Koʻrfaz davlatlari oʻrtasida diplomatik inqiroz yuzaga keldi

705
0

Koʻrfaz davlatlari oʻrtasida diplomatik inqiroz yuzaga keldi

Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Misr va Birlashgan Arab Amirliklari davlat xavfsizligini taʼminlash sababiga koʻra Qatar bilan barcha diplomatik aloqalarni uzganligini eʼlon qildi. Bu toʻrt davlat Qatar uchun havo, dengiz va quruqlik sohalarini yopib qoʻydi va Qatar diplomatlaridan 48 soat ichida mamlakatni tark etishlarini talab qilishdi. Qatarliklar faqat Haj va Umra ibodatlari uchun Saudiya Arabistoniga safar qilishlari mumkin. Bu ham uchinchi mamlakatlar orqali amalga oshiriladi. Bir oz vaqtdan soʻng bu toʻrt davlatning safiga Yaman ham qoʻshildi. Qatar Yamanda Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan Xusiylarga qarshi tuzilgan xalqaro koalitsiyadan ham chiqarib tashlandi.

Mazkur toʻrt davlat Qatarni terrorchi guruhlarni qoʻllab-quvvatlashda ayblamoqda. Ulardan biri Saudiya Arabistoni oʻzining bayonotida bu harakat qirollikni terrorizm va ekstremizmdan himoya qilish uchun zarur qadam boʻlganligini qayd etdi. “Biz barcha birodar oʻlkalarni shunday qilishga chaqiramiz”, deyiladi Saudiyadan berilgan bayonotda.

Bahrayn tashqi ishlar vazirligi ham mamlakat xavfsizligi uchun Qatar bilan barcha diplomatik aloqalarni uzib qoʻyganligini eʼlon qildi. Bahraynda istiqomat qilayotgan yoki sayohat maqsadida kelgan Qatar fuqarolaridan 14 kun ichida mamlakatni tark qilishlarini talab qilindi.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi tarafidan berilgan yozma bayonotda yuqorida aytib oʻtilgan davlatlarning Qatar bilan diplomatik munosabatlarni uzganligi afsus bilan qarshi olinganligi bildirildi. Bayonotga koʻra, bu qarorlar asossiz, haqiqatga zid daʼvolarga tayanilgan holda qabul qilingan. Al Jazira televideniyaga intervьyu bergan Qatar Tashqi ishlar vaziri “Biz bu adolatsiz qarordan gʻamgin boʻldik”, dedi.

Shuningdek bayonotda Qatar davlati Koʻrfaz hamkorlik kengashining faol aʼzosi boʻlib kelganligi, Koʻrfaz hamkorlik kengashi tarafidan qabul qilingan qarorlar va bitimlarga rioya qilganligi, boshqa mamlakatlarning suverenitetini hurmat qilganligi, boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaganligi, oʻzining missiyasi sifatida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashib kelganligi taʼkidlandi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.