5 sentyabrdan Oʻzbekiston banklarida valyuta erkin sotila boshlanadi
Oʻzbekiston grezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr kuni “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi galdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5177-sonli farmonni imzoladi.
Farmon matniga koʻra, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston respublikasini rivojlantirishning 5 asosiy yoʻnalishlari boʻyicha harakatlar strategiyasiga binoan, shuningdek, valyutaga oid tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy etish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, ichki va tashqi bozorlarda milliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, respublikada investitsion iqlim va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida qabul qilinmoqda.
Farmonga koʻra 2017 yilning 5 sentyabridan boshlab:
Oʻzbekiston respublikasi yuridik shaxslari joriy xalqaro operatsiyalar (tovarlar, mehnatlar va xizmatlar importi, foydani repatriatsiya qilish, kreditlarni soʻndirish, safar xarajatlarini toʻlash va boshqa savdoga oid boʻlmagan oʻtkazmalar) boʻyicha xorijiy valyutani tijorat banklaridan cheklanmagan miqdorda xarid qilishlari mumkin.
Oʻzbekiston respublikasi jismoniy shaxslari – rezidentlari tijorat banklarining konversion boʻlimlarida xorijiy valyutani erkin sotish va xarid qilishlari mumkin. Bunda oʻrnatilgan qoidaga koʻra, sotib olingan mablagʻlar xalqaro toʻlov kartalariga oʻtkazib beriladi va undan xorijda hech qanday cheklovlarsiz foydalanish mumkin boʻladi.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan, lekin xorijdan isteʼmol tovarlari importi bilan shugʻullanuvchi xususiy tadbirkorlarga valyutani jismoniy shaxslar uchun oʻrnatilgan tartibda xarid qilishga ruxsat beriladi.
Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, eksport bilan shugʻullanuvchilarning xorijiy valyutadan tushumini majburiy sotish talabi bekor qilinadi.