AQSh: Bizning aloqamiz yoʻq
Turkiyada harbiy davlat toʻntarishiga urinishlar ortidan AQShga nisbatan aks munosabat ortib borayotgani kuzatilmoqda. Baʼzi siyosatchilar ikki yuzdan ortiq insonning hayotiga zomin boʻlgan mazkur hodisada AQShni ayblab, bayonotlar berishdi.
Mehnat va ijtimoiy xavfsizlik vaziri Sulaymon Soylu harbiy davlat toʻntarishi tashabbusi bilan bogʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri Amerika Qoʻshma Shtatlarini aybladi.
“Bu harbiy davlat toʻntarishining homiysi Amerikadir, uning ortida Amerika turibdi”, dedi Sulaymon Soylu hech ikkilanmay.
Al-Jaziraning turkcha boʻlimi bosh drektori Gurkan Zangin ham davlat toʻntarish tashabbusi AQShning ishi ekanligini taʼkidladi. Gurkanga koʻra, davlat toʻntarishi boshlangan tunda xuntachilar tarafidan berilgan bayonot Misr Xuntasi As-Sisiyning davlat toʻntarishi ortidan bergan bayonotning aynan oʻzginasidir.
Shuningdek, Vatan partiyasining raisi Dogʻu Perinchek davlat toʻntarishi urinishida AQShning qoʻli borligini bildirar ekan, “Rossiya samalyotini urib tushirganlar ham ana oʻshalar, bu aniq maʼlumot”, deya qoʻshimcha qildi.
Saodat Partiyasi Maslahat kengashining rahbari Ogʻuzhan Asilturk harbiy toʻntarish tashabbusi haqida “Bu toʻntarish ortida Amerika boshchiligida tashqi kuchlar bor”, deya bayonot berdi.
Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim esa jurnalistlarga bergan intervьyusida Fathulloh Gulenga boshpana bergan har bir davlat Turkiyaning dushmani boʻlishini aytdi. Ammo vazir AQShni aniq tilga olmadi.
Oʻz navbatida bunday bayonotlar AQShni bezovta qila boshladi. Qoʻshma Shtatlar Turkiyadagi davlat toʻntarishiga boʻlgan urinish ortida AQSh turgani haqidagi bayonotlarni rad qilib, bu ayblov Turkiya va AQSh oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarga putur yetkazishidan ogohlartirmoqda.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi bunday bayonotlardan Vashington bezovta boʻlayotganligini bildirdi. Kirbining taʼkidlashicha, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushogʻluga qoʻngʻiroq qilib, jamoatchilik oldida davlat toʻntarishiga boʻlgan harakatda AQShning qoʻli borligi haqida qilinayotgan daʼvolar butunlay yolgʻonligini hamda bunday bayonotlar AQSh-Turkiya aloqalariga aniq putur yetkazishligini bildirgan.