Xalqni gij-gijlashdan kimga foyda

519
0

Xalqni gij-gijlashdan kimga foyda

Maʼlumki, Jalolobod viloyatining Olabuqa tumanida 13 oktyabr kuni vafot etgan Qanigul Sotvoldiyevaning yerga berilishi bir qancha talash-tortishuvlar keltirib chiqargan edi. Bunga asosiy sabab Qanigul Sotvoldiyevani Islom dinidan voz kechib, xristian dinining baptist oqimiga oʻtib ketganligi boʻlgan. Mahalliy musulmonlar oʻz dinidan voz kechgan ayol jasadini musulmonlar qabristoniga qoʻyilishiga qarshilik bildirigani sababli uning jasadi musulmonlar qabristonidan qayta qazib olinib xristianlar qabristoniga qoʻyilgan edi. Biroq, xristianlar qarshiligi ortidan jasad ikkinchi marta qazib olingan va Olabuqa qishlogʻidagi qabristonga dafn etilgan, ammo yana mahalliy aholi qarshiligi sababli uchinchi marta qayta qazib olinib, yashirincha dafn etilgani toʻgʻrisida OAV xabar qilgan edi.

24 oktyabr kuni “AKIpress” axborot agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Malakali huquqiy yordam koʻrsatish markazi direktori Janar Asqar qizining maʼlum qilishicha, Olabuqa tumani Ichik ishlar boʻlimining 10-boʻlim xodimlari mahalliy aholini Qanigul Sotvoldiyeva jasadini qayta qazib olishga gij-gijlashgan.

“Uning ukasi bizga huquqiy yordam soʻrab murojaat qildi. Ukasining maʼlum qilishicha, IIV 10-boʻlim xodimlari ularning uyiga mahalliy hukumat vakillari va imom bilan kelib, marhumaning yaqinlari oʻz eʼtiqodlaridan voz kechishsa jasadni mahalliy qabristonga koʻmishlari mumkinligini aytishgan. Yaqinlari rozi boʻlishganidan soʻng imom janoza namozini oʻqigan va jasad dafn qilingan”,- dedi Janar Asqar qizi.

Advokatning qayd qilishicha, jasad xristianlar qabristoniga dafn etilganidan soʻng 10-boʻlim xodimlari mahalliy aholini gij-gijlashganligi natijasida ular marhuma yaqinlarini jasadni boshqa qabristonga dafn etishga majbur qilishgan.

“Ular jasadni Oʻrikli (Oruktuu) qishlogʻiga qayta dafn qilish uchun qabrni ochishlariga toʻgʻri kelgan. Jasadni koʻmishayotganida mahalliy aholidan hech kim qarshi boʻlmagan. Ammo jasad koʻmilganidan soʻng 10-boʻlim xodimlari yana aholini bunga qarshi qoʻzgʻashgan. Natijada Oʻrikli qishloq aholisi jasadni koʻmilishiga qarshi chiqishgan va mahalliy imomni olib kelib jasadni qayta qazib olish va olib ketishga majbur qilishgan. Bu vaqt mobaynida 10-boʻlim xodimlari marhumaning yaqinlari eʼtiqodlarini masxaralab turishgan. Yaqinlari militsiyaning ruhiy bosimi ostida jasadni Olabuqa qishlogʻiga olib borib koʻmishgan. Oradan ikki kun oʻtib yana oʻsha 10-boʻlim xodmlari qoʻngʻiroq qilib, Olabuqa qishloq aholisi jasadni koʻmilishiga qarshilik qilishayotganini aytishgan. Ammo yaqinlari uchinchi marta jasadni qayta kavlab olishdan bosh tortishgan. Shundan soʻng 10-boʻlim xodimlari jasadni oʻzlari qazib olib nomaʼlum tomonga olib ketishgan. Biz hozirga qadar Sotvoldiyevaning jasadi qayerda ekanligini bilmaymiz”,- dedi huquq himoyachisi.

Matbuot anjumani qatnashchilari Bosh prokuror, Jogorku Kenesh va prezidentga murojaat yoʻllab, 10-boʻlim xodimlari jinoiy javobgarlikka tortishini soʻrashdi.

“Ular oʻzlarini 10-boʻlim xodimlarideb tanishtirishdi, ammo guvoxnomaga qarashga imkon berishmadi. Ularning bu harakatlari JKning 263, 299 va 316-moddalariga tushadi”,- dedi Janar Asqar qizi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.