Pokiston AQShga koʻrsatgan xizmatlarini rasman tan oldi
Pokiston tashqi ishlar vaziri Muhammad Osif Pokistonning AQShga koʻrsatgan xizmatlarini va Pokiston askarlari AQSh ochgan urushda qurbon qilinganligini rasman tan oldi. Osifning bu eʼtirofi AQSh prezidenti Donlad Trampning Pokistonni nishonga olgan bayonotiga bergan rad javobida yangradi. U oʻzining tivitter sahifasida taʼkidlashicha, Pokiston AQShga ishonib xato qilganligini tarix isbotlagan.
“AQSh prezidenti bizdan “Nima qildingiz?”, deb soʻramoqda. Biz sizga harbiy bazalarimizni ochib qoʻydik, Afgʻonistondagi AQSh qoʻshinlarini qurol-yaroq va oʻq-dorilar bilan taʼminlash bizning hududlarimiz orqali amalga oshirildi. Minglab tingch fuqarolarimiz va askarlarimiz siz boshlagan urush tufayli qurbon boʻldi”, deya AQShga oʻz noroziligi bildirdi Osif.
“Tarix bizga koʻr-koʻrona AQShga ishonmasligimiz kerakligini oʻrgatdi. Faoliyatlarimizdan mamnun boʻlmasligingiz mumkin, ammo mamlakatimizning obroʻsi ortiqcha yerga urilishiga yoʻl qoʻymaymiz”, deya qoʻshimcha qildi Pokiston tashqi ishlar vaziri.
Shuningdek Muhammad Osif oʻzining Tvitter sahifasi orqali Pokistonning AQShga koʻrsatgan yordamlari Pokiston uchun qimmatga tushganligiga ham eʼtibor qaratdi.
Tramp birinchi yanvar kuni oʻzining Tvitter sahifasi orqali AQShning Pokistonga 33 milliard dollar yordam koʻrsatganligini bildirib, “Ular bizning yetakchilarimizni ahmoq deb oʻylashdi, biz ulardan yongʻon va firibgarlikdan boshqa narsa koʻrmadik. Ular AQSh Afgʻonistonda siquvga olgan “terrorchilar”ni xavfsiz boshpana bilan taʼminlamoqdalar”, deya tivitlagan edi.