Suriya muxolifati vakillari Ostonaga kelmadi
Suriyada oʻt ochishni toʻxtatishga kafil boʻlgan Rossiya, Turkiya va Eron davlatlari hamda Suriya rejimining delegatsiyasi Ostona muzokaralarida ishtirok etmoqda. Biroq Suriya muxolifati vakillari bu uchrashuvga kelmadi. Ular oʻt ochishni toʻxtatish haqida qaror qabul qilinganiga qaramay, bombardimon davom etayotganligiga norozilik sifatida Ostona uchrashuvini boykot qilishgani aytilmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ostona uchrashuviga ishtirok etmagan qurolli muxolifat qoʻmondonlari bilan Rossiya mudofaa vazirligi oʻrtasida aloqa mavjudligini bildirdi. Lavrovga koʻra, muxolifat vakillari uchrashuvga ishtirok etmasligi haqida keltirayotgan sabablar arzugulik sabab emas. Muxolifatning Ostona uchrashuvini boykot qilish qarori kutilmagan hol boʻlganligini taʼkidlagan Lavrov bu vaziyatni hal qilish uchun harakat qilishini bildirdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa muxolifatning uchrashuvga ishtirok etmaganligi haqidagi savollarga “avval boshidanoq (Suriya tinchlik muzokaralari) juda murakkab ekanligini bilar edik”, deb javob berdi. Peskov bu masala boʻyicha surishtiruv ishlari davom etishini qoʻshimcha qildi.
Suriya rejimining Ostonadagi vakili Bashar al-Jaʼfari muxolifat vakillariga kafil boʻlgan Turkiyani oʻz vazifasini ado qilmayotganlikda aybladi.
“Uch kafil davlatdan biri oʻz vazifasini ado qilmayapti. Men bu yerda Turkiyani nazarda tutyapman. Bu qurolli guruhlarning ishtirok etmasligidan Turkiya javobgardir”, dedi Jaʼfari.
Jaʼfari Suriya rejimining delegatsiyasi Ostonaga qurolli muxolifat bilan uchrashish uchun emas, balki oʻzining ittifoqchilari boʻlmish Rossiya va Eron bilan uchrashish va oʻzlarining bu masalaga jiddiy qarayotganligini namoyish qilish uchun kelganligiga urgʻu berdi.
Ostonada tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar doirasida ikki tomonlama va uch tomonlama uchrashuvlar yopiq shaklda boʻlib oʻtadi. Barcha ishtirokchilarning katta stol atrofida toʻplanishi esa chorshanba kun amalga oshiriladi.