Gardian: BMTdan Asad rejimiga moliyaviy yordam

453
0

Gardian: BMTdan Asad rejimiga moliyaviy yordam

Suriyada 2011-yilda boshlangan qoʻzgʻolon ortidan yuz minglab odamlarning yostigʻini quritgan va millionlab suriyaliklarning mamlakatni tark etib, sargardon boʻlishiga sabab boʻlgan va ayni paytda xalqaro sanktsiyalarga tobe boʻlgan Asad rejimi BMTdan moliyaviy yordam olganligi aytilmoqda. Bu haqida Britaniyada chiqadigan Gardian gazetasi xabar tarqatdi. Britaniya matbuotida tarqatilgan xabarlarga koʻra, BMTga oid yordam fondlari bir necha yillardan buyon Asad oilasiga tegishli bir qancha vaqflarga millionlagan dollar yordam koʻrsatib kelgan.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti yordam dasturi doirasida Bashar Asadga yaqin kimsalarga millionlab dollarga teng resurslarni oʻtkazib berdi”, deya yozadi Gardian gazetasi.

Gardianning tekshiruvlariga koʻra, AQShning ham, Yevropa ittifoqining ham sanktsiyalar roʻyxatida boʻlgan kompaniyalar va ishbilarmonlar Birlashgan Millatlar tashkilotidan katta miqdorda mablagʻ qabul qilgan.

“BMT tarafidan mablagʻ yotqizilgan vaqflardan birining asoschisi Asadning xotini Asmo Asaddir, yana biri esa Asadning yaqin doʻsti Rami Maklufdir. BMT chiqargan bayonotda aytilishicha, yordam dasturiga oid mablagʻlar faqat Asad rejimi maʼqul koʻrgan kompaniyalarga taqdim etilishi mumkin. Shuningdek, BMT bayonotida yordam pullari haqiqatan maqsadga muvofiq ravishda sarflanishi uchun BMT qoʻlidan kelgan ishni qilganligi taʼkidlanadi”, “Ammo BMTni tanqid ostiga olayotganlar, yordam pullari faqat Asad tarafdorlarining foydasiga ishlatilganligini taʼkidlashmoqda. Ularga koʻra, yuz minglagan kishilarning oʻlimiga sabab boʻlgan Suriya urushining asoschisi Bashar Asad BMT yordami bilan oʻz kursisiini saqlab qolishga harakat qilgan”, deya qoʻshimcha qiladi gazeta.

Ayni paytda Suriya milliy koalitsiyasi Asad rejimi bilan aloqa oʻrnatgan va unga moliyaviy yordam koʻrsatgan BMT rasmiylari ustidan tergov oʻtkazishni talab qilmoqda.

“Gazetada chiqqan xabarlar BMT rasmiylarining Asad rejimi bilan qurgan aloqalarga nisbatan muz togʻining faqatgina koʻringan qismini namoyon qilmoqda (yaʼni buning koʻrinmagan taraflari ham bor)”, deyiladi Suriya milliy koalitsiyasi tarafidan chiqarilgan yozma bayonotda.

Suriya milliy koalitsiyasi avval ham BMT rasmiylari tarafidan Asad rejimi va unga tobe harbiy qarorgohlarga moliyaviy yordam koʻrsatilganligi daʼvo qilib, bu borada surishtirish olib borilishini talab qilgan edi. Biroq hanuzgacha BMT uning talabini qondirgan emas.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.