Rus generali: Suriyada kamida 200dan ortiq qurol turini sinovdan oʻtkazdik
Rossiya Qurolli kuchlari harbiy va ilmiy qoʻmitasining raisi general-mayor Igor Makushev Rossiya kuchlari Suriya jangida 200dan ziyod qurol turini sinovdan oʻtkazganligini tan oldi.
“Suriyadagi maxsus amaliyot chogʻida birinchi marta yuqori aniqlikdagi havo va dengiz qurollarini “bir vaqtda oʻt ochish sinovi”dan ham oʻtkazdik. Bu sinov Rossiya bosh shtab boshqarmasining rejalari asosida amalga oshirildi” – dedi Moskvada bayonot bergan Igor Makushev.
Makushevning soʻzlariga koʻra, Bu amaliyot Rossiya dengiz kuchlarining har qanday qiyinchilikda ham oʻt ochishni amalga oshirish qobiliyatiga ega ekanligini yaqqol namoyon etgan. Shuningdek rus generali Suriyadagi bu tajriba Rossiya qurollarining samaradorligini aniq tarzda koʻrsatib berganligini ham qayd etdi.
General Makushevning bu bayonotlari ortidan, Suriyadagi tinch aholini nishonga olgan Rossiya bombardimoni oʻz isbotini topdi. Rossiya avval buni inkor qilgan edi.
Markazi Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasining xabar qilishicha, rus hujumlari oqibatida qariyb 9300 fuqaro oʻldirilgan. Ulardan 3,800tasi tinch aholi vakillaridir. Bundan tashqari Suriyada Rossiya bosqinchilik natijasida 20 ming tinch fuqaro tan jarohati olgan. Bular rasmiy maʼlumotlarda koʻrsatilgan raqamlardir. Haqiqiy raqamlar esa bundan bir necha barobar ortiqligi barchaga ayon.