بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم
Savolga javob
Mosulni qaytarib olish jangi ortida nima turibdi?!
Savol:
2016 yil 17 oktyabrda Mosulni qaytarib olish jangi boshlanganligi eʼlon qilindi. Bu jangdan maqsad nima? Amerikalik masʼullarning oldingi bayonotlarini qanday tushunishimiz mumkin, zero ular Mosul urushining bir necha yildan keyin boʻlishini taxmin qilishayotgan edi-ku? Agar Mosuldan chiqarib tashlansa, Davlat tashkilotining kuni bitadimi? Iroq hukumati bilan turk rejimi oʻrtasidagi dahanaki jang nega yuz berdi? Turk rejimi nega bu jangda ishtirok etish toʻgʻrisida qattiq turib olyapti?
Javob:
Yuz berayotgan voqealarni atroflicha kuzatgan kishi koʻradiki, bu voqealar kurdlar regioni koʻzga tashlanib qolganidan keyin sunniylar uchun alohida regionni va shialar uchun boshqa regionni paydo qilish orqali Iroqni parchalab tashlashni toʻliq oxiriga yetkazish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar zanjirining davomidir. Bu siyosatni Amerika bugun boshlamadi va bu Iroqni bosib olinganidan beri boshlangan siyosat ham emas. Aksincha u bu siyosatni Iroqni bosib olishdan oldin, yaʼni Amerika 1991 yilda Iroq shimolida uchish taqiqlangan zonalarni joriy qilganidan boshlab boshlagan edi. Ana shu paytga kelib Kurdiston mintaqasi deyarli bir davlatga oʻxshab qolgan edi! 2003 yilda Amerika Iroqni bosib olgan paytda bosib olingan Iroq hokimi Bremmer oʻrnatgan nizom toifalar va mazhablarning ulushiga qarab toifachilik va mazhabchilik asosidagi rejim edi. Bremmer iyul oyida Iroq boshqaruv kengashi deya nomlangan kengashni tuzdi. 2003 yil avgustda esa 25 aʼzodan tuzilgan konstitutsiyani tayyorlash komissiyasini tayinladi. Bu komissiya Iroqni Kurdiston regioniga oʻxshagan regionlar asosidagi “federal” davlatga aylantiruvchi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqdi. Shundan keyin unga ovoz berish uchun 2005 yil 31 yanvarda umumiy saylovlar oʻtkazildi. Bundan maqsad konstitutsiyani ishlab chiqish amaliyotiga oʻtish davri boshqaruvi qonunida koʻrsatilganidek qonuniy tus berish edi. Ishga solingan va zoʻravonlik qilingan qingʻir uslublarga qaramay roʻyxatga olingan saylovchilardan faqat 58 %igina saylovda ovoz berdi… Bu konstitutsiya ana shu tarzda maʼqullandi! Bu konstitutsiyaning baʼzi moddalari quyidagilar:
Iroq jumhuriyatining 2005 yilgi konstitutsiyasining 1 moddasida “Iroq jumhuriyati federal davlat” ekanligi koʻrsatilgan. 116 moddada “Iroq jumhuriyatidagi federal nizomning poytaxtdan va markazlashmagan (baʼzi vazifalar markazdan belgilanmaydigan) regionlar, muhofazalar va mahalliy idoralardan tashkil topishi” koʻrsatilgan. 117 moddada “bu konstitutsiya kuchga kirgan paytidayoq Kurdiston regionini va uning mavjud hokimiyatini federal region deb tan oladi” deya koʻrsatildi… Bu region salohiyatlariga nazar tashlagan kishi Iroqning yaqin kelajakda qanchalik parchalab tashlanishini tushunib yetadi! Ayniqsa 119 moddada “boshqa regionlarning ham paydo boʻlishi mumkinligi” koʻrsatilgani uchun buni tushunib yetish qiyin emas… Shunday qilib Amerika oʻsha mashʼum konstitutsiya orqali Iroqni parchalab tashlash urugʻlarini ekdi…
Amerika Iroqni parchalab tashlovchi konstitutsiya tasdiqlangani uchun zoʻr muvaffaqiyatni his qilgan edi. U Iroqni parchalashga jamoatchilik orasida qulay muhitni paydo qilish uchun malaylariga bu ishni birinchi oʻringa qoʻyishni yukladi. Biroq malaylari bu ishda muvaffaqiyat qozonmadi. Chunki shia va sunniy mintaqalar deb atala boshlangan mintaqalarda hatto regionlar degan atama bilan boʻlsa ham separatchilik (ajrab chiqish) faoliyati mavjud emas edi. Hatto shia va sunniy mintaqalar deya nomlangan mintaqalar boʻlmadi va bu nom begona edi… Shuning uchun Amerika muhitni oʻz uslubi boʻyicha tayyorlashga kirishdi va bu ishga Molikiyni tanladi. Chunki u Islomga va musulmonlarga qarshi adovat bilan toʻyingan shaxs boʻlib, u 2006 yil 20 mayda bosh vazirlik mansabiga tayinlangan edi. Uning asosiy vazifasi sunniylar bilan shialar oʻrtasida kuchli nafratni paydo qiladigan adovatni vujudga keltirish edi! Darhaqiqat, Amerika qoʻgʻirchogʻi Molikiy oʻta mazhabchi boʻlib boshqalarning jigʻiga tegib ularning gʻazabini qoʻzgʻardi. Buning oqibatida muhit regionlarga boʻlib tashlashga tayyor boʻlib qoldi. Molikiy bu rolni muvaffaqiyatli oʻynadi. Chunki Molikiy sunniylar va kurdlarga nisbatan adovat urugʻini ekdi. Oqibatda Iroqni boʻlib tashlash koʻpchilik odamlarning matlabiga aylanib qoldi… Molikiy bu adovatni vujudga keltirib regionlarga boʻlib tashlash uchun muhitni tayyorlashga muvaffaq boʻldi. Bu uning bosh vazir sifatida Amerika bajarishni unga buyurgan asosiy vazifasi edi. Shuning uchun Amerika uning hokimiyatda qolish muddatini 2014 yil 8 sentyabrgacha yana bir muddat choʻzib qoʻydi. Uning boshqaruv kunlari qora kunlar boʻldi. 2011 yil dekabrda Amerika zohirda Iroqdan harbiy jihatdan chiqib ketib, aslida esa xavfsizlik va siyosiy jihatdan qolgan paytdayoq fitna daraxti allaqachon mevasini berib boʻlgan edi. Bu yovuzlik mevasini Molikiy yanada koʻpaytirdi. Chunki bu qoʻgʻirchoq zoʻravonlik qildi, misli koʻrilmagan tarzda ahmoqona kekkayib zulm qildi, fitna olovi oʻchgan paytda uni provokatsion tusdagi ishlar va soʻzlar bilan yangidan alanga oldirdi… shialarning qurolli toʻdalarini tuzib mazhabchilik asosidagi adovatni yanada avj oldirdi.
Amerika musulmonlar oʻrtasidagi jarlikni yanada chuqurlatish uchun Molikiy timsolida haqiqatdan ham oʻzining yoʻqotgan narsasini topgan edi. Chunki bu qoʻgʻirchoq oʻzidagi butun kek-adovat, makru hiyla, zulmu zoʻravonlik bilan sunniylarga qarshi provokatsion xatti-harakatlarni qilib ataylab ularning jigʻiga tegar edi… Odamlar zulmni olib tashlashni yoki oʻz haq-huquqlarini talab qilishsa bu qoʻgʻirchoq ularga zoʻravonlik qildi va ularning har qanday haq-huquqini rad etdi. Masalan 2012 yilda sunniylar yashaydigan mintaqalar aholisiga nisbatan – ular tinch namoyish bilan harakatga kelgan paytda – xuddi shunday ahvol roʻy berdi. Holbuki ularning talablari oddiy boʻlib, zulmni olib tashlashga, qamalganlarni, xususan ayollarni ozod qilishga, tunda uylarga bostirib kirishlarga chek qoʻyishga taalluqli talablar edi… Bu talablar orasida rejimni qulatishga oid hech qanday talab yoʻq edi. Lekin Molikiy hukumati bu talablarni rad etdi va ularni terrorchilarga xizmat qiladigan talablar deb atadi. Shuning uchun bu qoʻgʻirchoq tinch piketlarni bostira boshladi. Oqibatda bu mintaqa ahlining gʻazabi ortib ular ajralib chiqishni yoki bir federal regionni barpo qilishni talab qiladigan boʻlishdi. Molikiy va uning hukumati buni oʻzining amerikalik xoʻjayinlarining sekingina buyurishi yoki roziligi bilan amalga oshirdi. Chunki u amerikaliklar tomonidan harakatga keltirilgan qoʻgʻirchoqdir. Bu bilan bir qatorda baʼzi shia harakatlar – hatto Anborda tinch norozilik namoyishlari boshlanishidan oldin – janubda Kurdiston regioniga oʻxshagan shialar regionini barpo qilishni talab qila boshladi. Ish shu chegaradagina toʻxtab qolmadi. Aksincha qoʻshni davlatlar mazhabchilik jihatini boʻrttirib qoʻrsatishda bir-biri bilan kim oʻzarga musobaqa qildi… Bularning barchasi Amerika siyosatini amalga oshirish uchun edi. Amerika Iroqning bir butun boʻlishini istamaydi, aksincha parchalanib ketib oʻzaro yoqa boʻgʻishadigan, bir-biridan nafratlanadigan, bir-birini oʻldiradigan boʻlishini istaydi! Har bir tarafning jaholat otiga minib oʻzi uchun bir alohida region boʻlishini talab qilishini va regionlarga boʻlinib ketishga ochiqdan-ochiq chaqiradigan boʻlishini istaydi!
Mana shunday sharoitda Davlat tashkiloti Mosulda tayanch nuqtasiga ega boʻlish uchun harakatga kirishdi. Amerika bu tashkilotning mana shu muhitga shialarning qurolli toʻdalari bilan birga kirib kelishi jarlikni yanada shiddatli ravishda chuqurlashtiradi, natijada bu Amerikaning sunniylar bilan shialar oʻrtasidagi nizoni yanada avj oldirishdan iborat maqsadiga xizmat qiladi, degan fikrga keldi. Shu maqsadda Amerika Molikiyga armiyani Mosuldan – qurol-aslahalarni va banklardagi pullarni qoldirib – olib chiqib ketishni buyurdi va shunday ham boʻldi. Chunki 2014 yil iyunda Mosulning Davlat tashkiloti qoʻliga oʻtgani eʼlon qilindi. Iroq armiyasining Mosulni bir haqiqiy jangsiz tashlab chiqqani, balki oʻz qurol-aslahalarini, texnikalarini, liboslarini topshirib chiqqani, Mosul banklarida pullarni qoldirgani, son va texnikada ustunligiga qaramay armiya askarlari, zobitlari va xavfsizlik kuchlari qochib ketishgani haqida qator hikoyalar paydo boʻldi. Hamma bu mavzuda shak-shubhaga tushib, bir til biriktiruv borligiga va bu mintaqani Davlat tashkilotiga muayyan gʻarazlarni koʻzlab ataylab topshirilganiga ishora qila boshladi. Til biriktiruv boʻldi degan bu raʼy omm shu darajada kuchli boʻldiki, natijada Molikiy yuz bergan bu hodisani til biriktiruv ekanini tan olishga majbur boʻlib bunday degandi: (“Mosul boshdan kechirgan narsa bir til biriktiruv boʻldi”. Molikiyning feysbukdagi sahifasi, Amerika ozodlik radiosi 2015 yil 18 avgust). Lekin Molikiy bu til biriktiruvni oʻzidan yiroqlatishga urindi. Vaholanki bu til biriktiruv “muallifi” uning oʻzi edi. Chunki u bosh vazir va armiya qoʻmondoni hamda jangdan birinchi javobgar edi! Xuddi shunday ahvol Ramadiyda ham takrorlandi, u yerdan ham oltin diviziya deb nom berilgan mavjud kuchlar hech bir qarshilik koʻrsatmasdan olib chiqib ketildi. Shundan keyin Molikiyni va bundan javobgar kimsalarni muhosaba qilishni talab qilish boshlandi. Lekin bu mavzu bir yoritilgan boʻlib keyin “unutildi”. Amerikaning bu mavzuni yopishni maʼqul koʻrgani koʻrinib turibdi. Chunki armiyani olib chiqib ketishda Amerikaning qoʻli bor. Chunki Amerika Davlat tashkilotining – uni sunniy degan eʼtiborda – Mosulda paydo boʻlishini osonlashtirishni istadi. Chunki Davlat tashkilotining shia qurolli toʻdalari bilan bir qatorda paydo boʻlishi sunniylar bilan shialar oʻrtasidagi jarlikni yanada kengaytirib regionlarga boʻlib tashlangan federallikka zamin tayyorlab berar edi. Shuning uchun Amerika Molikiyga armiyani Mosuldan – bu shaharga Davlat tashkilotining kirib kelishini osonlashtirish uchun – olib chiqib ketishni buyurdi. Bugina emas, balki Amerika bu tashkilotni – u Mosulga kirib kelgan paytda – bombardimon qilishni rad etdi. Chunki Obama 2014 yil 13 iyunda “Vashington iroqliklar ilgari suradigan bir siyosiy reja yoʻq boʻlib turgan bir sharoitda bironta harbiy amaliyotda ishtirok etmaydi” dedi. Holbuki Amerika bilan Iroq oʻrtasida tuzilgan xavfsizlik kelishuvi bor edi va Iroq hukumati Obamadan ana shuni (zarba berishni) talab qilgan edi. “Iroq tashqi ishlar vaziri Zeboriy Jiddada 2014 yil 18 iyunda “Bagʻdod Vashingtondan qurolli jangarilarga havodan zarbalar berishni talab qildi” dedi”. Buni Amerika bosh shtabi boshligʻi general Dempsi ham kongress yigʻinida taʼkidladi. Bu esa Amerikaning aralashishga shoshilmaganini, aksincha uni to muhit regionlarga boʻlib tashlash loyihasini amalga oshirishga tayyor boʻlgungacha kechiktirib turganini anglatadi. Buning uchun sunniylar bilan shialar oʻrtasidagi muhitni yanada qaynoq tus oldirib, oxiri ikkala tarafdan har biri – xuddi Iroq Kurdistonida boʻlganidek – oʻzi uchun bir alohida region boʻlishiga rozi boʻlishi kerak edi. Ana shundan keyin Amerika Davlat tashkilotiga qarshi jang qilib uni Mosuldan haydab chiqarishni buyurmoqda.
Albatta ongli siyosatchilar buni yaxshi tushunib, kuzatib turibdi. Biz bu oʻrinda “Iroq Yavm” sayti yuqori darajadagi diplomatik manbalardan olib tarqatgan xabarni aytib oʻtamiz. Bu manbalar shu saytga mamlakatdagi Davlat tashkilotini yoʻq qilishga oid Amerika qoʻygan shartga taalluqli xabarlarni sekingina chiqarib yuborgan. Ularda quyidagilar kelgan: “Bagʻdoddagi federal boshqaruvga boʻysunadigan uchta asosiy regionni barpo qilish IShID tashkiloti ishini uzil-kesil hal qilishning va Iroqni undan tozalashning hamda hozirda Bagʻdodda hukumat oʻrnini egallab turgan ikkinchi darajali maʼmuriyatlarning hammasiga, xususan Eron buyruqlari bilan boshqarilayotgan qurolli otryadlarga barham berishning asosiy shartidir”. Ana shu manbalarning oʻzi quyidagilarni ham bildirdi: “… Vashington Iroqdagi yangi federal hukumatni xavfsizlik kengashi tomonidan boʻladigan qoʻllab-quvvatlash bilan himoya qilishni vaʼda qildi…”.
Shunday qilib demak Amerika Molikiyni – u mazhabchi mutaassib boʻlgani sababli – tanlab, sunniylar bilan shialar oʻrtasida adovatni paydo qilish va ana shundan keyin Iroqni regionlarga boʻlib tashlab, bu regionlarni markaz bilan hech qancha vaqt oʻtmay uzilib ketadigan moʻrt “arqon” bilan bogʻlab qoʻyish uchun uni ishga soldi. Molikiy oʻziga buyurilgan bu rolni bajarish uchun sunniylarga qarshi provokatsion xatti-harakatlarni qiladigan boʻldi… Amerika Davlat tashkilotining shialarga boʻlgan qarashidan ham foydalandi. Shu maqsadda bu tashkilotning Mosulga kirishini osonlashtirdi. Sunniylar bilan shialar oʻrtasidagi jarlikni yanada kengaytirish maqsadida shunday qildi. Amerika Davlat tashkilotidan – bu tashkilot Mosulga kirib “xalifalik”ni eʼlon qilgan paytida – yana bir bor foydalandi. Chunki Amerika bu tashkilotning tinch fuqarolarni oʻldirish, yondirish va quvgʻin qilishdan iborat ishlariga zoʻr urgʻu berib bu ishlarni Xalifalik bilan bogʻlashga urindi. Lekin Alloh ularning ishlarini barbod qildi. Chunki odamlar Bagʻdodiyning “xalifaligi” bir safsata ekanligini, tiklashga harakat qilishni Alloh farz qilgan va hayotga qaytishini Rosul A bashorat bergan Xalifalikning esa haq va adolatli ekanligini, odamlar tinchlik va osuda hayot istab haqiqiy Xalifalikka hijrat qilishlarini, haqiqiy Xalifalik yaxshilikni nafaqat oʻzining fuqarolari oʻrtasida yoyibgina qolmay, balki uni butun olamga yetkazishini bildilar.
Turk kuchlarining Iroq shimolida mavjud boʻlib turishiga kelsak, u ham xuddi ana shu gʻarazning oʻzi uchundir. Yaʼni Iroqdagi sunniylarga – xuddi Eron shialarga “quvvat” berganidek – “quvvat” berishdir… Turkiya regionlarga boʻlinib ketishni kuchaytirish uchun regional vaziyatga mana shu tarzda oʻz hissasini qoʻshmoqda! Demak Turkiyaning kirishi mana shu jarlikni yanada chuqurlatish uchun boʻldi. Yuzaki qaraganda Turkiya oʻzini goʻyo Eronning shialarni himoya qilishi qarshisida sunniylarni himoya qilayotgandek qilib koʻrsatmoqda… Bularning barchasi bitta maqsadni amalga oshirish, yaʼni boʻlinib ketishni osonlashtirish uchundir.
Endi Turkiyaning bu jangda ishtirok etish toʻgʻrisida qattiq turib olganiga va Erdogan bilan Ibodiy oʻrtasida dahanaki jang yuz berganiga kelsak, Erdogan Iroq hukumatining turk kuchlarini Mosul shimoliy sharqidagi Bashika harbiy lageridan olib chiqib ketish haqidagi talabini rad etdi. Vaholanki Iroq hukumati bu ish oʻzining ham, turk hukumatining ham qoʻlida emasligini, aksincha u Amerika siyosatiga qarab boʻlishini juda yaxshi biladi. Maqsad Erdoganni goʻyo u oʻzining Obodiy bilan boʻlgan tortishuvida sunniylarga yordam beradigandek qilib koʻrsatish va shundan keyin uning “regionlar” haqidagi Amerika loyihasiga qiziqtirishidir! Ibodiy ham xuddi shunday ish tutmoqda. Chunki u Iroqning yeru osmonini toʻlgʻazib tashlagan shuncha kuchlar haqida miq etmay faqat turk kuchlari mavzusini qoʻzgʻamoqda! Bundan maqsadi shialarning xayrixohligini kasb qilishdir… Bu ikkala ish bitta gʻaraz-maqsadning oʻziga xizmat qiladi. Yaʼni Amerikaning Iroqni regionlarga parchalab tashlashga oid gʻaraziga xizmat qilish uchun sunniylar bilan shialar oʻrtasidagi nizoni yanada avj oldirishga xizmat qiladi… Shuning uchun turk hukumati bilan Iroq hukumati oʻrtasidagi bu tortishuvning davom etishini va toʻxtashini Amerika loyihasi belgilaydi. Bu Iroq hukumati turk kuchlarini olib chiqib ketishni talab qilayotgan birinchi holat emas. Chunki bu hukumat oʻtgan yilning oxirida ham buni talab qilgan edi. Oʻshanda arab ligasi yigʻin oʻtkazib bu talabni qoʻllab-quvvatlagan va bu ishni Xavfsizlik Kengashiga – u Turkiyani qoralab undan oʻz kuchlarini olib chiqib ketishini talab qiladigan bir qarorni qabul qilishi uchun – havola qilgan edi. Lekin bu talab bir stakan suvda qoʻzgʻalgan “boʻron”dek bir “lop” etib darhol oʻcha qoldi! Shunday qilib demak turk kuchlarining qolishi xuddi shu gʻarazning oʻziga, yaʼni regionlarga boʻlib tashlash haqidagi Amerika loyihasini amalga oshirishga xizmat qiladi. Bu ish sir boʻlmay qoldi. Aksincha uni Erdogan ochiq aytib shimoldagi regionga oʻxshab Mosulning ham bir alohida region boʻlishini talab qilmoqda. Erdogan Iroq shimolida mahalliy boshqaruvga ega bir alohida region boʻlishiga rozilik bergan, lekin xuddi shunga oʻxshagan Mosul regioni boʻlishiga rozilik bermagan kimsalarni ayblamoqda. Erdogan oʻzining Beshtepada soʻzlagan nutqida Mosuldagi vaziyatga toʻxtalib quyidagilarni aytdi: “… Iroq shimolida mahalliy boshqaruv boʻlishi toʻgʻrisida ovoz berishda “ha” deb ovoz berganlar Mosulda ham xuddi shu narsaning oʻzi boʻlishiga “ha” deb aytishmadi”. (Taym Turk gazetasi 2016 yil 18 oktyabr).
Endi nega hozirga kelib amerikaliklarning oldingi bayonotlariga aks oʻlaroq Mosulda urush qilishni qattiq turib talab qilinganiga kelsak, bu masala quyidagichadir:
Amerika Davlat tashkilotiga qarshi urush qilib uni Mosuldan chiqarib yuborish vaqti kelgani yoʻq deb bilgan edi. Shuning uchun Obama oʻzining davrida bu ishni uzil-kesil hal qilishga shoshilmadi. Aksincha baʼzi amerikalik masʼullar bu ish bir necha yillarga choʻziladi deb bayonot berishgan edi… Lekin shunday ishlar yuz berdiki bu ishlar Obamani bu toʻgʻrida shoshilishga majbur qildi… Chunki Obama oʻzining mashʼum davri biron muvaffaqiyat bilan yoki aytishga arzirli bir kichkina muvaffaqiyat bilan yakunlanishini istar edi. U bu toʻgʻrida Suriyaga umid bogʻlagan va shu maqsadda Eronni, uning qurolli toʻdalarini safarbar qilgan va ruslarning havodan bombardimon qilishini avj oldirgan edi. Lekin uning umidi puchga chiqqani koʻrinib turibdi. Bunga sabab Suriya ahlining, xususan Halabning qoyadek buyuk qatʼiyatidir. Shuning uchun Obama koʻzini Iroqqa, Mosul tomonga – shoyad u yerda biron muvaffaqiyatga yoki bir kichik muvaffaqiyatga boʻlsa ham erishish ilinjida – burdi! Va Mosulga kirish uchun shoshilinch harakat qildi. U hatto ortida baʼzi qarshilik oʻchoqlarini, jumladan Xavijani qoldirdi… “Uoll-strit jornal gazetasining yozishicha Mosul sari ilgarilagan Iroq kuchlari Davlat tashkiloti nazorati ostidagi baʼzi qarshilik oʻchoqlarini, masalan Kirkuk muhofazasining oʻrtasida joylashgan Xavijani chetlab oʻtib ortda qoldirdi. Bu ish tashkilot jangarilariga Iroqdagi boshqa mintaqalarda qarshi hujumlar uyushtirish imkonini beradi. Gazeta oʻzining bir hisobotida izoh berishicha Iroq rahbarlari Xavijani qaytarib olishni oʻzlarining birlamchi vazifalari doirasiga kiritishmagan. Vaholanki – deb yozadi gazeta – Xavija poytaxt Bagʻdod bilan mamlakatning ikkinchi eng katta shahri Mosulni bir-biriga bogʻlovchi yoʻlda joylashgan… Kirkukdagi shia otryadlari qoʻmondonlaridan biri Maysam Zaydiy Xavijani “Iroq shimoli biqiniga sanchilgan bir pichoq” deb atadi. Uning aytishicha hukumat baʼzi bir siyosiy sabablarga koʻra va xalqaro bosimlar tufayli Xavijadan oldin Mosulni qaytarib olishga shoshildi…”. (Al-Jazira 2016 yil 28 oktyabr).
Shunday qilib Mosul jangi 2016 yil 17 oktyabrda boshlandi. Aytishlaricha unda Iroq armiyasidan 140 ming askar, Peshmerga kuchlari, urugʻ-qabilalardan toʻplangan kuchlar, milliy kuchlar va boshqa kuchlar ishtirok etmoqda. Amerika mudofaa vazirligi rasmiy vakili Piter Kuk quyidagilarni aytdi: “Vashington boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Mosul jangi chogʻida Iroq kuchlarini toʻla qoʻllab-quvvatlamoqda”. U “Mosulni qaytarib olish jangida ortdagi chiziqlarda Amerika kuchlari turganini, ularning turishidan maqsad Iroq armiyasiga va Peshmerga kuchlariga ort tomondan yordam koʻrsatish ekanini” koʻrsatib oʻtdi. (Reyter 2016 yil 17 oktyabr). Amerika iyulning oxirlarida Iroqdagi kuchlari sonini bosh vazir Haydar Ibodiyning talabidan keyin ularga 600 askarni qoʻshib 4400ga oshirishini eʼlon qilgan edi. Demak bu jangning Amerikadagi saylovlar kampaniyasi chogʻida ham va undan keyin ham davom etishi istalmoqda. Toinki Obama oʻzining davrini Amerika tarixida oʻzining va demokratlarning foydasiga yoziladigan yutuqlarga erishish bilan yakunlay olsin. Mosul jangi ichki kuchlarning oʻzaro janjallari sababli va regional kuchlar (Turkiya va Eron)ning oʻzaro janjallari sababli oson boʻlmaydi. Chunki bu janjallar Molsul jangini bir qoʻzgʻalib va bir oʻchiradigan qilib qoʻyadi… Shunday boʻlsa-da lekin bu kuchlarga taʼsirini oʻtkazuvchi omil modomiki Amerikaning oʻzi ekan demak bu dahanaki janjallar jangni uzoq toʻxtatib qoʻyishi kutilmaydi, aksincha u Amerika siyosati taqozosiga qarab davom etaveradi…
Amerika Yevropaga ham bir rolni berdi. Lekin u mustaqil rol emas. Balki Yevropani, xususan Frantsiya va Britaniyani koalitsiyaning bir qismi deb hisoblab unga shu rolni berdi. Demak Yevropaning roli Amerikaning koalitsiyaga boshchiligi bilan boshqariladi. Yevropa yiroqda qolib Amerikaning bu urushdan koʻzlagan maqsadlariga, yaʼni Iroqni regionlarga parchalab tashlashiga toʻsqinlik qilmasligi uchun Amerika unga shu rolni berdi. Odatdagidek Frantsiya Davlat tashkiloti tomonidan oʻziga Frantsiyada yetkazilgan zararga javob sifatida bunday hodisalarda oʻzini koʻrsatishga urinmoqda. Shu maqsadda Parijda 2016 yil 20 oktyabrda “Mosul shahrining siyosiy kelajagi”ni muhokama qilish uchun bir konferentsiya oʻtkazildi. Frantsiya unga yigirmata davlat tashqi ishlar vazirlarini va tinch fuqarolarni himoya qilish tashkiloti vakillarini taklif qildi. Frantsiya 2016 yil 25 oktyabrda oʻtkazilgan yana bir konferentsiyaga Davlat tashkilotiga qarshi xalqaro koalitsiyadagi mudofaa vazirlarini taklif qildi. Bu yigʻindan keyin Amerika mudofaa vaziri Eshton Karter oʻzining mamlakati koalitsiya qoʻmondoni degan eʼtiborda quyidagilarni aytdi: “Muhokamalarda butun eʼtibor Davlat tashkilotining Raqqa ustidan nazoratini yoʻq qilish kayfiyatiga qaratildi… Bu rejani tezroq amalga oshirish uchun koalitsiya nima qila olishi mumkinligi va aʼzo davlatlar yerlarini bu tashkilot hujumlaridan himoya qilish kayfiyati belgilab olindi…”. (Al-Jazira 2016 yil 26 oktyabr). Bu esa Amerikaning bu davlatlarga boshchi ekanini koʻrsatib turibdi. Chunki Amerika aʼzo davlatlar yerlarini Davlat tashkiloti hujumlaridan himoya qilish haqida soʻz yuritmoqda.
Endi Davlat tashkilotining kuni – agar Mosul uning qoʻlidan chiqib ketadigan boʻlsa – bitadimi? – degan savolga kelsak bunday boʻlib koʻrinmayapti. Aksincha tashkilot hujum qilish va chekinish urushi yoʻliga oʻtadi, u yer, bu yerda hujumlar uyushtirish yoʻliga oʻtadi, shaharlar tashqarisidan turib oʻz ishlarini davom ettiradi. Chunki masalan bu tashkilot Ramadiydan quvib chiqarilgan boʻlsa-da lekin u uning atroflarida saqlanib qolaverdi. Shuning uchun u Mosuldan chiqarib tashlangan taqdirda ham uning tevarak atroflarida izgʻib yuraveradi, 2014 yildan oldin boʻlganidek va hozirda boʻlayotganidek yana sahrolarda, togʻlarda, shahar va qishloqlar atroflarida jang qiladigan bir qurolli tashkilot boʻlib qolaveradi… Bu tashkilot siyosiy ongga ega boʻlmagani uchun oʻzining manfaatiga xizmat qiladi deb bilgan ishlarni qilmoqda. Natijada bu ishlardan mustamlakachi kofir davlatlar manfaatlari uchun foydalanilmoqda. Koshki bu tashkilot buni tushunib yetsaydi…
Amerika haqida aytadigan boʻlsak, uning Iroqni uch federal regionlarga boʻlib tashlash rejasidan voz kechishi ehtimol tutilmaydi. Aksincha bu davlatning Iroqqa taalluqli siyosatiga aylanib boʻldi. Chunki kongress 2006 yilda Iroqni uch federal iqlim: kurdlar, sunniylar va shialar regionlariga boʻlib tashlash haqidagi loyihani maʼqulladi. Lekin bu qaror prezident uchun majburiy emas. Bush oʻsha paytda “shart-sharoitlar bu qarorni amalga oshirish uchun qulay emas” deb bildirgan edi. Bu qaror loyihasini senator Jozef Bayden ilgari surgan edi. U 2009 yilda prezident Obamaning oʻrinbosariga aylandi. Bayden bu qarorni amalga oshirish yoʻlida harakat qildi. Lekin bu haqda rasman eʼlon qilinmadi. Obama unga Iroq ishini topshirgan edi… Shuni ham aytish kerakki Amerika Iroq konstitutsiyasini mana shu asosda ishlab chiqdi. Demak Amerikaning ishlari hozir va kelajakda shuni tatbiq qilish sari yoʻnaladigan boʻladi. Mosul qaytarib olinganidan keyin sunniylar mintaqalari deb ataladigan bu mintaqalarni idora qilishning siyosiy ifodasi muhokama qilinadi. U ishlar zanjirining eng qiyin halqasidir. Chunki shialar mintaqalari bundan koʻra osonroqdir… Shu bilan birga bu loyihaning oʻtishi oson ish emas. Chunki Iroqda xolis Alloh Subhanahu rizoligi uchun amal qiladigan va Rosululloh Aga sodiq boʻlgan haqiqiy er kishilar bor. Ular oʻz yurtlarining parchalab tashlanishini aslo qabul qilmaydilar. Ular bu loyihalarga – Kuchli, Aziz Alloh izni ila ularni barbod qilish uchun – qarshi turadilar.
Soʻzimiz yakunida quyidagilarni aytamiz: ey Iroq ahli, ey Rofidayn ahli, biz sizlarga xitob qilmoqdamiz, sizlarga oldin ham xitob qilgan edik: sizlarni Islom asrlar davomida birlashtirib keldi. Sizlar Islom royasi soyasida uzoq zamon yashab keldingiz. Oʻsha davrlarda sizlar kuchli, aziz edingiz. Yaxshilikni birga baham koʻrardingiz, yovuzlikka qarshi birgalikda kurashardingiz… Yurtingiz qahramonlar yeri, Qodisiya yeri, Buvayb yeridir, Horunar Rashid va Moʻʼtasim yurti, Salohiddin yurti, oldingi fotihlar va insha Alloh endi keladigan fotihlar yurtidir. Bir butun Iroq oʻz ahli bilan kuchlidir. Parchalab tashlangan Iroq esa parchalangani sababli zaifdir… Shuning uchun agar kurdlar Kurdiston regioni yoki Kurdiston davlati mavjud boʻlsa oʻzlari uchun bir azizlik vujudga keladi deb xom xayol qilishayotgan boʻlsa u qisqa muddatdan nariga oʻtmaydi, aksincha u ular uchun bir oz vaqtdan keyin halokat oʻrni boʻladi… Agar sunniylar oʻzlari uchun Iroq shimoli va gʻarbida bir region paydo boʻlsa ular uchun bir tinch-osuda hayot paydo boʻladi deb xom xayol qilishayotgan boʻlsa u bir arzimas davrdan nariga oʻtmaydi, ana shundan keyin ularga baxtsizlik va tang hayot boʻladi… Agar shialar oʻzlari uchun janubda bir region paydo boʻlsa ular uchun bir zoʻr quvvat paydo boʻladi deb xom xayol qilishayotgan boʻlsa u bir ozgina vaqt boʻladi, xolos, keyin ishlar yana zaiflik va xorlikka aylanadi.
Ey Rofidayn ahli: toifachilikni va mutaassiblikni uloqtirib tashlang.
“دَعُوهَا فَإِنَّهَا مُنْتِنَةٌ”
“Uni tashlanglar, zero u sassiq narsadir”. Bu hadisni Buxoriy Jobirdan chiqardi… toifachilik va mazhabchilik atamalarini tark qiling va Alloh bizni ismlagan ismga mahkam yopishing.
هُوَ سَمَّاكُمُ الْمُسْلِمِينَ
“(Allohning) Oʻzi sizlarni ilgari(gi muqaddas kitoblarida) ham mana shu (Qurʼonda) ham musulmonlar (yaʼni Oʻzining diniga boʻysunuvchilar) deb atadi” [Haj 78]
Shu Ismga qayting va unga mahkam yopishing, shunda aziz boʻlasiz. Aks holda sizlarga har tomondan xorlik musibati yetadi.
إِنَّ فِي ذَلِكَ لَذِكْرَى لِمَنْ كَانَ لَهُ قَلْبٌ أَوْ أَلْقَى السَّمْعَ وَهُوَ شَهِيدٌ
“Albatta bunda (ogoh) qalb egasi boʻlgan yoki oʻzi hozir boʻlgan holda (yaʼni sidqidildan) quloq tutgan kishi uchun eslatma-ibratlar bordir” [Qof 37]
29 muharram 1438h
30 oktyabr 2016m