
Bahrayn qiroli: (Isroil)ga qarshi gapirishdan saqlaning
Bahrayn masjidlarida bosqinchi (Isroil) rejimiga qarshi maʼruza qilish taqiqlandi. Bu haqida ayrim arab manbalari hamda “Times of Israel” gazetasi xabar tarqatdi. Xabarda aytilishicha, Bahrayn qiroli masjid imomlariga “(Isroil)ga qarshi gapirishdan saqlaning” deya buyruq bergan.
Bu holat soʻnggi kunlarda Bahrayn qiroli Hamad bin Iso al-Xalifa tomonidan ikkinchi bor takrorlanmoqda. Bahrayn qiroli bundan avval (Isroil)ga nisbatan qoʻllangan boykotlardan bezor boʻlganligini aytib chiqqan edi.
Qoʻshma Shtatlardagi (isroil)liklarga qarashli muassasada bayonot bergan qirol Hamadning soʻzlari ayrim arab davlatlari bilan (Isroil) oʻrtasidagi iliq munosabatlarni aniq namoyon qiladigan birinchi bayonot boʻldi. Bahrayn qiroli (Isroil) bilan diplomatik aloqalarni rivojlantirish haqidagi niyatlarini AQShda joylashgan “Simon Wiesenthal Center” tashkilotining rahbari ravvin Ibrohim Koper bilan uchrashuv chogʻida maʼlum qildi. (Isroil)da chiqadigan “Jerusalem Post” gazetasiga koʻra, Bahrayn qiroli ravvin Koperga (Isroil) bilan rasmiy aloqalar oʻrnatish tarafdori ekanligini va (Isroil)ga qarshi qoʻyilgan baykotlardan bezor boʻlganligini bildirgan.
AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Vatikan bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan Bahrayn qirolining (Isroil) haqidagi iliq bayonotlarining davom etishi kutilyapti. Arab manbalaridan olingan maʼlumotlarga koʻra, Bahrayn mulozimlari bir yil ichida (Isroil) bilan boʻlgan munosabatlarini rasmiy ravishda iziga tushirish haqida bosh qotirishmoqda.
Boshqa tomondan, Koʻrfazda Birlashgan Arab Amirliklarining (Isroil) bilan yaqin aloqalari borligi maʼlum. BAAning Vashingtondagi elchisi Yusuf al-Utaybening Qoʻshma Shtatlardagi yahudiy lobbisi bilan yaqin aloqasi borligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Sal avvalroq (Isroil) bosh vaziri Benyamin Netanyahu ham bir necha hafta oldin (Isroil) bilan Arab davlatlari oʻrtasida tarixda hech qachon boʻlmagan “yaxshi aloqalar” mavjudligini eʼlon qilgan edi.