Hamas yetakchisi: Eron bizning eng katta yordamchimizdir
Falastindagi Hamas tashkiloti Eron hukumati bilan oʻzaro munosabatlarini qayta tiklashga kirishdi. Bu haqida tashkilotning yangi siyosiy rahbari Yahyo Sinvar maʼlum qildi. Sinvar oʻzining matbuot bayonotida Eron hukumati Hamasning qurolli qanoti boʻlgan “Izzuddin Qassam” brigadasining eng katta moliyaviy va harbiy taʼminotchisi ekanligini bildirar ekan, Eron bilan Hamas oʻrtasidagi munosabatlar juda mukammal ekanligiga eʼtiborni jalb qildi.
Bayonotda Eronning Hamasga koʻrsatgan yordam koʻlami oshkor qilinmadi. Mintaqadagi diplomatlarning aytishicha, Eronning Hamasga koʻrsatayotgan moliyaviy koʻmagi soʻnggi yillarda keskin tushib ketgan.
Isroil qamoqxonalarida 20 yil umrini oʻtkazgan Yahyo Sinvar Hamasning sobiq xavfsizlik masʼuli edi. U oʻtgan fevral oyida Hamasning siyosiy rahbari etib tayinlandi. Sinvarning taʼkidlashicha, hozirgi kunda Isroilga qarshi urush boshlash Hamasning strategik manfaatlariga umuman mos kelmaydi.