Saudiyada koʻplab voizlar va akademiklar hibsga olindi
Soʻnggi kunlarda Saudiya hukumati mamlakat boʻylab taniqli insonlarni qamoqqa ola boshlagan. Bu haqida Al-Jazira axborot agentligi xabar tarqatdi. Agentlikning xabariga koʻra, qamoqqa olishning birinchi toʻlqinida juda koʻplab voizlar va olimlar hibsga olingan. Ular orasida dunyoga mashhur voiz Salmon Avda ham bor. Qamoqqa olishning ikkinchi toʻlqinida esa bir qancha akademiklar hibsga olingan va ular orasida avvalgi kunlarda hibsga olingan Salmon al-Avdaning ukasi ham borligi aytilmoqda.
Qamoqqa olishlar toʻlqini surgunda yashayotgan muxolif figuralarning mamlakatda namoyish oʻtkazish chaqirigʻidan soʻng amalga oshirilgan. Shu bois izma-iz kelgan hibslar toʻlqini Saudiyada qirol almashuvi oldidan xalq orasidagi “taʼsiri kuchli kishilarning ovozini oʻchirish”ga harakat sifatida baholanmoqda.
Britaniyada chiqadigan “The Independent” gazetasi soʻngi davrda amalga oshirilgan qamoqqa olishlar ortidan Qirol Salmon oʻz oʻrnini oʻgʻli valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonga topshirishi haqidagi daʼvolarni olgʻa surdi. Gazetaning yozishicha, juda koʻplab voizlar va akademiklarning hibsga olinishi ortidan uzoq vaqtdan buyon ogʻizdan ogʻizga oʻtib yurgan “qirol almanishuvi daʼvosi” kunning dolzarb mavzusiga aylangan.
Saudiya davlat mudofaa vazirligi, shuningdek mamlakatning eng yirik iqtisodiy tashkiloti “Aramco”ni boshqarib kelgan hamda qarorlar qabul qilish mexanizmini tartibchisi ekanligi aytilgan Muhammad bin Salmon soʻngi paytlarda yashirincha Tel-Avivga borganligi haqida xabarlar tarqagan edi.
Qirol Salmonning taxtini egallashi kutilayotgan Muhammad bin Salmon oʻtgan hafta Tel Avivni ziyorat qilib, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashganligiga oid xabarlar Isroilning arabcha eshittirish markazi tomonidan tarqatildi. Isroil telekompaniyasining vakili Shimon Aran oxirgi kunlarda Saudiya shahzodasi Isroilning yuqori lavozimli rasmiylari bilan uchrashganligini qayd etdi. Shimon Aranning taʼkidlashicha, Isroil rahbarlari va Saudiya shaxzodasi oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda “mintaqaviy tinchlikni saqlab qolish” masalasi koʻrib chiqilgan.