Arakan uchun toʻplangan yordamlar tantanali ravishda qotil Birma hukumatiga topshirildi!
Birma hukumati BMT va boshqa xalqaro yordam tashkilotlariga Arakan shimolidagi hududlarda faoliyat yuritishga ruxsat bermayotgani aytilayotgan edi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻanning Birma rahbari San Su Chin bilan oxirgi uchrashuvidan keyin Birmaga birinchi tashqi yordam tashkiloti sifatida “Turkiya xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi” uchun mintaqaga kirishga ruxsat berildi. Biroq Musulmonlardan yigʻilgan insoniy yordamlar ushbu qatliomlarni amalga oshirayotgan Birma hukumatiga topshirildi. Birma hukumati bu yordamlarni oʻz qoʻllari bilan qatl qilayotgan musulmonlarga qanday qilib yetkazishi nomaʼlumligicha qolmoqda.
Turkiya bosh vazirining oʻrinbosari Hakan Chavushoʻgʻlining qayd etishicha, bu yordamlar Arakanlik musulmonlarni qatl qilgan Birma armiyasiga mansub harbiy vertolyotlar orqali kerakli nuqtaga yetkazib beriladi. Bu yordamlar 100 ming oilaga yetkazilishi muljallangan edi.
Bundan avval Gʻazo uchun toʻplangan yordamlarni mazlumlarga yetkazishda ham xuddi shunday holat yuz bergan edi. Turkiya xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi va Qizil Yarim Oy tashkiloti Gʻazoga yuborilgan yordamlarni bir necha bor Isroilning Ashdod portiga topshirgan edi.
Turkiston:
Butun dunyo Musulmonlari qatori Turkiyadagi musulmonlar va koʻplab nohukumat tashkilotlar ham Birma hukumati tomonidan qirgʻinga uchragan arakanlik Musulmonlarga nisbatan eʼtiborsiz qolmadi, ular qatliomga qarshi oyoqqa turdilar va Arakanlik birodarlari uchun qoʻllaridan kelgan yordamini ayamadilar. Mazlum Musulmonlar uchun qoʻlidan kelgan yordamini ayamagan barcha Musulmonlardan Alloh Taolo rozi boʻlsin. Ular uchun duo qilgan Musulmonlarning duolarini Alloh dargohida qabul qilsin.
Turkiya hukumati ham arakanlik Musulmonlarga yordam toʻplash va ularni mazlumlarga yetkazish uchun bir qancha savobli ishlarni amalga oshirdi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, davlat – bu siyosiy vujuddir, xayriya tashkiloti emas. Uning faoliyati xayriya tashkilotlarining faoliyatidan tubdan farq qiladi. Toʻgʻri, muxtoj musulmonlarga moddiy yordam yetkazish zarur. Turkiya bu borada bir qancha yaxshi ishlarga qoʻl urdi. Ammo shu bilan cheklanib qolish u yerdagi zulmlarni bartaraf qilmaydi. Masalan minglagan tonna oziq ovqat yuborilganligi bilan, Arakanda hali ham qirgʻinlar va quvgʻinlar toʻxtagani yoʻq.
Dunyoning qayerida boʻlmasin, musulmonlar zulmga uchrab, qirgʻin qilinishi bilanoq, darhol yordam kampaniyasi boshlanadi. Bu juda yaxshi ish, ammo davlat siyosiy vujud sifatida siyosiy harakatlarga ham qoʻl urmogʻi lozim. Shunga koʻra, agar Turkiya hukumati haqiqatdan ham Arakandagi zulmga chek qoʻymoqchi boʻlsa, buning uchun ultimatum qoʻyish, bosim oʻtkazish va atrofdagi Indoneziya va Malayziya kabi boshqa davlatlardan ham shunday qilishlarini talab qilish siyosatini qoʻllashi lozim. Uning orqasida uni qoʻllab quvvatlab turadigan Ummat bor. Islom Ummatida oʻz birodari uchun qaygʻurish hissi mavjud. Real hayotda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham bunga guvoh boʻlib turibmiz. Demak bu qadamni tashlash uchun Turkiya hukumatining oldida biror toʻsiq yoʻq. Hatto u armiya yuborish imkoniyatiga ham ega. Agar hukumat bu ishni paysalga solsa, har bir ummat vakiliga hukumatni muhosaba qilishi va undan bu ishlarni qatʼiyan talab qilishi vojib. “Hozirda bu ishlar xalqaro siyosatga toʻgʻri kelmaydi”, degan gap-soʻzlar aytilishi ham mumkin, ammo musulmon rahbar kufr davlatlari tarafidan belgilangan xalqaro siyosatga emas, Yagona Allohning buyruqlariga binoan ish tutmogʻi lozim.