Tojikistonda roʻmolli ayollar roʻyxatga olinmoqda

1512
0

Tojikistonda roʻmolli ayollar roʻyxatga olinmoqda

Aholisining 97 foizi musulmonlardan iborat boʻlgan Tojikistonda prezident Imomali Rahmon uzoq yillardan beri Islom dini va uning qadriyatlariga qarshi kurashini kunda-kunga kuchaytirib bormoqda.

Avvaliga, Imomali Rahmon 2010 yili Tojik milliy universtiteti talabalari bilan boʻlgan uchrashuvida poytaxt koʻchalarida xijob kiygan ayollar bilan qizlarni koʻp koʻra boshlaganini aytib, bunga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini aytgan boʻlsa, 2015 yilning kuzida mamlakatning unchalik katta boʻlmagan Koʻlob shahrining qizlarini hijob kiyganligi uchun tanqid qilgan edi.

Prezidentning bu chiqishidan soʻng bozorlarda reydlar oʻtkazilib hijob bilan savdo qilmaslik talabi qoʻyildi. Talabga itoat qilmagan tadbirkorlarning mollari musodara qilinib, oʻzlari yirik miqdordagi jarimaga tortildi. Hukumatning targʻibot mashinasi boʻlgan milliy telekanallar orqali esa hijobli ayollarni yomonotliq qilish kampaniyasi boshlanib, jinsiy xizmat koʻrsatuvchilar arab kiyimlari bilan koʻproq mijozlarni jalb qilishi haqidagi lavhalarni namoyish etilishi odatga aylandi.

Muslima ayollarni “arab madaniyat”dan himoya qilishni “uddasidan” chiqqan rasmiy hukumat bugunga kelib roʻmol oʻragan ayollarni roʻyxatga olishni boshlab yubordi.

Soʻgʻd viloyati Xoʻjand shahri IIB boshligʻi Emin Jalolov bergan hisobatga koʻra, satri avtar (roʻmol oʻragan) 643 nafar ayol va qizlar roʻyxatga olindi.

Uning soʻzlariga koʻra, militsiya xodimlari va hokimiyat vakillar joriy yil boshidan beri bozor va savdo shahabchalarida 40dan ortiq reyd oʻtkazdi. Mazkur reydlar davomida roʻmol oʻrab yurgan 643 ayol-qizlar maxsus roʻyxatga olingan. Jalolovning aytishicha, roʻyxatga olingan ayollarning aksariyatini mahalliy bozorda savdo qiluvchi ayollar tashkil qilgan.

Hukumat tomonidan qoʻyilayotgan taʼqiq va tazyiqlarga qaramay poytaxt Dushanbe va bundan tashqari Soʻgʻd viloyati kabi mamlakatning shimoliy mintaqalarida hijob kiyishga boʻlgan intilish yaqqol koʻzga tashlana boshladi. Bu mintaqalarda hijob bilan yurishni afzal koʻrgan ayollar soni avvalgiga qaraganda ancha yuqori. Boshqa mintaqalarda ham roʻmol bilan yuradiganlar koʻpchilikni tashkil qilib bormoqda. Tojik hukumatiga qarashli ayollar qoʻmitasi tarafidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, hijob kiygan ayollarning aksariyati hijobga diniy vazifa, yaʼni sharʼiy hukm va himoya vositasi sifatida qarashi maʼlum boʻldi.

Imomali Rahmon boshchiligidagi tojik hukumatining Islom va musulmonlarga qarshi olib borayotgan tinimsiz kurashishiga qaramay jamiyat ichida islomiy koʻrinishlar va islomiy qadriyatlar keng tarqalib borishi yanada keskinroq choralar koʻrishga olib kelmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.