Istambulda oʻzbek muhojiri qoʻlga olindi
Istambulda oʻtkazilgan IShIDga qarshi kurash amaliyoti doirasida Oʻzbekiston fuqarosi Islom Boyxujayev qamoqqa olindi. U bilan birga rafiqasi va bitta farzandi ham qamoqqa olib ketilgan. Bu haqida Turkiyada faoliyat yuritadigan “Turkistonlilar” jamiyati maʼlum qildi.
“Istambulning Esenyurt tumanida istiqomat qilib kelayotgan Oʻzbekiston fuqarosi Islom Boyxujayev, ayoli va farzandi bilan birgalikda kuni kecha IShIDga qarshi olib borilgan amaliyot doirasida qamoqqa olindi. Bu oila jamiyatimizning aʼzosidir. Uning hech qanday guruhga aʼzo emasligi va biror bir jinoyatga qoʻl urmaganligi borasida biz kafilmiz. Bunday amaliyotlarda qasdli ravishda jamiyatimizning begunoh aʼzolari nishonga olinayotganligidan aminmiz. Qilinayotgan zulmlar hech kimga foyda keltirmaydi, balki mamlakatimizga, ayniqsa “terrorizmga qarshi kurash” loyihasiga zarar bermoqda”, deyiladi “Turkistonlilar” jamiyati tarafidan chiqarilgan bayonotda.
Ayni paytda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy safar bilan Turkiyada mehmon boʻlib turibdi. Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi davomida turk xavfsizlik kuchlarining bunday amaliyotga qoʻl urishi eʼtiborga molikdir.
Xabarlarda aytilishicha, IShIDga qarshi kurash amaliyoti yarim tunda olib borilgan va bir vaqtning oʻzida 17 manzilga bostirib kirilgan. Amaliyotda IShID tashkilotiga aʼzolikda ayblanib 62 kishi qoʻlga olingan. Ulardan 58 nafari xorijiy davlat fuqarolaridir. Mazkur qamoqqa olingan 58 nafar xorijiy davlat fuqarolari ustidan deport qilish borasida ish boshlangani aytilmoqda. Qamoqqa olingan kishilarning qaysi millatga oid ekanligi haqida toʻliq maʼlumot berilmayapti.