Mirziyoyev – Atambayevga: “Oʻrtamizdagi chegaralarni yoʻq qilish uchun qoʻlimizdan keladigan bor ishlarni qilishimiz kerak”

924
0

Mirziyoyev – Atambayevga: “Oʻrtamizdagi chegaralarni yoʻq qilish uchun qoʻlimizdan keladigan bor ishlarni qilishimiz kerak”

 Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) 8-9 iyunь kunlari Ostonada oʻtayotgan sammiti doirasida Qirgʻiziston prezidenti Almazbek Atambayev bilan uchrashuv oʻtkazdi.

 Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiziston prezidenti bilan bu galgi uchrashuvi ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlik aloqalarni kengaytirishda muhim bosqich boʻlishi, Samarqanddagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni mazmunan boyitishini taʼkidladi.

 Qirgʻiziston prezidenti matbuot xizmati maʼlum qilishicha, Mirziyoyev suhbatdoshini Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif qila turib, prezident lavozimini egallab turgan olti oy davomida ikki mamlakatda “olgʻa qadam tashlash uchun yetarli asoslar borligini” koʻrib turganini aytgan.

 “Agar biz tadbirkorlar hamjamiyatini birlashtirsak, jiddiy muvaffaqiyatlarga erishamiz. Eng asosiysi, biz oʻrtamizda chegaralar boʻlmasligi uchun qoʻlimizdan keladigan bor ishlarni qilmogʻimiz kerak, bizning chegaralarimiz ochiq boʻlishi kerak”, – deya bildirdi Mirziyoyev.

 Almazbek Atambayev taklif uchun hamkasbiga minnatdorchilik izhor qildi va barcha asosiy sohalarda qirgʻiz-oʻzbek munosabatlarini mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi faol ishlarga tayyorligini bildirdi.

 Uchrashuv yakunlari boʻyicha ikki mamlakat rahbarlari qirgʻiz-oʻzbek davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha shartnoma imzolashga oid masalalarni muvofiqlashtirish borasidagi ishlarni tezlashtirish haqida tegishli idoralarga topshiriq berdilar, deyiladi matbuot xizmatining xabarida.

 Manba: “Fargʻona” axborot agentligi

Turkiston:

Karimov rejimining repressiv davri eng choʻqqiga chiqqan vaqtda Qirgʻiziston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegara deyarli yopib yuborilgan edi. Oʻzbek rejimi bu harakatlarini Oʻzbekistonning xavfsizligi uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlardan biri deb izohlagan edi.

Mirziyoyev aytayotgan chegarani yengillatish yoki ilgarigidek ochib yuborishda yoʻliqayotgan muammolar  aslida Oʻzbekistonning ichki siyosiy qarama qarshiliklardan kelib chiqyapti. Karimov bir necha yirik klanlarni bir biriga boʻyin sunmay, faqat uning oʻziga itoat qiladigan holatda ushlab, ularning vafodorliklari ostida oʻz avtoritar rejimini oʻrnatishga muvaffaq boʻlgan edi. Ularning har biriga muayyan tarmoqlarda erkin harakatlanish imkoniyatini kafolatlab berdi. Natijada bu Oʻzbek oligarxlari yirik va kuchli klanlar atamasi ostida, har biri oʻzlari uchun yirik korruptsiyalashgan sistemalar oʻrnatib olishdi. Hozir bu yirik oligarxlar egallab turgan tarmoqlarni Mirziyayev  mamlakat nazorati ostiga tortib olmoqchi boʻlyapti. Chunki Oʻzbek oligarxlari va klan yetakchilari Mirziyayevni davlat rahbari deb tan olishganlari bilan, uni rejim vujudi deb tan olishmadi.

Mirziyayevning sobiq rejim egalarining mamlakatdagi taʼsir quvvatlarini zaiflashtirish orqali ularni oʻz taʼsiri ostiga olish yoki ularni yoʻq qilib soʻng yangidan oʻzining rejimini oʻrnatishga harakat qilishdan oʻzga chorasi yoʻq. Hozir Oʻbekistonda mamlakatni bir necha kuchlar boshqarayotgandek siyosiy boshboshdoqlik holati mavjuddir. Bundan Mirziyayev sud, prokuratura va xavfsizlik tizimi xodimlarini oʻzining toʻla nazorati ostiga ola olmayotgani yaqqol koʻrinib turibdi. Chegarani yengillatib, savdo aloqalarini kuchaytirishga qaratilgan uning barcha hatti harakatlari ham muvoffaqqiyatsizlikka uchradi. Chunki Oʻzbek rejimi biror ish harakatni amalga oshirish uchun, davlatga mutlaq xavfsizlik tizimining nazorati, taʼsiri va ruxsati ostidagina harakatlana oladigan tizim tuzib bergan. Oʻzbek Qirgʻiz chegaralarini ochilishi uchun oʻzbek milliy xavfsizlik tizimi Qirgʻizistonni xavfsiz mamlakat deb tan olishi kerak.

Demak atambayevning Oʻzbekistonga borishi, yoki uning istak xohishi oʻrtadagi chegarani ochib yuborilishi uchun asos boʻla olmaydi. Chegara faqat Oʻzbekiston tomonidan birtomonlama berkitilgan. Qirgʻiziston tomonidan hatto tikonli sim ham tortilgan emas. Demak chegaraning ochilishiga yoki uning yopilganiga Atambayevning aloqasi ham, taʼsiri ham yoʻq. Bu -Oʻzbek millatining boyligiga zulukdek yopishib olib, qonini soʻrib turgan bir nachta klanlar deb nomlangan tekinxoʻrlarning manfaatlariga va ularning davlatdagi taʼsir oʻtkazish kuchiga bogʻliqdir. Hozircha Mirziyayevni ularga quvvati yetmayapti!

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.