahrir ush-Shom guruhidan ajratib olish uchun Turkiyaning qoʻlida imkoniyat bor.
Ayni paytda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogan ham mahalliy axborot agentliklari orqali bergan bayonotida, Afrin amaliyoti Rossiya bilan kelishilgan holda amalga oshirilayotganligini bildirdi.
“Biz bu masalada rus doʻstlarimiz bilan ham, boshqa koalitsiya kuchlari bilan ham gaplashib oldik”, “Shu onda Rossiya bilan tuzgan kelishuv doirasida harakatimizni davom ettiryapmiz”, dedi Erdogan.