Rossiya Suriyaga S-300 raketaga qarshi mudofaa tizimini joylashtirdi

633
0

Rossiya Suriyaga S-300 raketaga qarshi mudofaa tizimini joylashtirdi

  OAVda Rossiyaga tegishli raketaga qarshi mudofaa tizimlari Suriyaga joylashtirilgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Xabarlarga koʻra, bu qurol Amerikaning Suriyaga uyushtiradigan har qanday hujumlariga qarshi tura oladi.

 S-300VM raketa zenit majmuasi zamonaviy samolyot va  ballistik raketalarning hujumini qaytara olishga moʻljallangan. Majmua raketalari 250 kilometrgacha boʻlgan masofdagi nishonni urib tushirishi mumkin. Bundan tashqari kichik raketalar raqib samolyot va qanotli raketalariga qarshi ishlatilishi mumkin.

 Rossiyaning bu harakatiga nisbatan AQSh oʻzining salbiy munosabatini bildirdi. Oq uy matbuot kotibi Djosh Ernest bergan bayonotida, “S-300 raketa zenit majmuasini Suriyaga joylashtirilishi Moskavaning ekstremistlarga qarshi kurash borasidagi bayonotlariga ziddir. Chunki terrorchilar aviatsiyaga ega emas”,- dedi.

 Uning fikricha, bu kabi xatti harakatlar Rossiyaning Suriyada bajaradigan vazifalarini shubha ostiga qoʻyadi va Rossiyaga boʻlgan ishonchni susaytiradi.

 Oʻz navbatida Rossiya hukumati S-300 raketa zenit tizimi Rossiya harbiy dengiz kuchlarining Tartusdagi bazasi va Rossiya harbiy kemalarini himoya qilish maqsadida Suriyaga joylashtirilganini maʼlum qildi.

 Bu haqda mudofaa vazirligining rasmiy vakili Igor Konashenkov bayonot berdi. “Haqiqatan ham Suriyaga S-300 zenit raketa tizimining batereyalari joylashtirildi. Mazkur kompleks Tartusdagi harbiy dengiz bazasi va sohil boʻyidagi kemalar xavfsizligini taʼminlashga jalb qilinadi”,- dedi general.

 U oʻz soʻzida, “Nima uchun S-300 majmuasini Suriyaga yuborish borasidagi qarorimizga gʻarbdagi hamkorlarimiz bunchalik tashvish bildirayotganiga tushuna olmayapmiz”,- dedi.

 “Eslatib oʻtaman, S-300 faqat mudofaa maqsadariga xizmat qiladi va hech kimga hech qanday xavf solmaydi. Bundan tashqari hammaga maʼlumki, bundan avval ham mintaqada huddi shu kabi “Fort” majmuasi bor edi”,- deya oʻz soʻziga qoʻshimcha qildi general.

Rossiya Federatsiya Kengashining mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasi raisi  Viktor Ozerov Rossiya oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni ado etish yoʻlida Suriyaga S-300 majmuasini joylashtirishga haqli ekanini bildirdi.

 “Bu Turkiya tomonidan urib tushirilgan bizning Su-24 samolyoti bilan bogʻliq xodisa takrorlanmasligining oldini oladi”,- dedi  Viktor Ozerov.

Turkiston:

Rossiya bilan AQShning Suriyada manfaatlari bir biriga mos kelmay qoldi. AQSh olamiy sistemani, yaʼni xalqaro siyosiy vaziyatlarni eʼtiborga olgan holda ish koʻrishga majbur. Chunki u hozircha yagona olamiy lider, dunyo yetakchisi boʻlib turibdi. Rossiya esa Suriyada tushunarsiz, maqsadsiz va palapartish harakatlar olib boryapti. Goʻyo uning harakatlarida faqat Putin rejimining populistik maqsadi yotgandek. Yaʼni rus xalqi oldida, oʻzini yetakchi davlatlar bilan jiddiy raqobatdosh quvvatga egadek koʻrsatishni qasd qilayotganidek. Chunki aynan Putinning xatolari bilan Rossiya siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz holatiga kelib qoldi.

AQSh esa, Putinni rejimini saqlab qolish uchun hech qanday harakat qilmayapti. Aksincha, AQShning maxfiy roziligi ostida Rossiyaning Suriyada olib borgan qirgʻinbarot harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan hozirda olamiy terror, deb baholana boshlandi. Rossiyaning hozirgi iqtisodiy ahvoli ham juda yomon. Zaxira jamgʻarmasi deyarli tugayapti. Ishlab chiqarish tarmogʻi deyarli izdan chiqqan va oʻzining ichki isteʼmolchilarini ham toʻla qondira olmaydi. Bu esa putinchi rejimning boshqaruvni eplay olmaganidan dalolat qiladi. Putinchilar jon-jahdlari bilan bu holatni va uning oqibatlarini biror bir ish chora bilan yopib yuborishga harakat qilishyapti. Ular ichki siyosatda vatanparvarlik va fidoiylik tuygʻularni zoʻr berib kuchaytirib borishyapti. Vatanparvarlik esa, faqat urush va tashqi xavf xatarni kuchayishi bilan avj oladigan insoniy robita ekanligi bois, Putin Rossiyaga bir necha tomonda frontlar ochib, uni urush holatiga olib kelib qoʻymoqda.

Putin urushni xohlayotgani yoʻq, u majbur boʻlayapti. Shuning uchun u oʻzini hech narsadan toymaydigan yirtqich qilib koʻrsatishga urinadi. Negaki AQSh ham Rossiya bilan jiddiy urushga kirishishni xohlamaydi. AQSh hech kim bilan urushishga intilgan emas. U urushni eng oxirgi va zaif pozitsiyadagi mamlakatning ish harakati deb baholaydi. AQSh boshqa mamlakatlarni bir birlari bilan urushtirish yoʻli bilan olamdagi barcha muammolarni yechishga intiladi. Bundan tashqari Rossiya ham yadro quroliga ega boʻlgan mamlakat. Yadroviy urush boshlangudek boʻlsa, unda deyarli bir tomon gʻolib boʻlmaydi. Har ikki tomon yoʻq boʻlib ketish xavfi bor.

Muammo shundaki, AQSh Suriyani bir necha mintaqalarga boʻlib tashlab, ularning har birini rozi qilish orqali vaziyatni barqarorlashtirmoqchi boʻldi. Rossiya esa, Suriyada faqat hozirgi tan olingan Asad hokimiyati hukumdor boʻlishi kerak, degan pozitsiyani ilgari surib boryapti. Asad hokimiyati faqat Rossiya uchun havo hududidan foydalanishga ruxsat bergan. Rossiya Suriya mintaqasini oʻzining qonuniy nazorati ostidagi hudud deb, u yerga hatto AQShning ham kirishiga ruxsat bermayman deyapti.

Rossiya Suriyani eplay olmaydi, hatto unga hech kim aralashmay, yolgʻiz oʻziga qoʻyib berilganda ham. Bir paytlar SSSR Afgʻonistonda tinch aholini qirib yuborganidek, Rosssiya ham Suriyaning tinch aholisini qirib borishdan oʻzga ishga qodir emas. Negaki Rossiyada xalqaro siyosatdan foydalana olish quvvati deyarli yoʻq boʻlib boryapti. Bu urush Rossiya uchun maqsadsiz, manfaatsiz va toʻla inqirozga olib boruvchi urush boʻldi. Putinning rejimiga esa, oʻzoq davom etadigan shunchaki urush kerak. 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.