Qirgʻiziston YeI bilan hamkorlikni mustahkamlashga intilmoqda
Qirgʻiziston Yevropa ittifoqi bilan hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisida yangi bitimni imzolash imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu masala Qirgʻiziston Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayevning Avstriya federal tashqi ishlar vaziri – YeXHTning hozircha amaldagi rahbari Sebastьyan Kurts bilan uchrashuvida tilga olingan.
Qirgʻiziston TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvi YeXHT ishtirokchi davlatlari tashqi ishlar vazirlarining Mauerbaxdagi har yilgi norasmiy yigʻilishi davomida boʻlib oʻtgan.
“Avstriya tomoni Qirgʻiziston hamda YeI oʻrtasidagi chuqurlashtirilgan sheriklik va hamkorlik boʻyicha yangi bitimni imzolash masalasini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Avstriya tomoni YeIda 2018 yildagi raisligi davomida ushbu masalasini faol tarzda ilgari surishi haqida maʼlum qildi”, – deya xabar bergan matbuot xizmati.
Qirgʻiziston TIV maʼlumotiga koʻra, vazirlar ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish muhim ekanini qayd etishgan. Uchrashuv davomida ikki mamlakat TIV oʻrtasida hamkorlik dasturi ham imzolandi.