Nazarboyev din sohasidagi geosiyosat kontseptsiyasini tasdiqladi
“Fargʻona” axborot agentligi xabar qilishicha, Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev maqsadi barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash boʻlgan din sohasidagi davlat siyosati kontseptsiyasini tasdiqladi. Nazarboyev tomonidan 20 iyunda imzolangan ana shu kontseptsiyani yaqin uch yilga tasdiqlash toʻgʻrisidagi farmon rasmiy matbuotda eʼlon qilindi.
Hujjatda aytilishicha, davlat diniy birlashmalarning ichki ishlariga aralashmaydi, biroq davlat “diniy birlashmalarning mazmunli va ijtimoiy faoliyatini tartibga solishi va nazorat qilib borishi, davlat qonunlari va manfaatlarining rioya etilishini talab qilishi lozim boʻladi”.
Bundan tashqari, kontseptsiyada “ekstremistik mafkuraga qarshi turish va diniy shiorlar bilan niqoblangan ayrim oqimlarning destruktiv faoliyatini neytrallashtirish borasidagi umumdavlat tizimini shakllantirish” toʻgʻrisida gap boradi.
Kontseptsiya dinshunoslik, teologiya va islomshunoslik sohasidagi kadrlar sifati muammosining oʻtkirligini tan oladi. Kontseptsiyada mamlakat hukumati qozogʻistonliklar tomonidan xorijda teologik taʼlim olish tizimini tartibga solish zarurligi toʻgʻrisida koʻrsatib oʻtgan.
Kontseptsiyada, shuningdek, radikal gʻoyalarning sistemali ravishda jamiyatga tashlab turilishi “terrorchilar va ekstremistlar qatoriga yangi aʼzolarni yollash uchun qulay sharoit yaratishi” hamda radikal kayfiyatda boʻlgan “destruktiv oqim” vakillarining zoʻravonlik aktlariga potentsial jihatdan tayyor ekanliklari taʼkidlab oʻtilgan.