Nazarboyev va Putin ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollarini muhokama qildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun Qozogʻiston poytaxti Ostonada Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.
Tomonlar ikki davlat munosabatlari istiqbollarini muhokama qilishgan.
Uchrashuvda Putin Rossiya va Qozogʻiston savdo munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni kamaytirish kerakligini aytib oʻtgan.
“Biz bunday toʻsiqlarga qarshi chora koʻrishimiz kerak, ushbu salbiy omillarni imkon qadar kamaytirishimiz kerak”, — degan u.
Uchrashuvdan keyin prezidentlar Rossiya va Qozogʻistonning yirik tadbirkorlari ishtirokidagi biznes forumda hozir boʻladi.
Shundan soʻng, davlat rahbarlari “Evroosiyo hududining transport-logistika salohiyatini kuchaytirish” mavzusidagi XIII Rossiya va Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Ushbu forumda qatnashayotgan 900 kishidan 400 nafari Rossiya vakillari boʻlib, Rossiya rahbarining fikriga koʻra, shunday biznes-forumlar oʻtkazish ikki mamlakat orasidagi savdo munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan toʻsiqlarni kamaytirishiga yordam beradi.
Shuningdek, mamlakatlar orasida aloqalar rivojlanmagan sohalarda hamkorlikni kuchaytirish, jumladan turizm sohasida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilish ham nazarda tutilgan.
Forum qatnashchilari orasida – asosiy vazirliklar rahbariyati, Rossiya Federatsiyasi subʼektlari rahbarlari va Qozogʻiston viloyatlari rahbarlari bor.