Rossiya bilan Ukraina oʻrtasidagi vaziyatlar rivoji

1046
0

Rossiya bilan Ukraina oʻrtasidagi vaziyatlar rivoji

Ommaviy axborot vositalarida Rossiya milliy chegara qoʻshinlari 7 avgust kuni Ukraina bilan Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim Yarim oroli chegarasini kutilmaganda yopib qoʻygani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi.

9 avgustda Qrim Yarim orolidagi ichki ishlar vazirligi Qrimning shimoliy qismida besh nafar chegarabuzuvchilarni qidirish bilan bogʻliq “qalʼa” amaliyoti oʻtkazishga buyruq berdi. Rus axborot vositalari federal xavfsizlik xizmati tomonidan 7 avgustda Armyansk shahri yaqinida “qurollangan guruh” qoʻlga olingani toʻgʻrisida xabar tarqatgan edi. Rossiya bir bayonotda “toʻqnashuv chogʻida rus askarlari orasida qurbonlar borligini, Federal xavfsizlik xizmati, ichki ishlar vazirligi va rus milliy chegara qoʻshinlari mintaqani yopib qoʻygani” haqida xabar tarqatdi.

Rossiya Federal xavfsizlik kuchlari 10 avgustda Ukraina maxsus kuchlariga qarashli askarlar qoʻlga olinganini, ular Qrim Yarim orolida terrorchilik hujumlarini rejalashtirishganini xabar qildi. Axborot vositalarida rus razvedka xizmati taqdim etgan videolavha tarqatilib, unda ayni chegarabuzuvchilarga qarashli 20 dona qoʻlbola portlovchi moslama, shuningdek, oʻq-dorilar, granatalar, qurollar va turli rusumdagi minalar saqlangan joylar tasvirlangan. Oʻsha kunning oʻzida Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kiyevni “terrorchilik bilan shugʻullanishga” oʻtganlikda ayblab, Donbasdagi nizoni bartaraf etish masalasida ortiqcha muzokaralardan foyda yoʻqligini aytdi. U jumladan bunday dedi: “Aslida, bizning razvedka xizmatimiz Ukraina mudofaa vazirligiga qarashli bir guruh chegarabuzuvchilar va razvedkachilarning Qrim Yarim oroliga kirib olishlaridan qaytara oldi. Hozirgi bunday holatda Normandiya uchrashuvining hech qanday mazmuni qolmadi, xususan, Xitoydagi uchrashuvda. Agar ayni damdan kelib chiqib hukm chiqaradigan boʻlsak, Kiyevda hokimiyatni egallab olganlar – hozirda ham ular hokimiyatni mahkam ushlab turishibdi – birorta ham oʻrtacha yechimni izlashayotgani yoʻq. Tinchlik yechimiga erishish yoʻllarini qidirish oʻrniga, ular terroristlikka oʻtishdi. Bunday holda, tabiiyki biz bu ishlarga koʻz yuma olmaymiz”. Ayni hodisalar sodir boʻlishi ortidan Rossiya Qrim Yarim orolining shimoliy qismiga qoʻshimcha kuchlar va zirxli mashinalar yubordi.

Ukraina mudofaa vazirligi 11 avgustda rus tomonidan qoʻyilgan ayni ayblovlarni rad etib, oʻz navbatida, ruslarni chegarabuzarlikda aybladi va bu otishmalar rus askarlari bilan Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga qarashli chegara kuchlari oʻrtasida boʻlib oʻtganini bildirdi.

Ayni voqea-hodisalar orqali kuzatish mumkinki, bu yerda rus tomonining alohida roli bor, aftidan, u vaziyatni qasddan murakkablashtirmoqda. Chegara hodisalari tafsilotlari, aslida, juda koʻplab savollarni paydo qiladi. Chunki Rossiya hukumati tarqatayotgan voqealar tafsiloti umuman teskari xabarlardan iborat. Ulardan eng muhimi, Rossiya qarashlariga koʻra, goʻyo Ukraina hukumatining Qrim Yarim orolida terrorchilik hujumlarini rejalashtirayotgani toʻgʻrisidagi gapdir. Bu aqlga mutlaqo toʻgʻri kelmaydigan gap! Rossiyaning vaziyatni qasddan murakkablashtirayotganiga yana bir dalil bor: Putinning hujumkor buyonoti. Bu bayonotida u Ukraina hukumatini terrorchilikda ayblayapti, Normandiya anjumanidan biror foyda chiqishiga shubha bildiryapti, hatto hozirgi hukumatni ham hokimiyatni kuch bilan egallab olganlikda qayta ayblayapti. Holbuki, rus hukumati bunga oʻxshash gaplardan ancha vaqtdan buyon tiyilib qolgandi.

Qrim Yarim oroli chegaralarida hodisalar sodir boʻlishidan oldin Rossiya-Ukraina oʻrtasida sodir boʻlgan hodisalarga ham eʼtibor qaratmoq lozim: 29 iyulda Rossiya tashqi ishlar vazirligi Mixail Babichni Rossiyaning Ukrainadagi elchisi lavozimiga nomzod qilib koʻrsatish taklifini qoʻydi, DUMA uni maʼqulladi. Avvalgi elchi Mixail Zurabov esa bir kun oldin prezident Putin koʻrsatmasi bilan ishdan olingan edi. Shunga eʼtibor qaratmoq lozimki, Zurabov Rossiya bilan Ukraina oʻrtasida urush holati boʻlishiga qaramay, Ukraina hukumati bilan boʻlgan munosabatlarni ham, prezident Poroshenko bilan boʻlgan shaxsiy munosabatlarni ham juda yaxshi oʻrnatib kelgandi. Babich birinchi ish faoliyatini Rossiya federatsiyasiga qarashli qurolli kuchlarda va xavfsizlik xizmatida boshlagan. Keyinchalik oʻtgan yigirma yilni Rossiya hukumati va regional hukumatlar kabi turli siyosiy lavozimlarda oʻtkazdi. 2002-2003 yillarni Checheniston bosh vaziri lavozimida oʻtkazdi va u yerda ham Federal xavfsizlik xizmati aʼzosi hisoblanardi. Aslida, Rossiyaning Ukrainada xizmat qilgan har qanday elchisining roli xos rol boʻlib, deyarli AQShning turli davlatlardagi elchilari roliga oʻxshaydi. Masalan, Rossiyaning Kiyevdagi elchisi Ukrainadagi rossiyaparast siyosiy kuchlar faoliyatini muvofiqlashtirishga javobgar boʻladi. Demakki, Federal xavfsizlik xizmatidagi zobit Babichni Zurabovdek fuqaroviy siyosatchiga almashtirish Ukraina hukumati uchun yaxshi narsa emasligi tabiiy. Shuning uchun ham Ukraina tomonining ayni oʻzgarishga javobi gʻoyat qattiq boʻldi, yangi tayinlangan shaxsga rozi boʻlmadi. Masalan, Ukraina tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Yelena Zerkalь 3 avgustda “bu masala kun tartibida boʻlmagan va chiqarib tashlangan masaladir”, dedi. Keyin, elchining yoʻqligi ikki davlatning oʻzaro munosabatlari rivojiga aslo taʼsir qilmaydi, binobarin, Rossiyaning Ukraina hukumati reaktsiyasini qoʻzgʻab, hali chegarabuzuvchilar voqeasi boʻlmay turib, munosabatlarni atayin murakkablashtirishni istayotganini bilish mushkul emas, dedi.

Lekin Kremьlning Ukraina bilan vaziyatni murakkablashtirishdan maqsadi nima, vaholanki, Rossiyaning ahvoli buning aksi oʻlaroq, u munosabatlarni yumshatishga koʻproq eʼtibor berishi lozimku? Buning javobi Putinning bayonotlarida mujassam. U Qrim Yarim oroli bilan chegaradosh yerlarda chegarabuzuvchilar amaliyoti fosh etilishi ortidanoq, 10 avgustda jurnalistlarning – sentyabrda Xitoyda oʻtkaziladigan 20lik davlatlar sammiti chogʻida Normandiya uchrashuvi ham boʻlishi mumkinmi, degan savollariga bunday javob berdi: “Hozirgi bunday holatda Normandiya uchrashuvining hech qanday mazmuni qolmadi, xususan, Xitoydagi uchrashuvda. Shunga qaramay, men amerikalik va yevropalik hamkorlarimizni shunga chaqiraman. Ishonamanki, Kiyev hokimiyati bugungi kunda muammoni muzokaralar orqali hal etish yoʻllarini izlamayotgani, biroq terrorizmga oʻtish orqali hal qilmoqchi boʻlayotgani bugundan boshlab barchaga ayon. Bu gʻoyat xavotirli vaziyatdir”.

Demak, Rossiyaning qilayotgan hamma ishlaridan maqsadi, hodisalarga oʻz rejalarini zoʻrlab tiqishtirish, hatto Ukraina masalasiga oid xalqaro anjumanlarni ham muvaffaqiyatsizlikka uchratishdir. Chunki Rossiya “Normandiya toʻrtligi” (Germaniya, Frantsiya, Rossiya, Ukraina) uchrashuvlaridan boʻyin tovlash uchun jiddiy bir bahonaga muhtoj, imkon qadar tez vaqt ichida ayni kurashdan Ukrainadagi kurash, degan eʼtiborni yoʻq qilishni, oʻzi terrorizmning qurboni rolini oʻynashni, Ukraina hukumatini esa, hamkorlikka yaramaydigan, hujumkor qilib koʻrsatishni istaydi.

Rossiya uchun sabablar aniq-maʼlum. Aslida, u Qrimni anneksiya qilib, Ukraina janubida urushga kirishishi ortidan geografik siyosiy tupikka kirib qolgan ekan, endi undan chiqib olishi uchun koʻproq vaqtga ega boʻlishni istayapti. Boshqacha ibora bilan aytganda, Rossiya xalqaro qonunni sharmandali tarzda buzayotgan jinoyatchi davlat sifatida namoyon boʻlishni istamayapti. U mudom gunohkor tomon boʻlib qolaverishdan zada boʻldi, qilgan jinoyatlari endi tilga olinmasligini istaydi. Yaʼni shu xususda barcha xalqaro anjumanlar toʻxtashini, Donbas muammosi faqat Ukrainaning ichki muammosiga aylanishini juda istaydi. Bu holatda Rossiyaning soʻnggi istagi, Ukrainadagi vaziyat muzlab tursin, hech qanday maʼno-mazmun kasb etmaydigan vaziyatga aylanib, xuddi Pridnestrovьe, Janubiy Osetiya, Abxaziya va Togʻli Qorabogʻdagi vaziyatga oʻxshab qolsin, Ukrainaning oʻz yerlari oʻzining nazorati ostiga qaytishi toʻgʻrisidagi tinimsiz talab-bayonotlari ham hech qanday maʼno kasb etmaydigan bir rasmiy bayonot boʻlib qolsin. Masalan, Moldaviya, Gurjiston va Ozarbayjon muntazam shaklda aytib kelayotgan bayonotlar kabi.

Muhammad Mansur qalamiga mansub

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.