
Amerikada yetakchi universitetlarda instruktor bo‘lib kelgan va hozirda Misr va Suriyadagi davlat ishlari bo‘yicha mutaxassis hisoblangan Joshua Stacher Misr prezidentining taxti qimirlab qolganligini bashorat qilmoqda. Stacherga ko‘ra, hozirda Misr Muborakning davridan ham yomon ahvolga tushib qolgan.
“As-Sisi qayergacha borsa borsin, u tor fikrli generallar ichida qoldi. Endi u mamlakatni barbod qilgan ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlikdan qochib qutula olmaydi. Misr xalqining talablari qondirilmadi. Misrliklar yangi tarixda eng repressiv hokimiyat boshqaruvi ostida yashashmoqda. Buning ustiga, politsiya tomonidan qo‘llanayotgan zo‘ravonliklar kundalik holga aylangan. Hukumat zo‘ravonlik bilan muxolifatning ovozini o‘chirish va nomoyishlarni oldini olish mumkin, deb o‘ylaydi. Lekin bu ahvol zo‘ravonlik qilayotgan politsiya kuchlariga, sud qilinmay qatl etishlarga va umumiy adolatsizlikka qarshi kutilmagan norozilik to‘lqiniga sabab bo‘lmoqda. Bugungi kunda har bir holat 2011 yilda qulatilgan Muborak rejimidan ham xavfliroqdir. Davlat juda mo‘rt holga kelgan.” deydi mutaxassis Joshua Stacher.
Ayni payda Misrda davlat to‘ntarishi orqali Muhammad Mursiyni ag‘darib, uning taxtini egallagan Prezident Abdulfattoh as-Sisi so‘ngi paytlarda inson huquqlariga nisbatan o‘ziga qaratilgan tanqidlarga javob qaytardi. Bu haqida Misrda juda ko‘p sonda chop etiladigan Al-Ahram gazetasi xabar tarqatdi. Gazetaga ko‘ra, Qohirada AQSh Kongressiga qarashli hay‘at bilan uchrashgan as-Sisi G‘arbdagi inson huquqlari va erkinliklar tarzi Misr sharoitiga mos kelmasligini ma‘lum qilgan.
“O‘lka va mintaqa sharoitlari tufayli G‘arbdagi inson huquqlari va fuqarolar erkinligi Misrning talablariga mos kelmaydi. Misrda inson huquqlari va fuqarolik erkinliklarga G‘arb nuqtai nazaridan turib qaramaslik lozim”, dedi as-Sisi.