Zakot

544
0

بسم الله الرحمن الرحيم

Zakot

Zakot -الزكاة- lug‘atda o‘sish, ziyoda bo‘lish degan ma‘noni anglatadi. Zakot -الزكاة- deb nomlanishining sababi, u zakot beruvchining molni dunyoda o‘zidan keyin yanada ko‘payishiga va oxiratda unga savob bo‘lishiga sabab bo‘lganidan “o‘sish”, ya‘ni -الزكاة- “zakot” deb nomlandi. Shuning uchun uni berishdan qochish moliga talofat yetishiga sabab bo‘ladi va o‘zi gunohkor bo‘ladi.  Alloh Taolo aytadi:

Alloh Taolo aytadi:

}وَمَا أَنفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ{

– “Ne bir narsani infoq-ehson qilsangizlar, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur”.  [34:39]

}وَمَا تُنفِقُوا مِنْ خَيْرٍ فَلِأَنفُسِكُمْ وَمَا تُنفِقُونَ إِلاَ ابْتِغَاءَ وَجْهِ اللَّهِ وَمَا تُنفِقُوا مِنْ خَيْرٍ يُوَفَّ إِلَيْكُمْ وَأَنْتُمْ لاَ تُظْلَمُونَ{

– “Qanday yaxshilik (mol) infoq-ehson qilsangizlar, bas, o‘zingiz uchundir. Faqat Alloh yuzini istab yaxshilik infoq-ehson qilingiz! Qilgan har bir yaxshiligingiz sizlarga zulm qilinmagan holida o‘zingizga to‘la-to‘kis qaytariladi”.  [2:272]

Zakon beruvchini bergan zakoti poklaydi, Alloh Taolo aytadi:

}خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا{

– “(Ey Muhammad), siz ularning mollaridan bir qismini o‘zlarini poklab, tozalaydigan sadaqa sifatida oling”.       [9:103]

Zakot moli baytulmolga qo‘yiladigan mollar turiga kiradi. U boshqa turdagi mollardan yig‘ilishi, olinadigan miqdori va sarflanishi jihatidan farq qiladi. U faqat musulmonlarning mollaridan olinadi. Boshqalarnikidan yig‘ilmaydi. U umumiy o‘lpon emas, muayyan ibodat bo‘lib, Islomning bir rukni hisoblanadi. U mol bo‘lishi bilan birga uni ado qilish namoz, ro‘za, haj kabi ruhiy qiymatni ham vujudga keltiradi. Uni ado etish musulmonning gardanidagi farzi ayndir. U ummatdan yig‘iladigan boshqa mollar kabi davlatning ehtiyojlari, jamoaning manfaatiga qarab yig‘ilmaydi. Ehtiyoj bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat‘iy nazar baytulmolga berilishi shart. Musulmonning moliga zakot vojib bo‘lganda, undan soqit bo‘lmaydi. Qarzlari va ehtiyojlaridan tashqari moli nisobiga yetgan musulmonga zakot vojibdir. U musulmondan boshqaga vojib bo‘lmaydi. Go‘dakka ham, jinniga ham farz. Termiziy Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilishicha, Payg‘ambar (s.a.v):

“أَلَا مَنْ وَلِيَ يَتِيمًا لَهُ مَالٌ، فَلْيَتَّجِرْ فِيهِ، وَلَا يَتْرُكْهُ حَتَّى تَأْكُلَهُ الصَّدَقَةُ”

“Ogoh bo‘linglarki, kimki, moli bor yetimga vasiy bo‘lsa, molini aylantirib tursin. Uni zakot yeb yuborishiga qo‘yib bermasin”, deganlar. Ya‘ni zakotga to‘lanaverib, moli yo‘q bo‘lib ketmasin, deganidir. Zero, zakot molning ustiga vojibdir. U jasadiy emas, moliyaviy ibodatdir.

Olinadigan zakot miqdori aniq bo‘lib, kamaymaydi ham, ko‘paymaydi ham. Tilla, kumush, tijorat mollaridagi miqdori qirqdan birdir. Zakot nisobi yetgan moldan olinadi. Nisob ikki yuz dirham kumush yoki yigirma misqol oltin bilan belgilanadi. Tillaning misqoli – shar‘iy dinorga teng. Uning vazni yigirma qiyrot (karat), ya‘ni 4,25 gramm. Shunga ko‘ra, nisob tilla bilan o‘lchanganda 85 gramm oltinga to‘g‘ri keladi. Kumush dirham esa 2,975 gramm. Demak, nisob kumush bilan o‘lchanganda 595 gramm kumushga to‘g‘ri keladi. Mol nisobga yetmasa, undan hech narsa olinmaydi. Bug‘doy kabi donlar, tuya, sigir qo‘y kabi chorvalarning nisobi, miqdorini va ulardan qancha olinishi kerakligini faqihlar mufassal bayon qilganlar.

Zakot sarflanadigan joylar ham aniq belgilangan. U Alloh Qur‘onda zikr qilgan sakkiz sinfdan boshqasiga sarflanmaydi. Alloh Taolo aytadi:

}إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ{

– „Albatta, sadaqalar (ya‘ni zakotlar) faqat faqirlarga, miskinlarga, zakot yig‘uvchilarga, ko‘ngillari (Islomga) oshna qilinuvchi kishilarga, va qullarni ozod qilishga, qarzdor kishilarga va Alloh yo‘lida (jihodga) hamda musofirlarga berilur“.   [9:60]

  1. Puli boru, lekin xarajati ko‘p kishilar faqirlardir.
  2. Umuman puli yo‘q, kirimi ham yo‘qlar esa miskinlardir. Alloh Taolo aytadi:

}أَوْ مِسْكِينًا ذَا مَتْرَبَةٍ{

– „Yoki muhtoj bechora-miskin“.             [90:16]

  1. Zakot yig‘uvchilar uni yig‘ish va tarqatish bilan shug‘ullanadigan kishilardir.
  2. Dillari dinga oshno qilinuvchi kishilar – davlat, zakot berilsa, musulmonligi yanada mustahkamlanadi, deb o‘ylagan kimsalardir.
  3. Qullarni ozod qilish uchun ham zakot beriladi. Zakot oluvchilarning bu sinfi hozirda mavjud emas.
  4. Qarzdorlardan murod, qarzini uzolmayotgan qarzdorlardir.
  5. Allohning yo‘lida, degani, jihod uchun, deganidir. Qur‘onda: {فِي سَبِيلِ اللَّهِ} degan so‘z sarflashga aloqador bo‘lsa, jihod, ma‘nosini bildiradi.
  6. Yo‘lovchidan murod, uzilgan (ya‘ni, mol-mulki, yurtidan yiroqdagi) musofirdir.

Shu sakkiz sinfdan boshqasiga zakot pulidan berilmaydi. U davlatning iqtisodiy ishlariga sarflanmaydi. Mazkur sakkiz sinfdan birortasi topilmay qolsa, zakot sarflanmasdan baytulmolda saqlanib turaveradi. Hojat tushganda, ya‘ni sakkiz sinfdan biri topilganda beriladi.

Zakot xalifa yoki uning vakiliga topshiriladi. Chunki Alloh Taolo:

}خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا{

– „(Ey Muhammad), siz ularning mollaridan bir qismini o‘zlarini poklab tozalaydigan sadaqa sifatida oling“,        [9:103]

dedi. Abu Bakr ham odamlardan kambag‘allarga berasizlarmi, bermaysizlarmi, deb o‘tirmasdan zakot berishlarini talab qilgan. Sahobalar unga e‘tiroz bildirmaganlar. Zakot berishdan bosh tortishgach, ularga qarshi urushgan. Zakotni haqdorga faqat musulmonlarni ishini boshqarish zimmasida bo‘lgan imom, ya‘ni xalifa beradi, xolos. Hatto, voliylar zolim bo‘lsalar ham ularga topshiriladi. Suhayl ibn Abu Solih rivoyat qiladi: “Sa‘d ibn Abu Vaqqosning oldiga kelib, mening molim bor, zakotini chiqarmoqchiman, anavilarni o‘zing ko‘rib turibsan, menga nima maslahat berasan, dedim. U, o‘shalarga beraver, dedi. Ibn Umarning oldiga borgan edim, u ham shu gapni aytdi. Abu Hurayraning oldiga borgan edim, u ham shu gapni aytdi. Abu Saidning oldiga borgan edim, u ham shu gapni aytdi”. Bu rivoyatni “Mug‘niy”ning muallifi aytgan.

(Agar musulmonlarni ishini boshqarish zimmasida bo‘lgan xalifa bo‘lmasa, u holda yuqoridagi sakkizta qismga kirgan birortasiga berish musulmonlarning ahvolini, ya‘ni ulardagi kufr va zulmlarni yo‘qotib, yana islomiy hayotni qaytarish uchun xarakat qilayotganlarga topshirish kerak. Zakot beruvchi moli bilan ham shu ishga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘ladi. Ya‘ni ham zakot farzini ado qilgan bo‘ladi, ham islomiy hayotni qaytarish uchun yordam qilgan bo‘ladi).

Zakot zimmiy bo‘lish – bo‘lmasligidan qat‘iy nazar kofirga mutlaqo berilmaydi. Chunki Payg‘ambar(s.a.v)Muoz ibn Jabalni Yamanga yuborayotganlarida:

“فَأَعْلِمْهُمْ أَنَّ اللهَ اِفْتَرَضَ عَلَيْهِمْ صَدَقَةً فِى أَمْوَالِهِمْ، تَؤْخُذُ مِنْ أَغْنِيَائِهِمْ، وَتَرُدُّ عَلَى فُقَرَائِهِمْ”

“Ularning mollariga boylaridan olinib, kambag‘allariga beriladigan sadaqa (zakot)ni Alloh farz qilganini ularga bildirib qo‘y”, dedilar. Bu hadisni Buxoriy ibn Abbosdan rivoyat qilgan. Unda Payg‘ambar (s.a.v)zakotning vojibligini musulmonlarning boylariga xoslaganlaridek, sarf etilishini musulmonlarning kambag‘allariga xoslayaptilar. Lekin ko‘ngildan chiqarib beriladigan sadaqani kofirga berish ham joiz. Alloh Taolo aytadi:

}وَيُطْعِمُونَ الطَّعَامَ عَلَى حُبِّهِ مِسْكِينًا وَيَتِيمًا وَأَسِيرًا{

– „Taomni suyub-xohlab tursalar-da, (o‘zlari yemasdan) miskin, yetim va asirlarni taomlantirurlar“,       [76:8]

U paytda kofirdan boshqa asir bo‘lmagan. (“Iqtisod nizomi” kitobidan olindi).

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.