Istanbulda oʻzbek va chechen oilalar qamoqqa olindi
Istanbulning Bashakshahar va Kayashahar tumanlarida oʻzbek va chechen oilalari uchun bir qator hibsga olish amaiyotlari amalga oshirildi. Ijtimoiy axborot vositalarining hisobotlariga koʻra, biroz avval oʻtkazilgan amaliyot paytida 35 oʻzbek va 40 chechen oilasi hibsga olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan eng soʻnggi xabarda esa, Sharqiy Turkistonlik bir oilaning boshiga kelgan voqealar haqida maʼlum qilindi. Vaqtinchalik yashash huquqini olish uchun Fatih tumanida joylashgan immigratsiya idorasiga murojaat qilgan Sharqiy Turkistonlik oilaning boshligʻi hibsga olingan. Ayoli esa quchogʻidagi bolasi bilan koʻchada qolib ketgan. Ularga yordam bergan Muhammad Kara ismli huquq himoyachisi muhojirlarni hech kim himoya qilmayotganligini, hatto advokat ham berilmayotganligini bildirdi.
Muhammad Karaning maʼlum qilishicha, yaqinda asosan oʻzbek va chechen oilalardan iborat 70-80 nafar oilalarga nisbatan ham shunday muomala qilingan. Baʼzi oilalar vaqtinchalik yashash huquqiga ega boʻlishiga qaramay, deportatsiya markaziga olib ketilmoqda. Hatto baʼzi muhojirlarning bolalari oʻz ota-onalaridan ajratilib yetimxonalarga berilmoqda. Istanbulda muhojir oilalar boshlariga kelishi mumkin boʻlgan hodisalardan xavotirda. Boshpana izlab kelgan mamlakatdan deport qilingandan soʻng oʻzlarining va vatanlaridagi qarindoshlarining boshlariga keladigan musibatlar ularni tashvishga solmoqda.