Kafil davlatlarga kim kafil boʻladi?!
Suriya inqilobiga nuqta qoʻyish maqsadida Rossiya, Turkiya va Eron tashabbusi bilan bir necha bor Ostona uchrashuvi tashkil qilindi. Uchrashuvda parda ortida turgan AQShning rejalari boʻyicha bitimlar tuzildi, “oʻt ochishni toʻxtatish” va “xavfsiz mitaqalar tashkil qilish” haqida qarorlar qabul qilindi. Bitimga binoan “xavfsiz mintaqa”ning xavfsizligini taʼminlash borasida javobgarlikni Rossiya, Turkiya va Eron davlatlari oʻz boʻyinlariga olishdi.
Ammo voqelik umuman boshqacha tus oldi. Xavfsizlikni taʼminlash kafilligini zimmasiga olgan Rossiyani oladigan boʻlsak, uning oʻzi bosh boʻlib, Xavfsiz mintaqa sanalmish Idlibni havodan tinimsiz bombalab kelmoqda. Soʻngi kunlarda Idlibning sharqida joylashgan bir qancha qishloqlarni yer bilan yakson qildi. Ruslarning hujumidan arang jonini qutqargan oilalarning baʼzilari Oq dengizda choʻkib oʻlgan boʻlsa, baʼzilari Livan chegaralarida sovuqdan muzlab halok boʻlmoqda.
Kafil davlatlardan yana biri Eron esa “Xavfsiz mintaqa”ga deyarli har kuni hujum qilayotgan Asad askarlarini qoʻllab quvvatlashda davom etyabdi. Bu ishlarning barchasi Ostona uchrashuvidan soʻng amalga oshmoqda. Ammo ogohlantiruvlarga qaramay, Ostona uchrashuvida kufrga qoʻl uzatgan Suriya muxolifat vakillari esa arosatda qolib ketishdi. Chunki ular ishongan kafil davlatlardan biri Turkiya ham bu qirgʻinlarga sukut saqlashi bilan xiyonatda Rossiya va Erondan qolishmayapti.
Soʻngi paytlarda Rossiyaning qirgʻinlaridan koʻz yumgan Turkiya hukumati PYD bahonasida Afringa yurish boshladi. Suriya demokratik kuchlariga qarshi kurashini Afrindan soʻng Minbichda davom ettirishini bildirgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan “Suriya xalqini qirgʻin qilganlar bosqinchidir”, deya bayonot berdi.
Biroq Rossiyaning Yaqin Sharq boʻyicha ekspertlari Turkiyaning Afrin harakatiga oid Rossiyaning “rozilik” siyosatini “Idlib evaziga Afrindan voz kechish”, deya baholamoqda.
Rossiyaning “Vzglad” gazetasiga intervьyu bergan Yaqin Sharq masalasi boʻyicha ekspert Anton Madrasov, Idlib-Afrin kelishuvi Halab qulagandan buyon Moskva va Anqara orasidagi eng katta kelishuv boʻlganligini bildirdi.
“Bugungi kundagi oʻzgarishlar Anqara va Moskva oʻrtasida juda katta kelishuv amalga oshirilganligini koʻrsatadi. Ushbu kelishuvning diqqat markazida Afrin va Idlib bor. Prezident Erdogʻan AQShning kurd qoʻshinlariga qarshi chiqishni roʻkach qilib, Afringa yurish boshlashni eʼlon qildi. Erdogʻan AQSh nazorati ostidagi Kobanining oʻrniga Rossiyaning nazoratidagi Afringa yurish boshladi. Keyin qiziqarli voqealar yuz bera boshladi. Xuddi (Erdogʻan) bir vaqtlar Halabdan oʻz tarafdorlarini chiqarib olib Rossiyaga shaharni egallab olishiga imkon bergani kabi. Shunga koʻra, (Rossiya va Turkiya) Idlibning evaziga Afrin ustida kelishib olganligi aniq. Bundan tashqari Anqara butun mintaqa idorasini egallab olmaslik toʻgʻrisida Moskvaga vaʼda bergan. Turkiya faqat oʻzi uchun bosh ogʻriqli YPGga qarashli asosiy nuqtalarni nazoratga olishni istaydi. 15 ming qurollangan YPG jangarilari qarshisida qanday qilib koʻp qon toʻkmay, bu amaliyotni oʻtkazishi albatta Rossiyaning jim qarab turishiga bogʻliq”, deydi rossiyalik mutaxassis.