Atambayev: Putin va Nazarbayev mendan ikkinchi muddatga qolishni soʻrashdi
“Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev mendan ikkinchi muddatga qolishni soʻrashdi”,- dedi Almazbek Atambayev 1 dekabr kuni yil yaunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya va Qozogʻiston rahbarlari undan muddati tugagach ketmasligini soʻrashgan. “Biroq men bunday qila olmasligimni, hammasini xalq xal qilishini aytdim”,- dedi Atambayev.
Rossiya harbiy bazasi toʻgʻrisida berilgan savolga javob berar ekan Atambayev, Rossiya Qirgʻizistonning strategik hamkori boʻlib qolishi, ammo harbiy masalada mamlakat oʻzining kuchiga tayanishi lozimligini maʼlum qildi.
“Biz “Gansi” bazasi boʻyicha juda toʻgʻri ish qildik. Bu kimga yoqish, yoqmasligidan qatʼiy nazar. Besh yil oʻtdi va oʻtgan vaqt bu toʻgʻri qaror ekanligini koʻrsatdi. Qirgʻiziston kelajakda faqat oʻzining kuchiga tayanishi lozim. Bu Rossiya bazasiga ham tegishli”, – deydi Atambayev.
Atambayevning taʼkidlashicha, baza Qirgʻiziston hududidan kelishuv muddati yakuniga yetgach “ketishi kerak boʻladi”.
“Albatta, bu kimgadir yoqmasligi mumkin. Biroq Rossiya prezidenti barchasini toʻgʻri tushundi. Meni Atambayev amerika bazasini chiqarib yubordi, ammo Rossiyanikini qoldirdi, deb koʻp tanqid qilishmoqda. Ammo Rossiya bilan kelishuv imzolangan. 2016 yilda amaldagi muddat yakunlanadi, shundan soʻng baza yana 49 yilga qolishi va 25 yilga choʻzdirilishi kerak edi. Lekin biz faqatgina 15 yil qoldirdik – 49 va 15”,- deya taʼkidlab oʻtdi Atambayev.
Maʼlumki, 2009 yilda kelishuv muddati 49 yilga uzaytirilgan boʻlib, qoʻshimcha 25 yilga avtomatik tarzda uzaytirish mumkinligi belgilab qoʻyilgan edi.