Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasini dronlar bilan taʼminlaydi

1058
0

Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasini dronlar bilan taʼminlaydi

“Interfaks” axborot agentligining xabar qilishicha, Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasi yil oxirigacha uchuvchisiz boshqariladigan uchoq (dron)lar batalьoniga aylantiriladi. Bu haqida markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, general-polkovnik Vladimir Zatrudnitskiy maʼlum qildi.

Qoʻmondonning soʻzlariga koʻra, batalьonga “Orlan” va “Eleron” zamonaviy komplekslari keltiriladi. Vladimir Zarudnitskiy uchuvchisiz boshqariladigan uchoq (UBU)larning umumiy sonini tilga olmagan.

“Boʻlinma yagona informatsion tizimda bir necha UBU kuchlaridan foydalanish, shuningdek, motooʻqchilar, artilleriya va aviatsiya harakatining samaradorligini oshirish imkoniyatini yaratadi”,- dedi Vladimir Zatrudnitskiy.

General, shuningdek, Tojikistondagi 201-harbiy baza “Uragan” biravarakayiga oʻt ochish raketa tizimlari divizioniga ham ega boʻlgani haqida aytib oʻtdi. Bu oʻt ochish tizimi togʻli relьef sharoitlarida 35 km uzoqlikkacha boʻlgan nishonni bexato urish imkonini beradi.

Rossiya OAVlari general-polkovnik Vladimir Zatrudnitskiyga asoslanib, 201-harbiy baza jangovar imkoniyatlari “Uragan” tizimi hisobiga jiddiy ravishda oshganini yozishmoqda, biroq harbiy baza shaxsiy tarkibining soni xalqaro bitimlar doirasidan chetga chiqmaydi.

Maʼlumki, 201-harbiy baza Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy obʼekti hisoblanadi. Uning boʻlim va boʻlinmalari Dushanbe va Qoʻrgʻontepa shaharlarida joylashgan. Ikki tomonlama bitimga koʻra, Rossiiya harbiy bazasi Tojikistonda 2042 yilgacha faoliyat koʻrsatadi.

Soʻnggi yillarda Tojikistonning turli hududlarida yirik harbiy mashqlar oʻtkazildi. Ularning eng yirigi Tojikiston janubidagi Qabodiyon tumanidagi “Harbmaydon” poligonida tojik-rus harbiylari tomonidan oʻtkazilgan qoʻshma mashq boʻldi. Oʻtgan yilning mart oyida oʻtkazilgan harbiy oʻquv-mashqlarning asosiy maqsadi afgʻon-tojik chagarasidan bostirib kirishga urinuvchi qurolli jangarilar guruhiga munosib qarshilik koʻrsatish boʻlgan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, qoʻshma mashqlarda 950 birlikdagi harbiy texnika, 20 ta zarbdor va transport samolyotlari, 12 turli vertolyotlar, shuningdek uchuvchisiz boshqariladigan uchoqlardan foydanilgan. Unda Tojikistonning 15 ming zobiti, zaxiradagi askarlardan 30 ming kishi, shuningdek, Rossiyaning 2 mingga yaqin harbiy xizmatchisi ishtirok etgan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.