Putin: Rossiya KXDRning yadroviy maqomini tan olmaydi
“RIA Novosti” xabariga koʻra, Vladimir Putin Janubiy Koreya rahbari Mun Chje In bilan Sharqiy iqtisodiy forum doirasida uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv chogʻida Vladimir Putin hissiyotlarga berilmaslikka va KXDRni burchakka taqamaslikka chaqirdi.
“His-tuygʻularga berilmaslik kerak va Shimoliy Koreyani burchakka taqash kerak emas. Bugun hamma vazminlikni namoyish qilib, keskinlikni oshirishga olib keluvchi qadamlardan oʻzini tiyishi kerak”,- deb taʼkidlagan Vladimir Putin.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiyaning aniq takliflari Xitoy bilan hamkorligidagi “yoʻl xaritasi”da qayd etilgan. Prezident ushbu keskin vaziyatni yumshatish va bosqichma-bosqich tartibga solishga qaratilgan tashabbuslarni diqqat bilan koʻrib chiqishga barcha tomonlarni chorladi.
Rossiya KXDRning yadroviy maqomini tan olmaydi. Chunki Pxenyanning raketa dasturi BMT xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini qoʻpol ravishda buzib kelmoqda. Shuningdek, yadroviy qurol tarqalmasligi rejimini buzmoqda va Shimoliy-Gʻarbiy Osiyo mintaqasi xavfsizligiga rahna solmoqda.
Shu bilan birga, Putin Rossiya Janubiy Koreya va KXDR bilan uch tomonlama loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Rossiya prezidenti soʻzlariga koʻra, Koreyaga Rossiyaning tabiiy gazini yetkazib berish va elektr tarmoqlarini birlashtirish loyihalari haqida gap ketmoqda.
Mun Chje In oʻz navbatida, KXDR bilan muammolarni hal qilish zarurligi boʻyicha Putin bilan bir toʻxtamga kelganligini aytdi.
“Biz janob prezident bilan yadroviy va raketa sinovlari notoʻgʻri yoʻl ekanligi va Koreya yarim orolida keskinlikni kamaytirish dolzarb vazifasi yuzasidan yagona fikrga keldik”,- deb taʼkidladi Janubiy Koreya yetakchisi.