“Ulush” ajratmagani uchun kaltaklangan tadbirkor
OAV tarqatgan xabarga koʻra, “SOBR” xodimlari “ulush” ajaratishdan bosh tortgani uchun xususiy tadbirkorni toʻpponcha qoʻndogʻi bilan urganlikda gumonlanayotgan Qirgʻiziston milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (MXDQ)ning Qizilqiya shahar boʻlimi boshligʻi Zamirbek Jolboldiyev qoʻlga olingan.
Xabar qilinishicha, 24 sentyabr kuni kechqurun Qirgʻizistonning Qizilqiya shahrida yashovchi xususiy tadbirkor Zarilbek Maatkalikov kaltaklab ketilgan. Jabrlanuvchining bergan arizasiga koʻra, uni MXDQ xodimlari kaltaklashgan. Tadbirkorni kaltaklanishiga MXDQ xodimlariga “ulush” ajratishdan bosh tortgani sabab boʻlgan.
“Men turmush oʻrtogʻim bilan Novqat tumani Koʻkjar qishlogʻidan Qizilqiya shahriga qarab ketayotgan edik. Shaharga kiraverishda ortimizdan kelayotgan mashina bizlarni quvib oʻtib, yoʻlning chetiga qisib kelib toʻxtatdi. Keyin ular meni mashinadan tortib tushirib kaltaklay boshlashdi. Ularning orasida MXDQning shahar boʻlimi boshligʻi ham bor edi. Ular mening boshimga toʻpponcha qoʻndogʻi bilan urishdi, ayolimni ham kaltaklashdi. Mening oʻz kichik korxonam bor. Avvalroq, meni oldimga MXDQ xodimlari kelib, ularga “ulush” ajratishimni talab qilishgan edi. Men bunga koʻnmadim, shu sababli ham ular meni kaltaklashdi. Mashinamda 156 ming som bor edi, katlaklashganidan soʻng bu pullar gʻoyib boʻldi. Meni kaltaklashayotgan vaqtda shahar IIB xodimlari kelib, ularni hibsga oldi. Bu Oʻsh viloyati hududida sodir boʻlgani uchun men Novqat tumani ichki ishlar boʻlimiga ariza yozdim. Endi esa meni oldimga turli xil odamlarni yuborib, arizamni qaytarib olishimni iltimos qilishyapti”,- dedi jabrlanuvchi Maatkalikov.
Turkiston:
Qirgʻiziston hokimiyati zaiflashib borapti. Kuch organlari va xavfsizlik tizimlari hokimiyatning xizmatida va nazorati ostida boʻlishlari kerak. Bular hokimiyatning qoʻllari va oyoqlaridir. Bular uchun hokimiyat javobgar.
Barcha kuch va xavfsizlik strukturalari, aslini olganda, fuqorolar oʻz xavfsizligini himoya qilish uchun hukumat vositasida ijaraga yollagan xizmatchilardir. Yaʼni barcha kuch strukturalari xalq byudjetidan taʼminlanadigan yollanma xizmatchilar hisoblanishadi. Ular fuqorolar xavfsizligini taʼminlash va ularga boʻlayotgan barcha zulmlarni bartaraf qilish vazifasini oʻz gardanlariga olishgan. Buning uchun ularni saqlab turishga millionlagan xarajatlarimiz sarflanadi.
Voqeʼda esa: – xavfsizlik organ xodimlari va boshqa kuch struktura tarmoqlari juda kuchli mafiyalashgan sistemaga aylanishdi. Ular piramida shaklida, fuqorolarni oʻzlari uchun iqtisodiy kirim manbai qilib olishdi. Yaʼni, eng yuqori lavozimdagi bir nechta organ xodimlariga toʻlovlar toʻlab turish majburiyati ulardan pastroq turgan oʻnlagan mulozimlarga yuklatilgan. Oʻz navbatida oʻnlagan bu lavozim egalari ham qoʻl ostilaridagi yuzlagan harbiy xizmatchilaridan muayyan muddatlarda davomli ravishda majburiy toʻlovlar yigʻib turishadi. Va hokazo, keyingi minglagan xizmatchi xodimlar ularga yigʻib berishsa, eng quyidagi ichki xavfsizlik himoyachilari oʻz yollovchilari boʻlgan fuqorolardan belgilangan miqdordagi pullarni yigʻishtirib berishga majbur boʻlishyapti. Bundan tashqari, tekshiruv komissiyalari va yuqori mulozimlarning navbatdan tashqari tashriflari, shularning barchasi uchun yana alohida mablagʻ toʻplash kampaniyasi uyushtiriladi.
Bu mafiyalashgan sistema sovetlar soyuzi davridan beri ishlab keladi. Ruslar boshqaruvidan bizlarga meʼros qolgan bu sistemaga va ularning bu ishlash protsesiga xalqimiz koʻnikib qolgan. Chunki biz sovetlar davrida tugʻilgan boʻlsak, bundan boshqacha sistemani koʻrganimiz yoʻq.
Fuqorolar organ xodimini koʻrganlarida bu mening yollagan xaloskorim deb emas, balki endi bu xodim mendan yana nima ayb topar ekan, bunga kancha toʻlasam, mendan rozi boʻlar ekan, qaysi bir boshqa tanish organ xodimga murojat yoki shikoyat qilsam, meni bu tinch qoʻyar ekan, deb oʻylaydigan boʻlib qoldik. Oʻz navbatida organ xodimlari ham, qoʻl ostiga tushgan jinoyatchining ish daftariga muolaja qilinishi shart boʻlgan muammo deb emas, balki muayyan miqdordagi moddiy kirim, deb qaraydi. Yaʼni har bir jinoiy ish harakat uchun muayyan miqdorda pul oʻlchamida meʼyor belgilangan. Militsiya xodimlari jamoiy joylarda fuqorolarning osoyishtaligini emas, aksincha, beboshliklarni koʻpayishidan manfaatdor. Ular hatto boshqa mintaqalardan oʻgʻrilar olib kelib, oʻzlariga qarashli xududda ularni oʻz himoyasiga olib, sheriklikka oʻgʻrilik qildirishadi. Chunki piramida mafiyaviy sistemasi muayyan miqdorda belgilagan pulni talab qilaveradi. Ularga bu xodimlarning nima bilan shugʻullanishayotgani va belgilangan miqdordagi pulni qayerdan va qanday topib berishayotganining qizigʻi yoʻq.
Lekin yuqoridagi GKNB xodimi singari jinoiy ish ustida qoʻlga olinishsa, hammasi oʻz kuch quvvati bilan oʻzlari qutilishlari kerak. Hatto yuqoridagi tekinxoʻrlarning oʻzlari yana bu bechoralarni haromdan toʻplagan pullarini olib, chiqarib yuborishadi, yoki jazoga tortib yuborishadi. Oʻrniga yana boshqasi keladi. Hatto, boʻshab qolgan bu oʻrin uchun tekinxoʻrlarga yana belgilangan pul oʻlchovida pora berib boshqasi keladi. Bu holatga prizident apparati boshchisi Narimbayev va deputat Qoʻrqmazov misolida guvoh boʻldik. Biri ikkinchisi vositasida pora olib, ikkisi ham qamalishganida biri biriga qarshi guvohlik bera boshlashdi. Ularning oʻrinlariga ham boshqa bir tekinxoʻr kelib oʻtirdi. Qoʻrqmay tekinxoʻr desak boʻlaveradi. Chunki bu sistemada boshqacha odam, boshqacha ish printsipi bilan ishlay olmaydi.
Hozir Qirgʻizistonda banditlar toʻdalari ham organ xodimlari singari xavf xatar tugʻdirishmaydi. Chunki organ xodimlari banditlarni ham jamiyatdan surib chiqarib, ularning faoliyatlarini, ish olib borish uslublarini ham oʻz qoʻllariga olishdi. Yuqoridagi Qizilqiya xavfsizlik xodimining ish harakati bunga yaqqol dalil boʻlib turipti.
Lekin bu jinoyatlari ustida qoʻlga olinishsa ham, hech biri uyalishmaydi. Javobgarlikni ham his qilishmaydi. Yuqoridagi tekinxoʻr mansabdorlar esa bu ishdan jirkanishayotgandek munosabat bildirishadi.
Bir joyda bir saqollik odam birovni kaltaklasa, barcha musulmonlar javobgardek, ularni birma bir olib kirib, qoʻrqitib pullarini olishadi. Senlar haddilaringdan oshib borishayapsan, deyishadi. Vaholangki bu mazlum musulmon, narigi saqollikni tanimaydi, uni hatto musulmon ekanini ham bilmaydi. Televideniya ham, bu tekshirilmagan hodisani darrov musulmon terroristlari, ekstremistlariga bogʻlaydi. Matbuot hujumi boshlab yuboriladi.
Yuqoridagi MXDQ xodimining jinoiy ish harakati va yuzlagan, minglagan bunaqangi ish choralari sodir etilayotgani uchun va bu ish harakatlar sistema shaklida borayotgan mamlakat boshqaruv mafiyasiga aylangani uchun nega biz hokimiyatga ishonchsizlik bildirmaymiz? Sud strukturasini hozir oʻzlari ham refirendum orqali oʻzgartirmasak boʻlmaydi, deyishayapti. Nega ilgarigi sud hukmlarini bekor qilishlarini talab qilmaymiz. Mayda xodimlarni qamalishi korruptsiyalashgan hokimiyat strukturasiga hech qanday zarar yetkazmaydi.