Putin: AQShning harakatlari tajovuzdan iborat
7 aprelga oʻtar kechasi AQSh prezidenti Donalьd Trampning koʻrsatmasi boʻyicha 59ta “Tomagavk” rusumli qanotli raketasi Oʻrta Yer dengizi hududidagi kemadan turib Xoms viloyatidagi nishonga uchirildi. Amerikaliklar ushbu hujum bir necha kun oldin Idlibda kimyoviy qurol qoʻllanganiga javoban amalga oshirilganini bildirishdi.
“Rossiya 24” telekanalining maʼlum qilishicha, AQSh armiyasining Suriyadagi aviabazaga yoʻllagan zarbalari oqibatida 7 kishi halok boʻlgan, yana 7 kishi jarohatlangan.
“Xoms viloyatida qurbon boʻlganlar soni haqida soʻnggi maʼlumotlar berildi. Viloyat gubernatorining aytishicha, 7 nafar harbiy hamda tinch aholi vakili boʻlgan ikki kishi halok boʻlgan. Yana 7 kishi ogʻir jarohatlar olgan”,- deyiladi xabarda.
AQSh tomonidan amalga oshirilgan raketa hujumidan soʻng Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya xavfsizlik kengashi aʼzolari bilan shoshilinch yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov maʼlum qilgan.
Uning aniqlik kiritishicha, “Vashingtonning harakatlari yana bir bor xalqaro huquqqa zid keluvchi agressiya akti” sifatida baholangan.
“Yigʻilishda roʻy bergan hodisadan chuqur xavotir bildirilib, bunday tajovuzkor harakatning salbiy oqibatlaridan qochib qutulib boʻlmasligi qayd etildi”,- degan Peskov.
Bundan tashqari, ushbu hujum AQSh va Rossiya munosabatlariga katta zarar keltirgani afsus bilan taʼkidlangan.
Majlisda bosh vazir Dmitriy Medvedev, Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin, prezident maʼmuriyati rahbari Anton Vayno, Xavfsizlik kengashi rahbari Nikolay Patrushev, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, IIV rahbari Vladimir Kolokolьtsev, FXX direktori Aleksandr Bortnikov, Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin, shuningdek prezidentning tabiatni muhofaza qilish, ekologiya va transport masalalari boʻyicha maxsus vakili Sergey Ivanov ishtirok etgan.