AQSh Kongressi aʼzosi: Rossiyaga nisbatan sanktsiyalarni yanada kuchaytirish kerak
AQSh Kongressining vakillar palatasi aʼzosi Adam Shiff “ABC” telekompaniyasiga bergan intervьyusida, “Amerika maʼmuriyati tomonidan Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanktsiyalar yetarli emas va qoʻshimcha cheklov choralarini qoʻllash lozim”ligini aytib oʻtdi.
“Biz yanada koʻproq narsa qilish kerak, degan fikrdamiz, – dedi Kongress quyi palatasidagi razvedka boʻyicha qoʻmita aʼzosi sanaluvchi Shiff. – Toʻgʻrisini aytsam, biz (Kongressda) qabul qilingan choralar Rossiyani bosib turishda yetarli emas, deb hisoblaymiz hamda kelajakda sanktsiyalar yanada kuchaytirilishi mumkin. Buni har ikki partiya ham qoʻllab-quvvatlashiga guvoh boʻlasiz”.
Shiffning taʼkidlashicha, AQShning saylangan prezidenti Donalьd Tramp Barak Obama maʼmuriyati tomonidan Moskvaga nisbatan kiritilgan sanktsiyalarni bekor qilishga qaror qilsa, u Kongressning “keskin reaktsiyasi”ga duch keladi. Shiffning soʻzlariga koʻra, bunday holatda koʻplab demokrat va respublikachilar Rossiyaga qarshi “jiddiy sanktsiyalar paketi”ni qoʻllash uchun harakat qilishadi.
Avvalroq, amaldagi AQSh maʼmuriyati rasmiy vakillari maxsus tashkil etilgan brifingda Tramp inauguratsiyadan soʻng Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni qiyinchiliksiz bekor qilishi mumkinligini tan olishgandi.
Maʼlumot oʻrnida, AQSh 29 dekabr kuni bir qator Rossiya kompaniyalari, Federal xavfsizlik xizmati va mamlakat Qurolli kuchlari bosh shtabi bosh boshqarmasiga nisbatan sanktsiyalar kiritilishi haqida maʼlum qilgan edi. Shuningdek, Amerika hukumati 35 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubordi. Vashington bu qadamlarni Amerika siyosiy tashkilotlariga uyushtirilgan xakerlik hujumlari bilan bogʻlagan.
Moskva esa kiberhujumlarga aloqasi yoʻqligini bir necha bora maʼlum qilgan. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov yangi sanktsiyalarga izoh berarkan, ular “tajovuzkorlikdan darak berishi”ni taʼkidlab oʻtdi.